Qizlar xonasidagi yashirin kamera. Voqealar qanday rivoj olmoqda?
Qo‘qon davlat pedagogika institutiga tegishli yotoqxonaning talaba qizlar yashab kelgan xonasiga kamera o‘rnatishdan maqsad talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona qilish bo‘lgani aytildi. Biroq rasmiy bayonotning o‘zi qator savollarni keltirib chiqardi.
Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida yashovchi talaba qizlar xonasiga institut mas’ullari yashirin kamera o‘rnatib ketishganini bilib qolib, Kun.uz’ga murojaat qilishgan edi. Ular holat haqida prorektor va rektorga aytishganida, o‘zlari aybdorga chiqib qolishlariga oz qolgan. Holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qattiq muhokamalarga sabab bo‘lgach, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi va QDPI o‘zining rasmiy munosabatini e’lon qildi.
Vazirlik bergan bayonotda aytilishicha, 4 aprel kuni Qo‘qon davlat pedagogika instituti talaba qizlaridan biri Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi muloqot botiga qizlar yashaydigan xonalaridan biriga kuzatish kamerasi yashirincha o‘rnatilgani haqida ma’lumot bergan.
Mas’ullar shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Farg‘ona hududiy boshqarmasi xodimlari QDPIga borib, vaziyatni o‘rgangan. Natijada haqiqatan ham qizlarning xonasiga videokamera o‘rnatilgani aniqlangan.
OTFIV voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
QDPI bergan bayonotda rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani va shu munosabat bilan kamera o‘rnatilgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, maxsus xona talabalarning ruhiy holatlarini barqarorlashtirish, o‘qish jarayonidagi stress holatlarning oldini olish uchun tashkil qilinayotgani aytilgan. QDPI nega talaba qizlar o‘z xonasida qo‘yilgan kameradan xabardor emasligini esa quyidagi vaj bilan izohlagan:
“Haftaning shanba-yakshanba kunlari talabalar o‘z uyiga ketishlarini hisobga olib, xonani shanba kuni jihozlash boshlangan. Lekin bu holat haqida talabalar o‘z vaqtida ogohlantirilmagan. Natijada bu anglashilmovchilik yuz bergan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda”.
Institut bayonoti jamoatchilik orasida ishonchsizlikni keltirib chiqardi va qator savollarni paydo qilmoqda.
Telegramʼdagi Masofaviy ta’lim kanali QDPI rektorining munosabati ishonchsiz chiqqani haqida yozgan:
“Bunaqa lag‘monni boshqa joyda ilasizlar. Qaysi bet bilan shuncha yolg‘onni to‘qish va shunga odamlarni ishonadi, deb o‘ylash mumkin? O‘sha gap: QDPIda rektor, prorektor va yotoqxona komendanti ishdan olinmas ekan, murojaat qilgan talabalarga bular endi kun bermaydi”.
“Vazirlik va QDPI bergan 2 xil rasmiy munosabat matematikaga ham to‘g‘ri kelmayapti-ku? Yotoqxona oldida katta avtomobil yo‘li borligi sabab talabalar xavfsizligini o‘ylab tadbirkorlarni jalb qilib, oyna tomonga qaratilgan yashirin radar o‘rnatdik, desa bundan ishonarliroq bo‘lar edi. Hech bo‘lmasa yotoqxona OTM ichida bo‘lsa ham”, – deb yozadi Telegram'dagi Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kanali admini.
Kun.uz ham QDPI rasmiy munosabatidagi tushunarsiz nuqtalarga e’tibor qaratdi.
Masalan, tahririyatdagi ma’lumotga ko‘ra, prorektor Oybek Bozorov qizlar xonasi tarbiyasi og‘ir talabalar bilan suhbat xonasi bo‘lishini aytgan. “Suhbat davomida talaba o‘zini qanday tutadi, shuni ko‘rib turishimiz kerak”, degan prorektor qizlarga. Qizlar undan kamerada fleshka borligini izohlashni so‘raganda mas’ul xodim kamera monitorga ulanmagani, uni birov ko‘rmasligi va video ham o‘z-o‘zidan xotira kartasidan o‘chib ketishini aytgan. Xo‘sh, unda bu xonaga kamera qo‘yishdan maqsad nima?
Shu bilan birga, QDPI bergan rasmiy bayonot bir qator savollarni tug‘diradi.
Masalan, qizlarning so‘ziga ko‘ra, kamera qo‘yilishidan oliygoh rektorining xabari bo‘lmagan. Hatto rektor kamerani qizlarning o‘zi o‘rnatgan bo‘lishini aytib, aybni qizlarga ag‘darmoqchi ham bo‘lgan. QDPI bayonotiga ishonilsa, qanday qilib rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan oliygohda bo‘layotgan ishlardan bexabar qolgan?
Ikkinchi savol, talabalar uchun maxsus xonaga nega qo‘lbola kamera o‘rnatiladi?
Uchinchidan, nega bu holatdan talaba qizlar oldinroq ogohlantirilmagan-u, o‘zlari arz qilib borgandan keyin ularga izoh berilgan?
Va nega psixologik profilaktika xonasi oliygoh binosida emas, yotoqxonaning aynan talaba qizlar yashaydigan xonasida bo‘lishi kerak? Oliygoh mas’ullaridan ochiq qolayotgan shu savollarga asosli javob berishlarini so‘rab qolamiz.
Mavzuga oid
18:50 / 29.10.2024
Toshkentda ikki talaba taksichini o‘ldirib, mashinasini olib qochmoqchi bo‘ldi
17:35 / 16.10.2024
“Bu yerda talabaning yangi bilimlarni o‘zi xohlab o‘rganishi birinchi o‘rinda turadi” - Nyu-York universitetining o‘zbekistonlik talabasi
23:02 / 03.10.2024
Hindiston Oliy sudi qashshoq oiladan chiqqan talabaning kollejga kirish orzusini ro‘yobga chiqardi
10:16 / 16.09.2024