O‘zbekiston | 17:07 / 27.01.2023
19044
7 daqiqa o‘qiladi

Sudlar mustaqilligi, sudyalarga yuklama va ularga hurmatsizlik - sudyalar bilan suhbat

16 yanvardagi farmon asosida, sudlarning moliyaviy mustaqilligi oshiriladigan bo‘ldi. Sudga hurmatsizlik uchun javobgarlik esa kuchaytiriladi. Kun.uz muxbiri sudlar faoliyati va boshqa masalalar yuzasidan Oliy sud sudyasi Uchqun Ro‘ziyev hamda Shayxontohur tuman sudi sudyasi Hasan Ochilov bilan suhbatlashdi.

— Bir necha yil avval bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda sudyalar soni qancha ekanini so‘raganimizda, 1300 ga yaqin sudyalar bor ekanini aytishgan. Yaqinda sudyalar oliy s’yezdida ham bu masala ko‘tarildi. Aytilishicha, O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 4 ta sudya to‘g‘ri kelar ekan. Bilamizki, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar turi va xodimlari soni judayam ko‘p, lekin sudyalar soni ancha kam. Bunga sabab nima? Sudyalar soni kamligi ularga yuklamaning ko‘pligi va ish sifati tushishiga olib kelmayaptimi?

Uchqun Ro‘ziyev, Oliy sud sudyasi, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati a’zosi:

— To‘g‘ri, 1300 ga yaqin sudyalar bor va deyarli barcha sudyalik lavozimlari band. Taxminan 1 foiz atrofida vakansiya mavjud – bu tabiiy holat. Aholi soniga nisbatan sudyalar soni kamligi to‘g‘risida mutaxassislar ham, keng jamoatchilik ham gapiryapti. Ish yuklamasining ko‘pligi va shtat birliklarini ko‘paytirish orqali yuklamalarni kamaytirish masalasi bor. Bu borada takliflar ham berilyapti. O‘ylaymanki, yaqinda qabul qilingan farmon doirasida sudyalar shtat birligini ko‘paytirish masalasi ham muhokama qilinadi.

Xalqaro tadbir doirasida Moldovaning Oliy sud sudyalari bilan suhbatlashganimizda u yerda 3 mlndan ortiqroq aholi yashashi va Oliy sudda 65 nafar sudya faoliyat yuritishini aytishdi. Bizning Oliy sudda esa 70 dan ortiq sudya faoliyat yuritadi. Bu narsalar oliy sudlovning sifatiga ta’sir qilishi tabiiy. Chunki hujjatlar, dalillarni solishtirib, tekshirib, tahlil qilish uchun katta vaqt talab qilinadi.

Farmon doirasida qisqa strategiya belgilangan. Aynan nechta sudya kerakligi, ehtiyojga qarab ko‘paytirish borasida muhokama bo‘lyapti. Shu yili boshlanadi va amalda ko‘ramiz buni.

Hasan Ochilov, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi:

— Ishlar avvalo birinchi instansiya sudida ko‘riladi. Katta miqdordagi ishlar tuman sudlarida ko‘rilgani uchun hozirda sudlarimizda ish hajmi yetarli. Shuning uchun sudyalar ish hajmi ko‘pligidan har bir ish vaqtini nazoratda ushlab turishi kerak bo‘ladi. Yo‘qsa, protsessual muddatni buzishi mumkin.

Bir narsaga e’tibor berish kerak: ish hajmi butun respublikada bir xil emas. Hududiylik nuqtayi nazaridan ham yondashish lozim. Asosan ish hajmi ko‘pligi megapolislarga – Toshkent, Samarqand shahri, viloyatlar markaziga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan ham hududiylik prinsipidan kelib chiqib, hududlarga ehtiyoji doirasida alohida munosabat asosida shtatlarni tuzish masalasi ko‘rilyapti.

Yuqorida aytilgandek, shu yildan boshlab shtat masalasida o‘zgarishlar bo‘ladi. Bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichida yuklamalarni (ayniqsa, tuman va shahar sudlarida) kamaytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishi aniq belgilangan.

O‘zimning tajribam asosida aytadigan bo‘lsam, bir kunda to‘rtta ish ko‘rish mumkin eng ko‘pi bilan. Umuman, ishning hajmiga qarab bo‘ladi bu narsalar.

— Farmonda har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish kerakligi haqida maqsad qo‘yilgan. Xo‘sh, nima deb o‘ylaysiz, bugun oddiy aholi sud va sudyalar siymosida o‘zining himoyachisini ko‘radimi?

Uchqun Ro‘ziyev: — Muhokamalarga sabab bo‘ladigan savol bu. Fuqarolarimiz ijtimoiy tarmoqlarda sud tizimiga bo‘lgan munosabatlarini ochiq-oydin bildirishyapti. Bular orasida ham ijobiy, ham salbiy fikrlar bor, ishonch ham, ishonchsizlik ham bor. Men hozirgi kunda ishonch qay darajada ekaniga e’tibor qaratmoqchiman. Taxminan 10 yil ilgari viloyat sudida sudya bo‘lib ishlaganimda “bu sudlarga ishim tushmasin hech qachon”, degan o‘y bo‘lardi. Chunki u paytda sudlarda umuman mustaqillik yo‘q edi. Va norozilar ham o‘z fikrini bildirolmas edi.

Hozirgi kundagi ba’zi ishonchsizliklar sabab sud xalq ishonchini qozona olmabdi, degan fikr kelishi noto‘g‘ri. So‘nggi yillardagi sud tizimidagi islohotlarning barchasi fuqarolar roziligiga erishish uchun. Bunga faqatgina adolatli sud qarorlarini chiqarish yo‘li bilan erishiladi. Biz OAVga chiqib, qilgan ishlarimizni aytishimizdan foyda yo‘q, xalq ishonmaydi. Biz chiqaradigan qarorlar – biz uchun berilgan baho. Faqat shu qarorlar bilan biz xalq ishonchiga erishishimiz yoki yo‘qotishimiz mumkin.

Ishonch uchun esa haqiqiy mustaqil sud tizimi kerak. Ya’ni har qanday aralashuv, bosimlarning oldini olish va sudning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash.

Sudyalarning oylik maoshi masalasi uzoq yillar muhokama qilingan masala. Ikki-uch yil oldin bu masala ijobiy hal bo‘ldi. Birgina shu moddiy ta’minot masalasi ijobiy hal bo‘lishi sudyalar mustaqilligiga ancha ta’sir o‘tkazdi. Buning ortidan tizimdagi korrupsion holatlar keskin kamaydi. Bu narsa uzoq yillar shu sohada samarali faoliyat yuritish uchun zamin yaratdi. Mustaqil bo‘lib, har qanday tashqi ta’sirdan xoli bo‘lgan sudyalar adolatli qaror chiqaradi.

Hasan Ochilov: — Sud – oxirgi qarorni chiqaruvchi. Shuning uchun ham fuqarolar sud va sudyalar siymosida o‘zining haqiqiy himoyachisini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Tergov jarayonlarida, dastlabki bosqichlarda shaxsda “meni himoya qiladigan sud bor-ku”degan fikr bo‘lishi kerak.

Bu yerda bir narsa bor yana. Agar sudda taraflar bo‘ladigan bo‘lsa, aybsiz kishi suddan xursand bo‘ladi, aybdor esa norozi. Ikki tomon ham ikki xil talqin qiladi va o‘sha nuqtayi nazardan baho beriladi. Sud himoyachi deganda, hammani oqlashni tushunmaslik kerak, aybdor odam jazolanishi lozim. Sud qarorlarini muhokama qilganda esa o‘sha sud qarorini muhokama qilish kerak, sudyani emas.

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.

Mavzuga oid