Rossiyaning Xitoyga qaramligi kuchaymoqda. Dollarni yuanga almashtirish ortida qanday xavflar mavjud?
Rossiya rasmiylarining Xitoy Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishi borasida qilgan umidlari ro‘yobga chiqmadi. Xitoy sanksiyalarga qo‘shilmadi, lekin joriy qilingan taqiqlarga ehtiyotkorlik bilan amal qildi. Rossiyaning Xitoyga iqtisodiy qaramligi esa kuchayib bordi.
Urushni davom ettirayotgan Rossiya uchun asosiy muammolardan biri bu tashqi savdo hisob-kitoblarini qanday hal qilish masalasidir. Rossiyaning yirik banklari SWIFT tizimidan uzib qo‘yildi, transchegaraviy operatsiyalar uchun kanallar soni keskin kamaydi, dollar va yevroda valuta operatsiyalarini amalga oshirish ancha qiyinlashdi. Hukumat eksport uchun pul olish va import uchun to‘lovni amalga oshirishning yangi sxemalari va yechimlarini izlashga majbur bo‘ldi.
Agar 2022 yil bahorida urush uzoq davom etmasligi va avvalgi tartiblarga qaytish mumkinligi haqida hali ham kichik umid bo‘lgan bo‘lsa, hozir vaziyat juda chigal. Kreml ayni vaqtda hatto Eronda keng tarqalgan «havala» to‘lov tizimidan foydalanish masalasini muhokama qilishga ham tayyor, bu tizim pul yuvishga qarshi qonunlar tufayli ko‘plab mamlakatlarda noqonuniy hisoblanadi.
Hukumat va biznes milliy valutada operatsiyalar amalga oshirish, barter, naqd to‘lovlar va boshqa sxemalarga o‘tishga harakat qildi, biroq 2022 yil uchun tizimli yechim topilmadi. Ammo ushbu qidiruvlar davomida allaqachon aniq trend shakllandi: asosiy e’tibor kriptovalutalarga va to‘lovlarni yuanlashtirishga qaratildi. Bu esa, o‘z navbatida Rossiya iqtisodiyotining barcha xavflar bilan birga Xitoy valutasiga qaramligini tez sur’atlar bilan oshirib boryapti.
Dollardan yuanga
Iqtisodiy mustaqillik Vladimir Putin dunyoqarashiga ko‘ra, suverenitet asoslaridan biridir. G‘arb moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash orqali Rossiyaning ushbu sohadagi zaifligini ko‘rsatdi, ya’ni Rossiya hukumati uchun hozirda asosiy vazifa dollarni chetlab o‘tgan holda (ya’ni Amerika banklaridagi vakillik hisoblarisiz), boshqa davlatlar bilan hisob-kitob qilish imkonini beradigan yangi yechim yaratishdir.
Agar hisob-kitob mexanizmi, qoida tariqasida, moliyaviy ma’lumotlarni uzatishning an’anaviy kanallaridan mustaqil bo‘lsa bu yanada yaxshi xabar. Chunki bunday tizim sabab sanksiyalar, jurnalistlarning e’tibori va boshqa yoqimsiz narsalardan qo‘rqishga hojat qolmaydi.
Biroq Kreml dollardan mustaqillik haqida xayol surayotgan bir paytda, reallikda muqobil variantlar yo‘qligi Rossiya firmalarini rubl va Xitoy yuanidagi operatsiyalarni amalga oshirishga majbur qilmoqda.
Urushdan oldin ham Rossiya banki Rossiya moliya sektorining Moskvaga qarshi sanksiyalar qo‘llagan G‘arb davlatlari valutalariga, birinchi navbatda, AQSh dollariga bog‘liqligini kamaytirish yo‘lidan borayotgandi.
Urush boshlanib, sanksiyalar kengaytirilgach, bu jarayonni tezlashtirishga to‘g‘ri keldi. 2022 yilning uchinchi choragida Rossiya bank tizimidagi valuta aktivlari darajasi 15 foizga tushib ketdi, bu tarixdagi eng past qiymat bo‘ldi. To‘qqiz oy ichida Rossiya bozorida dollardagi hisob-kitoblar ulushi 52 foizdan 34 foizga, yevrodagi amaliyotlar esa 35 foizdan 19 foizga kamaydi. Ularning o‘rnini rubl (12,3 foizdan 32,4 foizgacha) va yuandagi (0,4 foizdan 14 foizgacha) hisob-kitoblar egalladi. Yuanning ulushi birja savdolarida ham keskin oshdi — 3 foizdan 33 foizga.
Dollar va yevrodan foydalanish xavfini minimallashtirish istagi firmalarni savdo operatsiyalari uchun yuandan tobora ko‘proq foydalanishga majbur qildi, banklar yuan vositalarini taklif qila boshladi, kompaniyalar Xitoy valutasida obligatsiyalar chiqardi. 2023 yilda Moliya vazirligi budjet yuritish qoidasini yangilaydi. Budjetning neft va gaz daromadlari 8 trillion rubldan o‘tgandan keyingina vazirlik ochiq bozorda valuta sotadi yoki sotib oladi.
13 yanvardan 6 fevralgacha 54,5 milliard rubllik valuta sotish rejalashtirilgan. Valuta operatsiyalari uchun asos Moliya vazirligi hisobvaraqalaridagi taxminan 3,1 trillion rublni tashkil etadigan yuandagi likvid aktivlar (Milliy boylik jamg‘armasining likvid aktivlari tarkibidagi taqsimlash uchun mavjud bo‘lgan jami mablag‘ning 40 foizdan ortiq qismi) bo‘ladi. Bu miqdor hozircha katta emas va Rossiyadagi so‘nggi uch oydagi yuan aylanmasining atigi 3 foizini tashkil qiladi, xolos. Ammo umuman olganda, rubl kursi uchun bu o‘zgaruvchanlikning pasayishini anglatadi.
Moliya vazirligi operatsiyalari valuta tebranishlarini yumshatadi, neft narxi o‘zgarishi ortidan valuta kursida keskin sakrashlar kamroq bo‘ladi hamda ular firmalar va aholini bezovta qilmaydi, inflyatsion kutilmalarni pasaytiradi. Ammo Moliya vazirligi endilikda Xitoy valutasining barqaror manbasiga muhtoj. Moskva birjasida esa yuan tanqisligi yangi yil ta’tili oldidan allaqachon kuzatildi.
2022 yil oxirida Moliya vazirligi Milliy boylik jamg‘armasining (Rossiya davlat zaxira fondi) valuta tarkibiy qismi tuzilmasini ham qayta ko‘rib chiqdi: yuanning maksimal ulushi ikki baravarga oshib, 60 foizni tashkil qildi. Agar Rossiya 2023 yilda neft va gazdan qo‘shimcha daromad olishga muvaffaq bo‘lsa, u holda ularni dollar va yevroda emas, yuanda jamg‘aradi.
Rossiya hukumati faxrlanib ta’kidlayotgan dollarsizlashtirish aslida yuanlashtirishga aylanmoqda. Rossiya yuan valuta maydoniga intilmoqda va dollarga qaramlikni yuanga qaramlikka almashtirmoqda. Bunday almashuvni ishonchli deb atash qiyin: Rossiya zaxiralari va to‘lovlariga Xitoy kommunistik partiyasi va Xitoy Xalq bankining valuta kursini boshqarish bo‘yicha qarorlari bevosita ta’sir qiladi. Va agar Kremlning Pekin bilan munosabatlari yomonlashsa, zaxiralarni yo‘qotish yoki to‘lovlarni to‘xtatish xavfi yana paydo bo‘ladi.
Yuanning globallashuvi
Xitoydagi kapital operatsiyalari bo‘yicha mavjud cheklovlar tufayli yuan to‘liq zaxira valutasiga aylana olmaydi. Uning global zaxiralardagi ulushi (atigi 3 foiz) dollar (60 foiz) va yevro (20 foiz) gegemonligi fonida arzimas ko‘rinadi. Ammo Xitoyga yirik energiya eksport qiluvchi va u yerdan turli tovarlarni import qiluvchi Rossiyaning yuanga tobora ortib borayotgan qaramligi Xitoy hukumatiga yuanni xalqaro darajaga olib chiqishga yordam bermoqda. Oktyabr oyida Moskva Xitoydan tashqarida yuan bilan savdo qilish hajmi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Aprel oyida shahar bu borada o‘n beshtalikka ham kirmas edi.
Yuanning globallashuvi o‘ziga xos yo‘lga ega. Bu uning boshqa mamlakatlar zaxiralaridagi ulushining o‘sishi orqali emas, balki berilgan hisob-fakturalar va to‘lovlar soni ko‘payishi orqali amalga oshiriladi. Mamlakatlar Xitoy bilan qanchalik ko‘p savdo qilsa, ularning zaxiralaridagi yuanning ulushi ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Xitoy yuandagi savdoni rag‘batlantirishda juda mohir, bunda u panda obligatsiyalari, Xitoy taraqqiyot banklari kreditlari, global kliring tarmog‘i va CIPS to‘lov tizimidan (SWIFT’ning analogi) foydalanadi.
Xitoy valutasi global to‘lovlarda dollar, yevro, ingliz funti va yapon iyenasidan so‘ng barqaror ravishda beshinchi o‘rinni egallaydi (iyenaga deyarli yetib olgan). Savdo ekspansiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun boshqa mamlakatlar bilan yuan swap-liniyalarini ochish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar tuzilmoqda — Xitoy Xalq banki hozirda kamida 39 ta davlat markaziy banki bilan shunday kelishuvlarga ega bo‘lib, ushbu bitimlarning umumiy qiymati 3,7 trillion yuanga (550 milliard dollar) teng.
Favqulodda likvidlik liniyasi sifatida swap liniyalaridan foydalanadigan AQSh Federal zaxira tizimidan farqli o‘laroq, Xitoy Xalq banki ularni savdoni qo‘llab-quvvatlash vositasi sifatida ko‘radi. swap’lar hajmi odatda shartnoma imzolagan mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotiga nisbatan ancha katta.
Rossiyalik siyosatchilar yuanning xalqaro ekspansiyasi dollar qulashiga olib kelishini aytishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo aslida bunday emas. Yuanning globallashuvi qanchalik kuchaysa, Xitoy hukumatining dollar zaxiralariga bo‘lgan ehtiyoji ham shunchalik ortadi. AQSh valutasi Xitoy hukumatiga ofshor bozorlarda, birinchi navbatda Hongkongda yuanning bashorat qilinadigan kursini qo‘llab-quvvatlash uchun kerak.
Shunday qilib, yuanning zaxira valutasi sifatida kuchayishi dollarning zaiflashishiga olib kelmaydi, aksincha, valutalar bir-birini to‘ldiradi. Moskva uchun bu birinchi navbatda Pekin dollarga nisbatan salib yurishida unga yomon ittifoqchi bo‘lishini anglatadi.
Kriptovaluta bo‘yicha hamkorlar
Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik kriptovalutalar bozorida ham o‘smoqda. Hozircha Rossiya faqat tashqi savdo operatsiyalarida kriptovalutalar bilan to‘lov usulini sinovdan o‘tkazmoqda. Ammo Markaziy bank 2023 yilda transchegaraviy hisob-kitoblarni raqamli rublda — milliy raqamli valutada (CBDC) olib borish rejasini ishlab chiqmoqda. Hozirda ikkita variant bor, birinchisi — banklar o‘rtasidagi vakillik hisoblarining muqobili sifatida CBDC platformalarini integratsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar tuzish, ikkinchisi — davlatni, unda ishlaydigan turli mamlakatlarning raqamli valuta platformalari o‘rtasidagi to‘lovlarni amalga oshiradigan yagona integratsiya platformasiga ulash.
Birinchi variant juda qulay: raqamli rubldan pul o‘tkazmalari yoki import uchun qisman to‘lov kabi transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanish mumkin. Ushbu variantdagi maqsadlar va summalar xalqaro shartnomalar bilan cheklanishi mumkin.
Ikkinchi variant texnologik jihatdan ilg‘orroq: platforma namunaviy standartlar va o‘zaro aloqa protokollariga ega bo‘ladi va shunga mos ravishda milliy raqamli valutasi kamroq rivojlangan davlatlar ularga muvofiq hamkorlik qiladi.
Ushbu CBDC varianti ma’lum xavflarni ham o‘z ichiga oladi: fiat valutaga (kursi bozor, bank zaxiralaridan emas, hukumat tomonidan ta’minlanuvchi valutalar) bog‘langan xorijiy raqamli milliy valutalar beqaror inflatsiya va valuta kurslari mavjud bo‘lgan mamlakatlarda faol jamg‘arma to‘plashi yoki to‘lovlarni CBDC’da to‘lashni rag‘batlantirishi mumkin.
Faqatgina Xitoy Rossiya uchun ikkala variantda ham sherik bo‘lishi mumkin. Xitoyda Alipay va WeChat Pay platformalari orqali raqamli tranzaksiyalar hajmi 2019 yilning birinchi yarmida 166,1 trillion yuanga (23,8 trillion dollar) yetgan edi. Bundan tashqari, Xitoy ikki yildan beri CBDC’ning prototipi bo‘lgan E-CNY’ni ichki pulning uchinchi shakli sifatida sinab ko‘rmoqda. 2022 yil kuz fasli o‘rtalarida xitoyliklarning 140 millionga yaqini E-CNY raqamli hamyoniga ega bo‘ldi va undagi tranzaksiyalar 62 milliard yuandan (9 milliard dollar) oshdi. Texnologik jihatdan rivojlangan Pekin, katta ehtimol bilan, platformaning ishlashi uchun o‘z shartlari va qoidalarni qo‘yadi, Moskva esa ikkinchi darajali rolga o‘tadi.
Strategik qullik
Rossiya rahbariyati Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik haqida gapirishni yaxshi ko‘radi va o‘zaro hamkorlikning chegarasi yo‘qligini ta’kidlaydi. Aslida esa, bu hamkorlik tobora kuchayib borayotgan iqtisodiy qaramlikka aylanmoqda.
Rossiya Xitoy tovarlari uchun ancha likvid bozor va G‘arb sanksiyalari tufayli Xitoy Rossiyaning asosiy savdo sherigiga aylandi. Xitoy firmalari parallel import dasturlariga qo‘shilib, Rossiyani tark etgan G‘arb kompaniyalari o‘rnini egallashga harakat qilmoqda. Misol uchun, Rossiya avtomobil bozorida hozirda faqatgina 14 ta brend qolgan va ulardan 11 tasi Xitoyniki.
Xitoyning UnionPay to‘lov tizimi rossiyaliklar uchun chet elda karta bilan to‘lov qilishning yagona yo‘lidir. 2022 yil oxiriga kelib Xitoy Rossiya tovar importining 40 foizdan ortig‘ini ta’minlay boshladi. Xitoydan yetkazib beriladigan ta’minotga qaramlik ko‘lami bo‘yicha Rossiya Shimoliy Koreyadan keyin ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Rossiya rasmiylarining Xitoy Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradi, degan umidlari amalga oshmadi. Xitoy sanksiyalarga qo‘shilmadi, lekin joriy qilingan cheklovlarga ehtiyotkorlik bilan amal qildi. Bu paytda Rossiyaning Xitoyga iqtisodiy qaramligi yanada kuchayib bormoqda. Demak, Kreml o‘zining «Sharqqa burilishi» siyosatida hatto o‘z rejalariga zarar yetkazgan taqdirda ham Xitoyning geoiqtisodiy manfaatlarini hisobga olishga majbur bo‘ladi.
Mavzuga oid
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
18:17 / 08.11.2024
AQSh ortidan Britaniya ham O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi
22:23 / 30.10.2024
AQSh Rossiya «do‘stlariga» qarshi sanksiyalar kiritdi
20:56 / 14.10.2024