O‘zbekiston | 17:36 / 21.03.2023
14206
2 daqiqa o‘qiladi

Parkentga dam olish uchun borgan 47 kishi kuchli yomg‘ir vaqtida xavfsiz joyga olib tushildi

Joriy yilning 20 mart kuni respublikaning ayrim hududlarida kuchli yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkentda viloyatida kuchli yomg‘ir vaqtida insonlar hayoti saqlab qolingani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kecha, 20 mart kuni soat 19:30 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga fuqarolar tomonidan xabar kelib tushgan.

Parkent tumani Qiziltog‘ shaharchasi atrofidagi adirliklarga o‘z avtomobillarida dam olish maqsadida borgan fuqarolar kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida adirliklarda qolib ketgani va pastga tusha olmayotganini aytib, yordam kerakligini ma’lum qilgan.

Xabarga asosan, aytilgan manzilga qutqaruvchilar 7 ta maxsus texnika bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.

Amalga oshirilgan tezkor sa’y-harakatlar natijasida qutqaruvchilar tomonidan dam oluvchilarning 13 ta yengil turdagi avtoulovlari hamda 47 nafar fuqaro xavfsiz joyga olib tushilgan.

Yuzaga kelgan vaziyat oqibatida halok bo‘lgan va tan jarohat olgan fuqarolar yo‘q, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid