«Moddalar shunchaki quruq gap bilan ishlamaydi» – shilqimlik uchun qanday jazo bor?
O‘zbekistonda ayollar va bolalar himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonunda ko‘zda tutilgan shilqimlik uchun jazoni belgilashda nimalar e’tiborga olinishi haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralarini kuchaytirish haqidagi qonunga binoan shilqimlik uchun jazo joriy qilindi. Buning uchun 1,5 mln so‘mgacha jarima yoki 5 sutkagacha qamoq jazosi amalga oshiriladi. Iqtisodchi Barnogul Sanaqulova bundan ayrim ayollarning o‘z manfaatlari yo‘lida foydalana olmasliklari, tuhmat uchun jazo borligi haqida gapirdi.
«Yana bir narsani tan olish va buning ustida ishlashimiz kerak. Ya’ni ba’zi bir ayol-qizlar shahvoniy shilqimlikdan qasd olish maqsadida ham foydalanishi mumkin. Shunday jarayonda ishni olib borayotgan tergovchilarga, sudyalarga ko‘p narsa bog‘liq. Qonun orqali cheklovlar bo‘lgandek bo‘lishi mumkin. Yoki ayblanuvchi men shunchaki kayfiyatini ko‘tarish uchun yo maqtab qo‘yish uchun gapirgandim, deyishi ham mumkin. Ya’ni targ‘ibotda tushuntirish kerakki, shunchaki bir marta yengil gapirishi jinoyat bo‘lib qolmaydi. Qonunning tashviqoti to‘g‘ri olib borilishi, tuhmat uchun ham katta jazo bor ekani aytilishi lozim. Moddalar shunchaki quruq gap bilan ishlamaydi, albatta. Dalillar, isbotlar kerak (qo‘ng‘iroq yozuvlari, videolar, audiolar, kamera yozuvlari va boshqalar). Shuning uchun erkaklar ham, ayollar ham yuzaki qaramasligi lozim bu qonunga. Jamiyatda bu qonunga nisbatan noto‘g‘ri talqin bo‘lib qolmasligi kerak.
Sanaqulovaning fikricha, oilaviy zo‘ravonlikning jinoyat deb qabul qilinishi ortidan ajrimlar soni ko‘payishi ehtimoli bor. Ammo bu kelgusida sifatli, mustahkam oilalar vujudga kelishiga xizmat qiladi:
«Oilaviy zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun ortidan jamiyatda ajrimlar soni ko‘payadi degan taxminlar bor. To‘g‘ri, boshlang‘ich bosqichda shunday bo‘lishi mumkindir. Bunday bo‘lmaydi, deb aytolmaymiz baribir, vaqt ko‘rsatadi. Lekin kelgusida sifatli, mustahkam oilalar qurila boshlaydi, munosabatlar to‘g‘rilanadi. Masalan, qiz bola turmush o‘rtog‘ini tanlayotganda, boshqa mezonlar qatorida zo‘ravonlik masalasini ham qo‘ya boshlaydi, bu borada savollar bo‘ladi. Demoqchimanki, har bir yangilikning bir yomoni tomoni bo‘ladi boshida, shunday bo‘lishi ham kerak. Lekin keyinchalik o‘z mevasini bera boshlaydi.
Umuman, bu yerda gap ajrashish, munosabatlar buzilishi haqida emas, qurbon bo‘lmaslik, shaxs daxlsizligi masalasi bor. Va bundan keyin har bir moddaning talqinini jamiyatga tushuntirish kerak».
Suhbatni batafsil video holida tomosha qiling.
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 27.11.2024