O‘zbekiston | 13:53 / 12.05.2023
15123
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi so‘zida turdi: apellyatsiya sudi Jizzaxdan Toshkent viloyatiga o‘tkazildi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda Oliy sud raisi jizzaxlik fuqarolar talabiga ko‘ra apellyatsiya sudini boshqa hududga ko‘chirishga va’da bergandi. Ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor Islomov so‘zining ustidan chiqib, apellyatsiya sudini Toshkent viloyatiga ko‘chirib bergan.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov Bo‘kadagi sayyor qabul davomida 122 nafar fuqaroni qabul qilib, shundan 87 ta murojaat joyida hal etilgandi.

Kun.uz bevosita guvoh bo‘lgan holatda jizzaxlik fuqarolar Islomovdan apellyatsiya sudini ko‘rib chiqishni boshqa hududdagi sudga o‘tkazishni iltimos qilishdi. Oliy sud raisi bu iltimosni qanoatlantirishga va’da bergandi.

Foto: Kun.uz

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ommaviy sayyor qabul doirasida Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovga fuqaro Dilnoza Qobilova ariza bilan murojaat qilib, turmush o‘rtog‘i S.Xo‘janazarovga oid jinoyat ishini Jizzax viloyat sudining apellyatsiya instansiyasidan boshqa viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga o‘tkazib berishni so‘ragan.

Foto: Kun.uz

 “Ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 393-moddasiga (jinoyat ishining sudlovga tegishliligiga ko‘ra o‘tkazilishi) asosan ishni boshqa viloyatdagi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sudga o‘tkazish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan hal etiladi.

Kodeksning mazkur normasiga muvofiq ushbu jinoyat ishi Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ish yurituvidan Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish va qonuniy hal etish uchun yuborildi”, deyiladi Oliy sud Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.

Foto: Kun.uz

Dilnoza Qobilova Oliy sud raisi bilan uchrashuvda Jizzaxda bo‘lib o‘tgan birinchi instansiya sudi adolatsiz bo‘lgani, guvohlar ko‘rsatmalari va dalillarni inobatga olmagani, bir yarim yil avval jinoyat alomatlari yo‘q deb topilib, yopib yuborilgan jinoyat ishi nima uchundir yana qo‘zg‘atilgani, tergov noxolis o‘tkazilganidan arz qilgandi. U sud tomonidan turmush o‘rtog‘ining 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani yuzasidan apellyatsiya bergani, ammo ishni Jizzax yoki Sirdaryo viloyati sudlari ko‘rsa, adolat qaror topishiga ishonmasligini bildirgandi.

Mavzuga oid