O‘zbekiston | 20:47 / 17.05.2023
26543
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident JSTga a’zolik haqida: “Bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman”

Shavkat Mirziyoyev YeTTBning Samarqand konferensiyasidagi nutqida Jahon savdo tashkilotiga a’zolik yo‘lida bu yil katta natijalarga erishilishiga ishonch bildirdi. Prezident, shuningdek, “byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish” doim diqqat markazida turishini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilarining Samarqand shahrida o‘tgan yillik konferensiyasida nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z so‘zida uchta yo‘nalishdagi ustuvor qadamlarga to‘xtaldi.

Birinchi. Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratishni yaxlit tizim asosida amalga oshiramiz.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi chet ellik sarmoyadorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro manf́aatli loyihalar va uzoq muddatli strategiyalarni birgalikda ishlab chiqishda hal qiluvchi bo‘g‘in bo‘ladi.

Hech shubhasiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birga tashkil etilgan ushbu muloqot platformasi biz uchun yangi tajribalar orttirishga xizmat qiladi va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, islohotlar jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ko‘maklashadi.

Investorlar qayerda bo‘lmasin, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida tashkil etilgan “yagona darcha” orqali – 14 ta hudud, 208 ta tuman va shaharda hamda O‘zbekistonning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalarida ularga zarur ko‘mak va xizmatlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, yil yakunigacha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda tariximizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi. Biz tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarini yanada erkinlashtirish siyosatini jadal davom ettiramiz. Jumladan, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun katta qadamlar tashladik. Ushbu yo‘nalishda bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman.

Uchinchi. Ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning diqqat markazida bo‘ladi.

Bu borada boshlangan ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirib, inson va biznesga ko‘maklashadigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini joriy etamiz”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni qo‘llab kelayotgan YeTTB rahbariyati, xususan, bank prezidenti Reno-Basso xonimga, bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga, bank bilan hamkor tashkilotlar va investorlarga, biz bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan barcha bank xodimlariga minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid