Jahon | 17:39 / 17.01.2023
16627
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya - mening mamlakatim. Men zulmat chekinishiga ishonaman». Aleksey Navalniyning qamoqdan maktubi

U ikki yildan buyon qamoqda qolmoqda.

Yevgeniya Novojyenina / Reuters / Scanpix / LETA

2023 yil 17 yanvar kuni Aleksey Navalniy zaharlanishdan keyin Germaniyada davolanib, Rossiyaga qaytgach, rasmiylar tomonidan soxtalashtirilgan jinoyat ishlari bo‘yicha qo‘lga olinganiga ikki yil bo‘ldi. O‘shandan buyon muxolifatchi hibsda qolmoqda. Bugun Navalniyning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida uning qo‘lga olinishiga ikki yil to‘lgani munosabati bilan yozilgan postlar paydo bo‘ldi. Quyida uning so‘zlari to‘liq keltiriladi.

Bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam men Rossiyaga qaytgandim. Va roppa-rosa ikki yilni men qamoqda o‘tkazdim. Va, bunday post yozayotganingda, istasang istamasang, o‘zingga shunday savol berasan: bunday yubiley postlardan yana qanchasini yozishga to‘g‘ri kelarkan?

Ammo hayot va atrofda bo‘layotgan hodisalar javobga ishora qiladi: ha, qancha kerak bo‘lsa ham. Bizning baxtsiz, horg‘in vatanimiz qutqarilishga muhtoj. U talangan, yaralangan, tajovuzkor urush botqog‘iga tortilgan va eng vijdonsiz hamda eng yolg‘onchi odamlar boshqaradigan qamoqxonaga aylantirilgan. Bu to‘daga har qanday qarshilik — mening hozirgi cheklangan imkoniyatlarimda ramziy bo‘lsa ham — muhim.

Xuddi ikki yil oldin bo‘lgani kabi, men shunday deyman: Rossiya — mening mamlakatim. Men shu yerda tug‘ilib o‘sganman, ota-onam shu yerda, men shu yerda oila qurdim — sevimli insonimni topdim, farzandlarim dunyoga keldi. Men to‘la huquqli fuqaroman va o‘zim kabi fikrlovchilar bilan birlashishga va siyosiy faoliyat olib borish huquqiga egaman. Va biz ko‘pchilikmiz, biz sotilgan sudyalar, yolg‘onchi propagandachilar va Kreml o‘g‘rilaridan ko‘pligimiz aniq.

Men ularga o‘z vatanimni berib qo‘ymoqchi emasman va zulmat chekinishiga ishonaman. Ammo bu davom etar ekan, men qo‘limdan kelganini qilaman, buni to‘g‘ri qilishga harakat qilaman va barchani tushkunlikka tushmaslikka chaqiraman.

Rossiya baxtiyor bo‘ladi!

Mavzuga oid