“O‘g‘it me’yori va muddatini belgilovchi qonun loyihasi tayyorlanadi" – vazirlik Kun.uz’dagi intervyu bo‘yicha munosabat bildirdi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir muddat avval O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sarfi bo‘yicha Kun.uz saytida e’lon qilingan intervyu yuzasidan munosabat bildirdi.
Intervyuda jumladan, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent Murod Karimov ekinlarga berilayotgan o‘g‘itlarning samarasiz va noto‘g‘ri qo‘llanayotganini tanqid qilgan edi.
“Intervyuda ko‘tarilgan masalalarga muvofiq, respublika qishloq xo‘jaligi ekinlariga talab etiladigan hamda ishlab chiqarilayotgan va ajratilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdori tahlil qilinib, quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Izoh: Ilmiy asoslangan talab deyilgani bu ekilayotgan har bir qishloq xo‘jaligi ekinining vegetatsiya davrida yoki hosilni yig‘ishtirib olgunga qadar, ekinlarni tuproqdan olib chiqib ketadigan mineral o‘g‘it miqdorlari degani.
Shunga muvofiq, 2023 yil hosili uchun ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini mineral o‘g‘itlar bilan ilmiy asoslangan me’yorlari bo‘yicha oziqlantirish uchun sof holda 1 mln 28 ming tonna (gektariga 206 kg) azotli, 727 ming tonna (gektariga 146 kg) fosforli va 358 ming tonna (gektariga 72 kg) kaliyli o‘g‘itlar talabi mavjud.
Vazirlar Mahkamasining “2023-2025-yillarda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish balansi to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasida qishloq xo‘jaligiga mahalliy kimyo korxonalari tomonidan sof holda 875 ming tonna (talabga nisbatan 85 foiz ya’ni gektariga 175 kg) azotli, 157 ming tonna (21 foiz ya’ni gektariga 31 kg) fosforli va 80 ming tonna (22 foiz ya’ni gektariga 16 kg) kaliyli mineral o‘g‘itlar ajratilishi nazarda tutilgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinmoqdaki, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan belgilangan rejadagi hosilni yetishtirish uchun ilmiy asoslangan talabga muvofiq, mineral o‘g‘itlar tabaqalashtirilgan holda belgilangan muddatlarda kiritilishi hisobidan rejalashtirilgan hosilni yetishtirishga erishiladi. Aks holda yalpi hosil miqdori kamayib, sifat ko‘rsatkichlari pasayishiga olib keladi”, – deyiladi vazirlik munosabatida.
Unda shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlariga berilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdorini bosqichma-bosqich kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tilgan.
“Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z tizimidagi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda, har yili qishloq xo‘jaligi ekinlariga berilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdorini bosqichma-bosqich kamaytirib borishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, paxta-g‘alla-dukkakli, paxta-beda, siderat ekinlarini ekib, erta bahorda ko‘k o‘g‘it sifatida yerga shudgor qilib tashlash lozim. Shuningdek, shudgor ostiga gektariga 25-30 tonna mahalliy o‘g‘it kiritish hamda tuproq xususiyatini yaxshilashga mikrobiologik preparatlardan qo‘llash choralari ko‘rilib borilmoqda.
Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi ekinlariga mineral o‘g‘itlarni klasterlar va fermer xo‘jaliklar tomonidan belgilangan me’yor va muddatlarda qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda”, – deyiladi munosabatda.
Kun.uz saytida e’lon qilingan intervyuni to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
18:01 / 11.11.2024
«Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi
16:46 / 04.11.2024
O‘zbekistonda 55 ming gektar maydonga zararkunanda chigirtka tuxum qo‘ygani aniqlandi
16:30 / 11.09.2024
“Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” - O‘zbekistonda qoramollarda yuqumli kasallik tarqalgani rad etildi
20:17 / 16.08.2024