Bayden Varshavada Putinga javob qaytardi: G‘arb Rossiyaga hujum qilmoqchi emas
AQSh prezidenti Varshavadagi chiqishi davomida Kiyev Rossiya bosqinidan bir yil o‘tib ham mustahkam turgani, rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin ukrainlarga to‘g‘ri baho bermaganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Ukrainani oxirigacha qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi va Rossiya uni hech qachon mag‘lub etmasligini aytdi.
«Bir yil oldin dunyo Kiyevning qulashini kutayotgandi. Men aytishim mumkinki, u bardosh berdi, u kuchli va eng asosiysi - u erkin», deya Varshavadagi Qirollik qal’asidagi nutqini boshladi Bayden.
U avtokratlarning ishtahasini yon berib to‘xtatib bo‘lmasligi, ularga faqat qarshi turish lozimligi, Ukrainadagi urush esa hech qachon Rossiya g‘alabasi bilan yakunlanmasligini aytdi.
«Avtokratlarga yon bosmaslik kerak, ularga faqat «yo‘q» deyish mumkin: Yo‘q, mening erkinligimni tortib ololmaysan. Yo‘q, mening vatanimni ololmaysan. Qo‘pol kuch hech qachon erkinlik ruhini sindirmaydi. Ukraina hech qachon Rossiya uchun g‘alaba maydoniga aylanmaydi. Rossiya hech qachon Ukrainada g‘olib bo‘la olmaydi, hech qachon», dedi Bayden. Bu so‘zlarni yig‘ilganlar olqishlar bilan qarshiladi.
O‘z chiqishida Bayden G‘arb Rossiyaga hujum qilish niyatida bo‘lmagani va uning ustidan nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lmaganini aytib o‘tdi.
«Rossiya xalqiga murojaat qilmoqchiman: AQSh va G‘arb davlatlari Rossiyani yo‘q qilish yoki uning ustidan nazorat qilishga intilmaydi. Biz bugun Putin aytganidek, Rossiyaga hujum qilishni, uni egallab olishni rejalashtirmaganmiz. O‘z qo‘shnilari bilan tinch-totuvlikda yashashni xohlaydigan millionlab rossiyaliklar - dushmanlar emas. Bu urushga hech qanday zarurat yo‘q edi. Bu fojia. Urushni prezident Putin tanladi. Urushning har yangi kuni - bu uning tanlovi», dedi Bayden.
AQSh prezidenti Rossiyani NATOga a’zo davlatga hujum qilish oqibatlaridan ogohlantirdi.
«Qo‘shma Shtatlar NATO ittifoqi va Beshinchi modda tamoyiliga sodiqligiga shubha bo‘lmasligi kerak», dedi Bayden alyans a’zosiga qilingan hujumga kollektiv javob qaytarilishi to‘g‘risidagi moddani nazarda tutgan holda. «NATOning har bir a’zosi buni biladi. Va Rossiya ham: bir mamlakatga hujum qilish - bu barchaga hujum qilishga barobardir».
Vladimir Putin haqida gapirarkan, Bayden rossiyaliklar rahbari G‘arb mamlakatlari Ukrainaga bosqinga javoban ko‘rsatgan birdamlikni kutmagani haqida takrorlab o‘tdi.
«U o‘zi kabi avtokratlarni - kuchli, demokratik rahbarlarni esa zaif deb o‘ylagandi, keyin esa u Amerika va qo‘rquv hukmron bo‘lgan dunyo bo‘lishidan voz kechgan mamlakatlarning temir irodasi bilan to‘qnashdi», dedi AQSh prezidenti.
Polshadagi muzokaralar
Murojaatdan oldin Bayden polshaliklar prezidenti Andjyey Duda bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Duda AQSh prezidentining Polshaga tashrifini «AQShning dunyo va Yevropa xavfsizligi uchun mas’ulligi belgisi» deb atadi, Bayden esa bunga javoban AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda sobit qolishini ta’kidladi. Bayden shuningdek Dudaga Polsha Ukrainadan rekord miqdordagi qochqinlarni qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi - 10 mln kishi atrofida.
Bayden va Duda NATO ishlarini muhokama qilishdi va Bayden o‘zining Vladimir Putin bilan suhbatini yodga oldi.
«Men rossiyalik hamkasbimga aytganimdek - siz NATOni «finlandizatsiyalashtirish»ni istadingiz, amalda esa Finlandiya «natolashdi». Men Shvetsiya ham [alyansga] qo‘shiladimi, yo‘qmi bilmayman. Ammo, hazildan tashqari, agar biz diqqatni jamlasak, o‘ylaymanki, biz har qachongidan yaxshiroq holatda bo‘lamiz», dedi Amerika yetakchisi.
Seshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘ilishga murojaatida Rossiya strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishini e’lon qildi. Bu kelishuv AQSh va Rossiya o‘rtasida 2010 yilda imzolangan, 2021 yilda esa 2026 yilga qadar uzaytirilgandi.
Bu kelishuv Rossiya va AQSh uchun yadroviy kallaklar, qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalar va bombardimonchi samolyotlarni cheklaydi.
Yevropa va NATOdagilar Rossiyaning bu qaroridan afsus bildirishdi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg seshanba kuni bu qaror «qurol nazorati arxitekturasini butunlay yo‘q qilishi»ni qayd etdi.
Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga ko‘ra esa, Rossiyaning bu qarori Kremlning maqsadi - sovuq urush davridan keyin tiklangan xavfsizlik tizimini yo‘q qilish ekanini tasdiqlaydi.
Baydenning Kiyevga tashrifi
Dushanba kuni prezident Jo Bayden oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga kelib, Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan hamda u bilan urushning to‘qqiz yili mobaynida halok bo‘lgan harbiylar uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilgandi.
Xabar qilishlaricha, Ukraina poytaxtiga Bayden poyezd orqali Polshadan kelgan. Bungacha boshqa yuqori martabali shaxslar ham shu yo‘nalishdan foydalangandi.
Baydenning bayonotida aytilishicha, u Ukrainaga Amerika demokratiya, suverenitet va Ukrainaning hududiy yaxlitligi saqlanishiga sodiq ekanini namoyish etish uchun kelgan.
Mavzuga oid
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024