Jahon | 16:20 / 25.04.2023
12695
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden 2024 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etishini rasman e’lon qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden rasman prezidentlik saylovoldi kampaniyasini boshlaganini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden 2024 yilda prezidentlik uchun o‘tkaziladigan saylovlarda ham nomzod sifatida qatnashishini rasman ma’lum qildi.

U bu haqda tvitterida uch daqiqalik videosida e’lon qildi, video «erkinlik» so‘zi bilan boshlangna.

Rolikda Bayden o‘z kampaniyasidagi eng muhim masalalar haqida gapiradi: abort huquqi, demokratiya va saylov huquqlari himoyasi, shuningdek, amerikaliklar uchun ijtimoiy kafolatlar.

Baydenning ta’kidlashicha, saylovchilar keyingi avlodga «ko‘proq yoki kamroq erkinlik», «ko‘proq yoki kamroq huquq» qoldirishni tanlash imkoniyati qarshisida turibdi.

«Har bir avlodda demokratiyani himoya qilish kerak bo‘lgan lahzalar bo‘ladi. Asosiy erkinliklaringizni himoya qiling. Ishonamanki, biz uchun shu vaqt keldi. Shuning uchun men Qo‘shma Shtatlar prezidenti lavozimiga qayta saylanish uchun o‘z nomzodimni qo‘ymoqdaman. Bizga qo‘shiling. Keling ishni tugatib qo‘yamiz», – deya yozgan u tvitterida.

Bayden o‘z videomurojaatini 25 aprel kuni e’lon qildi – siyosatchi to‘rt yil muqaddam birinchi muddatga nomzodini ilgari surishi haqida aynan shu kuni ma’lum qilgandi.

AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris ham 2024 yilgi saylovlarda Jo Bayden bilan birgalikda ishtirok etishini ma’lum qilgan.

Jo Bayden — AQShning 46-prezidenti, u bu lavozimni 2021 yil yanvarida egallagan. 2009-2017 yillarda Barak Obama ma’muriyatida AQSh vitse-prezidenti sifatida ishlagan. Undan oldin Delaver shtatidan senator bo‘lgan.

U – 80 yoshda va hozirning o‘zida AQShning eng keksa yoshli prezidenti hisoblanadi.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrida bo‘lib o‘tadi.

Prezidentlikka asosiy nomzodni tanlash uchun Demokratik va Respublikachilar partiyalarida ichki saylovlar – praymeriz o‘tkaziladi. Demokratlar safida Baydenga jiddiy raqobat ko‘rsatadigan nomzod yo‘q.

Hozirga kelib har ikki partiyadan jami 7 nafar siyosatchi prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surdi:

Oldinroq sobiq prezident, oldingi saylovlarda Baydenga yengilgan Donald Tramp ham saylovda ishtirok etishi haqida ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid