O‘zbekiston | 12:13 / 16.03.2023
13319
2 daqiqa o‘qiladi

Buxorodan Toshkentga olib ketilayotgan 1 tonna go‘sht yo‘q qilindi

Ushbu go‘sht laboratoriya xulosasiga ko‘ra iste’molga yaroqsiz, deb topilgan va yoqib yuborilgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Navoiy viloyatida epizootik va epidemik vaziyatni barqarorlashtirish borasida viloyat IIB JXX JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi hamda veterinariya xizmati xodimlari bilan hamkorlikda 14 mart kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida iste’molga yaroqsiz bo‘lgan go‘sht mahsuloti aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanidagi «Samarqand» YPX maskanida «Buxoro-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Qorako‘l tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro U.B. boshqaruvidagi Gazel yuk mashinasi ko‘zdan kechirilgan. Mashina yukxonasida veterinariya-sanitariya hujjatlarsiz, suyakdan ajratilgan, yirik shoxli molga tegishli bo‘lgan 1000 kg go‘sht mahsulotlari borligi aniqlangan.

Ushbu go‘sht mahsulotlari Navoiy viloyati hayvonlar kasalliklar tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi ekspertiza laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘lgan hamda yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid