Jahon | 20:59 / 30.04.2023
41643
9 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Kiyev katta yurishga tayyor emas. Ammo boshqa tanlov yo‘q

O‘z navbatida, Putinning variantlari ham cheklangan.

Foto: Getty Images

Britaniyadagi Sunday Times nashri Rossiya bo‘yicha ekspert hamda 20 dan ortiq kitoblar muallifi bo‘lgan professor Mark Galeottining maqolasini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, Ukraina armiyasi va siyosatchilarning xohish-istaklariga qaramay, bo‘lajak yurish, katta ehtimol bilan sezilarli natijalarga olib kelmaydi - ammo uni ortga surish, jumladan, siyosiy sabablarga ko‘ra tobora qiyin bo‘lib bormoqda.

Galeottining qayd etishicha, ukrainalik harbiylar bilan ishlagan britaniyalik zobitlar o‘z hamkasblaridagi qat’iylik haqida aytishgan. Boshqa tomondan, Amerika razvedkasining sizdirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina kichik hududiy yutuqlardan tashqari kattaroq narsaga erishishi dargumon.

«Ukrain harbiylari hozirga qadar nafaqat mahorat va qat’iyatni, balki tasavvurdagilarni ham namoyon etgan», deya yozadi muallif Ukraina armiyasining birinchi bosqichdagi mudofaa muvaffaqiyatlarini qayd etgan holda.

Ukrainlar, masalan, Xarkiv yo‘nalishidagi yurish vaqtida rossiyaliklarni operativ va strategik darajada dong qoldirishga muvaffaq bo‘lishgandi. O‘shanda Moskvaning e’tibori janubga qaratilganida, ular rus qo‘shinlari siyrak joylashgan yo‘nalishda zarba berib, bir oy ichida 12 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni qaytarib olgandi.

Kiyevning muammolari

Ammo, ukrainlar g‘arbning yangi va ta’mirdan chiqqan 230 ta tanki hamda 1550 ta zirhli mashinalarini tezda o‘zlashtirgan bo‘lsa-da, ularda hamon istalgan yirik yurish amaliyoti uchun kerak bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimi yetarli emas. Shuningdek, g‘arbdagi ekspertlarning katta komandirlar yangi tizimlarga va ularni boshqaruvchi askarlarga moslasha olishiga ishonchi komil emas.

Ukrain harbiylari bir necha oydan buyon g‘arb tanklari, xususan, Britaniyaning Challenger II tanklaridan foydalanishni o‘rganmoqda. Foto: Getty Images

«Shunga qaramay, Kiyevda bahor yoki yozda yirik hujum boshlashdan boshqa real tanlov yo‘q. Uning rahbarlari o‘zlarini borgan sari tor doira ichida qoldirmoqda, - deb hisoblaydi Galeotti. - Prezident Zelenskiy G‘arbni mohirlik bilan boshqaradi, ammo qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolish uchun u Vashingtondagi insayderlar «investitsiyalarning qaytishi» deb ataydigan narsani ko‘rsatishi kerak».

Zelenskiy ichki siyosatda ham muvozanatni saqlashi talab etiladi. Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov kabi «qirg‘iylar» Moskva bilan muzokaralar haqida eshitishni ham istamaydi, hukumatdagi ayrimlar esa hozir buning ayni vaqti deb hisoblamoqda.

Muallifning yozishicha, Kiyevdagi g‘arblik diplomatlardan biri Kiyevdagi «syurrealistik tajriba»sini tasvirlab bergan - uning suhbatdoshlari kechqurun «ehtimoliy muzokaralar formatlarini muhokama qilgan» bo‘lsa, keyingi kuni tongda «Rossiya bilan hech qanday muzokara bo‘lishi mumkin emasligini»ni jar solishgan.

O‘q-dorilar taqchilligi

G‘arb mamlakatlarining ham o‘z cheklovlari mavjud. Yangi zamonaviy qurol tizimlarini (F-16 qiruvchilari yoki 300 km masofaga uchuvchi ATACMS rusumli operativ-taktik raketalar) yetkazib berishdagi siyosiy murakkabliklardan tashqari, o‘q-dorilar yetishmovchiligi muammosi ham mavjud.

O‘q-dori taqchilligi – hal qilish tez amalga oshmaydigan eng o‘tkir muammolardan biri

Ayni vaqtda ukrainlar bir oy ichida sarflayotgan 155-millimetrli snaryadlar AQSh bir yilda ishlab chiqaradiganidan ko‘proq bo‘lmoqda, deya eslatadi Galeotti. G‘arb yangi ishlab chiqarish quvvatlariga investitsiya kiritmoqda, ammo bu vaqt talab etadi.

«O‘q-dorilarni havodan yaratib bo‘lmaydi va Parij YeIning blokdan tashqaridan xaridlarini bloklamoqda, - deb hisoblaydi muallif. - Kiyev esa nima bo‘lishidan qat’i nazar, qandaydir ambitsiyali maqsadni ko‘zlagan holda - masalan, Melitopolga, ozod etilishi Rossiya va Qrimni bog‘lovchi yo‘lakni to‘sib qo‘yadigan avtomobil va temiryo‘llariga hujum qilishga majbur bo‘ladi.

Moskvadagilar esa bunday ehtimolni hisobga olgan holda mudofaaga tayyorlanmoqda.

Ukrainaning Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlagan hisob-kitoblariga ko‘ra, mudofaa pozitsiyasiga o‘tish tufayli Rossiyaning kunlik yo‘qotishlari qariyb uchdan bir qismiga kamaygan. Sun’iy yo‘ldoshlar orqali olingan tasvirlarda ko‘rish mumkinki, Ukrainaning ehtimoliy yurishi kutilayotgan janubdagi mudofaa liniyalarida okoplar va istehkomlar ko‘paygandan ko‘paymoqda.

Kiyev boshqa joyda, masalan, Donetsk yo‘nalishida zarba berishi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi, deya yozadi Galeotti, ammo bu faqat ramziy ma’noga ega bo‘ladi: jang yanada og‘ir kechadi, bunday yurishdan amaliy foyda esa yanada kamroq.

Putinning variantlari ham cheklangan

To‘g‘ri, Rossiyada ham muammolar bor, deya qayd etadi muallif. Xususan, rossiyaliklarda ham o‘q-dorilar va aniq boshqariladigan raketalar yetishmaydi.

«Bundan tashqari, Putin muvaffaqiyatga erishmoqchi, ammo Rossiyaning hujum amaliyotlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, Rossiya qo‘shinlari shunchalik ko‘p yo‘qotishlarga uchraydi, natijada u yana qo‘shinlardagi kamchiliklarni qanday to‘ldirish bo‘yicha qiyin tanlov qarshisida qoladi», deya yozadi Galeotti.

Yo‘qotishlar o‘rnini qoplash uchun yoki safarbarlikning yangi to‘lqinini e’lon qilish yoki muddatli chaqiriq asosida armiyaga jalb etilganlarni frontga yuborishga to‘g‘ri keladi. Ikki variant ham jamoatchilik tomonidan yaxshi kutib olinmaydi va Putin, ayniqsa sentabrda bo‘ladigan regional saylovlar arafasida bunday qarorlarni qabul qilishga shoshilmoqda.

«Shu tariqa, Zelenskiy nazoratida bo‘lmagan kuchlar Kiyevni hujumga o‘tishga undayotgan bir paytda, Moskva istar-istamay mudofaaga tayyorlanmoqda, bunda faqat Ukrainaning qarshilik ko‘rsatish irodasi va G‘arbning moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyorligi susayishiga umid qilinmoqda, - deya yozadi Galeotti. - Bu amalda Putin qabul qilishi mumkin bo‘lgan yagona strategiya.

Xitoy har qanday holatda ham yutuqda

Muallif Rossiya TIVning jangovar bayonotlariga qaramay, Rossiyaning xalqaro maydondagi roli pasayib borayotganiga ham e’tibor qaratgan.

Moskva NATOga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri provokatsiyalardan qochdi, masalan, G‘arb qurollarining Ukrainaga kelish yo‘llariga zarbalar bermadi. Rossiya havo kampaniyasining avj nuqtasida ham Ukrainaning g‘arbiy chegaralariga yaqin uchilmadi - qo‘qqisdan NATO havo kengliklariga kirib qolmaslik uchun.

Si Jinpingning Moskvaga tashrifi katta xursandchilik bilan qarshi olindi, ammo Pekin hamon Rossiyaga moddiy yordam ko‘rsatmayapti

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov chorshanba kuni BMTdagi matbuot anjumanida NATO «Rossiyani parchalashga» urinayotganini, lekin bu amalda uni jahon sahnasida kuchliroq qilishini aytdi. Ammo bu yerda barchasi oddiy emas.

«Bir paytlar Moskva ikkinchi darajali derjavalar deb hisoblagan mamlakatlar ham endi Rossiya siyosatining ayrim jihatlariga veto qo‘yish yoki hech bo‘lmaganda o‘z yordami uchun yuqori narx talab qilish imkoniyatiga ega», deb eslatadi Galeotti Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan va Moskva avvallari o‘ziniki deb hisoblagan hududlarda faolroq ishlayotgan Turkiya va Eronni misol keltirib.

«Urush qancha uzoq davom etsa va Rossiya iqtisodiyotiga qancha ko‘p zarar yetkazilsa, Xitoy shunchalik kuchayadi, deya qayd etadi muallif. - Sining mart oyida Rossiyaga tashrifidan keyingi sevinchli kommyunikelarga (bayonnomalar) qaramay, Pekindan hamon Putin xohlayotgan qurol, o‘q-dori yoki so‘zsiz siyosiy qo‘llov berilmayapti».

Buning o‘rniga Si ochiqchasiga Moskvaga yadroviy tahdidlarni yumshatish uchun bosim o‘tkazdi va yaqinda bosqin boshlanganidan buyon ilk bor Zelenskiy bilan bir soat davomida telefon orqali muloqot qildi.

«Ikki tomon ham sezilarli taktik erkinlikka ega bo‘lsa-da, ular strategik jihatdan cheklangan, - deya xulosa qiladi muallif. - Ukraina yirik hujum amalga oshirishi kerak; Rossiya ularni g‘alabadan mahrum etishga urinishi kerak».

Mavzuga oid