OAV bo‘yniga 3,7 mlrd so‘m - zararni undirishmi yoki so‘z erkinligiga tahdid?
«Anorbank» AJ va Sof.uz veb-sayti o‘rtasidagi iqtisodiy ish bo‘yicha sud majlisi yakunlandi.
«Anorbank» 2022 yil noyabrida «ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgani uchun» Sof.uz nashri ustidan sudga da’vo kiritgan edi. Bugun, 2023 yil 5 aprel kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ushbu iqtisodiy nizo yakuniga yetdi. Sud Sof.uz nashriga bank foydasiga 3,7 mlrd so‘m miqdorida zarar to‘lashga qaror chiqardi.
«Biz har qanday jurnalistik tekshiruvlar xolisona, bank sohasi mutaxassislari va ekspertlarining tegishli fikr-mulohazalari va xulosalarini inobatga olgan holda olib borilishi lozimligi haqidagi pozitsiyamizni alohida ta’kidlaymiz.
«Sof.uz» veb-sayti tomonidan bank haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan, bankning fikri olinmagan soxta axborotlar tarqatilishi oqibatida ushbu nizo yuzaga kelgan edi», deyiladi bank bayonotida.
Shuningdek, «Anorbank» o‘zining biznes imijiga, aksiyadorlar, xodimlar obro‘siga va jamoatchilik fikriga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qarashi, bundan keyin ham respublika axborot makonida o‘z brendini qo‘llab-quvvatlash va turli axborot xurujlaridan himoyalanishga e’tiborini qaratishi ta’kidlanadi.
«Shu bilan birga, biz OAV, jurnalistlar hamjamiyati va blogerlar bilan professional, o‘zaro manfaatli va ochiq munosabatlarga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlamoqchimiz va ular bilan doimo mustahkam hamkorlik aloqalarini saqlashga harakat qilamiz», deya kelgusida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikdan umid qilmoqda bank.
* * *
Albatta, bank tomonidan ommaviy axborot vositasi sudga berilib, juda katta jarima yoki zararni qoplashga majbur qilinishini hech narsa bilan bilan oqlab bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositasi bank emas, ularda bu qadar katta summa bo‘lmaydi. Katta ehtimol bilan «Sof.uz» sayti ta’sischisi «Komil unsur» MChJ ushbu mablag‘ni to‘lay olmasdan yopilib ketadi.
Bank o‘z sha’niga daxl qilingan, tekshirilmasdan, surishtirilmasdan e’lon qilingan soxta va tuhmat xabarlar ustidan sudga murojaat qilishga, kompensatsiya undirishga haqli, albatta.
Rivojlangan davlatlarda bunday holatlarda undiriladigan zarar miqdori ramziy 1 dollar qilib belgilanadi.
Chunki OAV tarqatgan yolg‘on xabari tufayli sudda yutqazganining o‘zi e’tiborga molik voqea. Demak, u yolg‘on xabarlar ham tarqatadi, demak unga ishonib bo‘lmaydi, degan ma’no kelib chiqadi. Nashr muxlislari va jamoatchilik oldida ishonchni yo‘qotadi. Ishonch boy berilishi esa, aslida, har qanday OAV uchun eng katta jazo.
Katta-katta kompaniyalar ham sudda yetkazilgan zararni undirish uchun katta summalar ko‘rsatishi o‘z nufuziga salbiy ta’sir qilishini allaqachon anglab yetgan.
To‘g‘ri, bizning har qadamda yolg‘on uchraydigan mamlakatimizda bunday jazo belgilash ham kulgili bo‘lardi. Bunday «ramziy jazo»ni ketma-ket suiiste’mol qiladigan nashrlar ham borligiga ishonaman. Shuning uchun bank ham unadigan (aslida, unmaydigan) «naqdi»ni ko‘ravergan, degan yaxshi gumonga ham boraman.
Bunday vaziyatda bank tahririyat yo‘l qo‘ygan xatolarini ko‘rsatib berishi, tahririyat esa xatolarini tan olib, raddiya berish bilan ham masala yechilishi mumkin edi. Eng maqbul yo‘l ham shu edi aslida.
Biroq vaziyatni boshidan kuzatmaganim uchun nimalar ro‘y berganidan bexabarman. Bu voqealar ortida biz bilmagan boshqa gaplar ham bo‘lishi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi.
Biroq bu voqea juda yomon pretsedent (boshqalar uchun o‘rnak) yaratmoqda. So‘z erkinligini asrab-avaylashga barcha mas’ul bo‘lishi kerak, o‘sha banklar ham, sudlar ham. So‘z erkinligi hammaga kerak. OAVni «beldan pastga urib» — mablag‘ bilan jazolamaslik kerak.
O‘zbekiston sharoitida tahririyatlar va ular himoya qilib kelayotgan so‘z erkinligi o‘zi abgor ahvolda. Ular hatto xato qilishi ham shart emas, haqiqatni yozganlik uchun gigantlar eng zo‘r advokatlarni yollab, sudda bemalol yengib chiqa olishadi.
Bu bayonotda eng hayratlanarli joyi, bank OAVga murojaat qilib, kelgusidagi yaqin hamkorlikdan umid qilmoqda. Shaxsan menga bu xitob «istalganingning pachag‘ingni chiqaramiz, bizni aslo tanqid qila ko‘rma», deya tuyulmoqda.
Albatta, bank ham OAV reklama xizmatlariga muhtoj. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar va yangiliklar TV, radio, saytlarda chiqmasa, mijozlar xabardor bo‘lmaydi. Mijozlarni jalb qilish uchun eng afzal takliflar ham OAV orqali tarqatiladi.
Modomiki shunday ekan — bankning ham kelgusida OAVga ishi tushar ekan, bir tahririyat parokanda bo‘lib ketmasligi uchun O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ham mazkur voqeaga o‘z fikrini bildirishi kerak.
Jurnalistlar va tahririyatlarimiz (hattoki taniqli blogerlarimiz ham) esa jurnalistik birdamlik degan tushuncha borligini esga olib, kim pul bersa nog‘orasiga o‘ynab ketavermasdan, o‘zaro «Anorbank»ka o‘xshagan tashkilotlarning «norasmiy reyestri»ni yuritishi kerak. Chunki bundaylar yolg‘on axborot va tuhmatga uchraganlik bahonasi ostida zimdan so‘z erkinligiga raxna solinmoqda. Bundaylar ertaga istalgan tahiririyatni xato uchun sudga berib, yopilib ketishi uchun kamarbasta bo‘lishadi.
Agar ishlar shunaqa tus olaversa, hammani kafangado qilmasliklaridan avval jurnalistika bilan shug‘ullanishni yig‘ishtirib qo‘ysak ham bo‘laveradi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Mavzuga oid
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
19:55 / 06.08.2024