O‘zbekiston | 13:39 / 22.05.2023
11411
14 daqiqa o‘qiladi

“Tizim yaxshi ishlamasligi oqibatida qimmatchiga chiqyapmiz” - dorixonachilar Raqobat qo‘mitasidan norozi

Raqobat qo‘mitasi dori narxlarni qonunchilikda belgilangan limitdan qimmat sotgan dorixonalarni avtomatik aniqlashni boshladi. Kun.uz’ga murojaat qilgan bir guruh tadbirkorlar mas’ul organlar tomonidan belgilangan narxlar eskirgani, narx oshib borishi inobatga olinmaganidan shikoyat qildi. 10 kun ichida 5 mingga yaqin huquqbuzarlik qayd etilib, jarimaga tortilgan dorixonalar ham bor.

Foto: KUN.UZ

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, dori vositalarining chegaralangan narxlari bor. Ya’ni dori vositalarini O‘zbekistonga import qilish yoki ishlab chiqarishda Farmagentlikdan ro‘yxatdan o‘tkazilganda shu dori vositasining belgilangan (bazaviy) narxi shakllanadi. Qonunchilik talabiga ko‘ra, ulgurji sotuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar [dori ustiga] 15 foizgacha ustama qo‘yishi mumkin, chakana sotuvchi esa 20 foizgacha. Ya’ni dori vositalarining narxi shakllanishi boshlang‘ich narxiga nisbatan 35 foiz belgilanadi, shundan ortiq sotish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Raqobat qo‘mitasi dorixonachi tadbirkorlarga nisbatan dori narxini oshirib sotganlik uchun jazolovchi vositani ishga tushirdi. 1 maydan ishga tushgan “Fair Tech” tizimi orqali ortiqcha undirilgan pul iste’molchilarga qaytarib beriladi. Buning uchun, dorixonadan dori sotib olganda xarid chekini “Soliq” mobil ilovasiga skaner qilish kerak. Agar dori bazadagi narxdan qimmat sotilgani aniqlansa, Raqobat qo‘mitasiga avtomatik ariza yuboriladi. Dorixonaga nisbatan savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarima jazosi qo‘llanadi; ortiqcha undirilgan pul dorixonadan iste’molchi foydasiga undiriladi.

Dorixonachi tadbirkorlar nimadan norozi?

Raqobat qo‘mitasi “Fair Tech” tizimini ishga tushirganidan keyin dorixonachi tadbirkorlar tinimsiz huquqiy javobgarlikka tortilayotgani aytilyapti. Kun.uz'ga bu borada bir guruh tadbirkorlar murojaat qildi. Ulardan birining so‘zlariga ko‘ra, 10 kun ichida uning o‘nga yaqin dorixonalariga nisbatan 5000ga yaqin huquqbuzarlik qayd etilgan.

Tahririyatga dorixonachilar dorilarning referent narxlari Farmatsevtika agentligi tomonidan noto‘g‘ri shakllantirilganini aytishyapti.

“O‘zi referent narx nima? Deylik, 2020 yilda shartli biror dori O‘zbekiston chegarasiga kirayotganda 100 so‘mga baholangan. Ulgurji korxona buni 115 so‘mga (qonunchilikka muvofiq, 15 foiz ustama bilan) sotishga huquqi bor, dorixona esa 135 so‘mgacha narxda (20 foiz ustama) sota oladi. Dorixona ulgurji sotuvchi ustiga qo‘ygan 15 foiz bilan oladi, uning ustiga o‘zining 20 foizgacha ustamasini qo‘ya oladi. Bu dorining 2020 yildagi referent – taqalgan narxi hisoblanadi.

2023 yilda esa bu doriga ishlatiladigan xomashyoda o‘zgarish bo‘ldi. Yevropa ishlab chiqaruvchisi dorining qaysidir xomashyosini Rossiyadan olardi. Endi Rossiya-Ukraina urushi tufayli, Rossiyaga sanksiya qo‘llandi va Yevropa ishlab chiqaruvchisi bu xomashyoni Braziliyadan olib kelishi kerak bo‘ladi. Braziliyadan olib kelishgandan keyin bu dorining narxi oshadi, ya’ni 100 so‘mga kirib kelgan dori endi 110 so‘mga kirishni boshladi. Ulgurji sotuvchi bu dorini 130 so‘m, dorixona esa 150 so‘m sotishi kerak. Bu birinchi omil.

Ikkinchi masala – dollar kursi o‘zgarishi. Bundan tashqari, avval dori Rossiya orqali kirib kelgan bo‘lsa, endi aylanma yo‘l bilan kelyapti. Yo‘lkiraning o‘zi 100 foizdan oshib ketyapti. Shu sababli bu dori 160 so‘mga dorixonada turishi kerak. Lekin bizda shu dorining narxi 135 so‘mdan oshmasin deb narx belgilab qo‘yishgan.

Dorilar hammasi Yevropada emas, Rossiyada ham ishlab chiqariladi. Rossiya rublining o‘zgarishiga bir qaraylik. Urush boshlanishidan oldin 1 dollar 75 rubl atrofida edi. Urush boshlanganidan keyin 200 rublga chiqib ketdi. Demak, 100 foiz oshish bo‘ldi. Shu vaqtgacha 100 rublga bergan dorini 100 rublga beradi, ammo dollarga nisbatan qimmat bo‘lib ketadi. Yoki aksinchasini olsak”, – deydi Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorlardan biri.

300 tadbirkor prezidentga murojaat yo‘lladi

Dorixona biznesi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni birlashtirgan “Pharm Club Uzbekistan” assotsiatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyevga, biznes-ombudsman Dilmurod Qosimovga, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga, adliya vaziri Akbar Toshqulovga ushbu muammoni ko‘rib chiqishni so‘rab xat yo‘lladi.

Unda aytilishicha, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining saytida taqdim qilingan referent narxlar bo‘yicha jadvallar tahlil qilinganda, bir qator nomuvofiqliklar aniqlangan.

“Vakolatli davlat organi dori vositalarining ulgurji va chakana savdosining maksimal narxlarini hisoblashda distribyutorning bojxona rasmiylashtiruvi, bojxona deklaratsiyasini ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona to‘lovlari va QQS to‘lash , sertifikatlashtirish, namunalar olish, logistika bo‘yicha haqiqiy xarajatlar va boshqa ko‘zda tutilmagan xarajatlarni marjinal bahosiga kiritishni hisobga olmagan. Referent narxlar 2020-2021 yil ma’lumoti asosida shakllangan bo‘lib, eski tariflar bo‘yicha hisobga olingan. Shuning uchun ulgurji va chakana narxlar solishtirilganda salbiy farqlar paydo bo‘layotgani hamda joriy narxlar limit narxlaridan ancha baland bo‘lishi yaqqol ko‘rinib turibdi”, – deyiladi xatda.

Tahlil qilingan jadvaldagi bir misolga qaralsa, “Fosfolipiale” dorisi bir xil doza va bir xil ishlab chiqaruvchi bo‘lgan holatda O‘zbekistonga 2015 yilda 5,65 dollar va chakana sotuv narxi 81 837 so‘m, 2021 yilda 9 dollarga kirgani va chakana narxi 139622 so‘m bo‘lgani keltirilgan. Ammo vakolatli organ O‘zbekistonga kirib kelgan Fosfolipiale № 5 dorisini 138 000 so‘mdan ($*11450+15% +20% ) sotayotgan dorixonani jarimaga tortib, bunda farq 2015 yilgi narx bilan solishtirilgan.

Shuningdek, jadvalda shu kabi 150ga yaqin dorilar tahlil qilinganda referent nomuvofiqliklar aniqlangani aytilyapti.

Xatga 300ga yaqin tadbirkor imzo qo‘ydi.

Dorilarning referent narxlari qancha vaqtda o‘zgartirib turiladi?

Murojaatchi tadbirkorlardan birining aytishicha, “Fair Tech” tizimi borasida mas’ul organlar xodimlari va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilganida, tadbirkorlar dorilarning referent narxlari o‘zgartirib turilmasligi masalasini ko‘targan.

“Avvaliga, dorilarning referent narxlari 1 yilda bir marta o‘zgartiriladi deyishdi. Biz bir yilda nimalar o‘zgarib ketadi, narx necha marta o‘zgaradi deb e’tiroz qilganimizdan keyin 6 oyda bir marta o‘zgartiramiz deyishdi. Biz dorilarga referent narxlar belgilanishi, cheklangan ustama belgilanishiga norozi emasmiz, lekin tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak, tizim ishlamagani oqibatida biz asossiz qimmatchiga chiqyapmiz. Dorixonachilar insofsiz, narxni asossiz oshirishyapti deyish oson, ammo hozir dorixonalar o‘rtasida raqobat juda kuchli. Hech kim 15 foizdan yuqori ustama qo‘yayotgani yo‘q, buni o‘ylayotgani ham yo‘q. Bizga 20 foizgacha ruxsat berilgan. Biz 11-12, juda ko‘p qo‘yib yuborsak 18 foiz qo‘yyapmiz”, – deydi u.

Dorilar tanqisligi va qorabozor xavotiri

Yana bir tadbirkor uning dorixonalaridagi dorilarning 40 foizi bilan shunday holat kuzatilganini aytadi.

“Dorilar narxlari oshishiga ham, tushishiga ham qaralmayapti. Biz hammamiz tadbirkormiz, maqsad – pul topish va bozorda yo‘q dorilarni to‘liq yetkazib berish. Qanaqa qilib tadbirkor zarariga sotishi mumkin? Bizga shartli dorini 135 so‘mga sotasan deyapti, o‘zi chegaradan o‘tgandagi narx 135 so‘m. 160 so‘mdan sotib qo‘yyapmiz, “qimmat sotding” deb jarimaga tortyapti. Vaholanki, 15-18 foiz ustama qo‘yganmiz.

Agar shunday bo‘lsa, biz bu dorilarni olib kirib, zararimizga sotadigan bo‘lsak, olib kirmaganimiz, umuman sotmaganimiz yaxshi. O‘zi nega dori narxlari oshyapti?! Birinchisi – tanqislik, ikkinchisi – qorabozor hisobiga. Bizga o‘xshagan qonunga muvofiq ishlaydigan tadbirkorlar olib kirmasa, qorabozor rivojlanadi. Qo‘ldan qo‘lga sotiladi. Prezidentimiz xalq norozi bo‘lmasin, sifatli dori olib kelinsin va sifatli sotilsin dedi. Agar bu davom etsa, aksar dorilar tanqisligiga va oxir-oqibat qorabozor rivojlanishiga olib keladi. Yoki qonuniy ishlab turgan tadbirkor qonundan qochishga majbur bo‘ladi”, – deydi tadbirkorlardan biri.

Uzoq yillardan beri dorixona biznesi bilan shug‘ullanayotgan suhbatdoshimizga ko‘ra, bu chora tadbirkorlarni chek bermaslikka undashi mumkin.

“Xaridorga chek bermaslik dorixonachining foydasiga hal bo‘ladigan narsa bo‘lib qoladi. Chekda hamma narsa ko‘rinib turadi, hammaning chekini berib to‘g‘ri ishlashga harakat qilyapmiz, lekin bizni asossiz va o‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan holatda shu chek tufayli javobgarlikka tortishyapti. Chetlab o‘tishga majbur bo‘lamiz. O‘zi soliqning mahsulot va xizmatlar identifikatsiya kodi (MXIK)ga oid talabiga arang moslashdik va zo‘rg‘a endi yo‘lga qo‘yib oldik” , – dedi u.

Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat, asosan, “Bayer”, “Polpharm”, KRKA kabi dori ishlab chiqaruvchilar, shuningdek Rossiya va Belarus firmalari bilan kuzatilyapti.

“10 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda nega bizga sotgan ulgurji sotuvchilardan ishni boshlamasdan, bizni jazolayapsizlar deb so‘radik. “Sizlarda QR-kod chiqadi, sizlardan ushlashimiz oson. Sizlarni jazolaymiz, siz optomchilarni ko‘rsatasizlar” deyapti. “Optomchi” sizlarga qimmat sotgan bo‘lsa ham, sizlarni jarimaga tortamiz, sizlar qimmat sotgan “optomchi”ni sudga berib, zararingizni undirib olaverasizlar deyishyapti. Shunday zanjir bilan distribyutorga boramiz deyishdi. Pastdan emas, tepadan nazoratni boshlash kerak emasmi? “Biz qonunni buzmayapmiz, bizga qimmat sotsa aybimiz nima? 20 foizdan ortiq ustama qo‘yib sotmayotgan bo‘lsak” desak, “bizga oson tutyapsizlar, biz ularni tuta olmayapmiz deyishdi”, – deydi bir tadbirkor.

Raqobat qo‘mitasi nima deydi?

Kun.uz yuqoridagi masala yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qildi.

Qo‘mita boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Botir Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, dorilar narxlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi, standartlashtirish DUK tomonidan shakllantiriladi. Ular ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasiga yuboradi. Agar narxlar nomuvofiqliklar aniqlansa, Raqobat qo‘mitasiga chora ko‘rish uchun yuboriladi.

“Ilgari o‘tkazilgan barcha yig‘ilishlarda narx shakllanishiga mas’ul organ xodimlari har 3 oyda narxni yangilash bo‘yicha dorini ro‘yxatdan o‘tkazgan korxona tomonidan qayta narx shakllantirilishi mumkinligi tushuntirilgan. Biroq, ular parvo xam qilmagan. Hujjat topshirishsa, 2 kunda bazadagi narxni yangilab berishadi. Ammo Farmkomitet o‘zboshimchalik bilan dollar kursi tushdi yoki oshdi deb dollarga bog‘lab qo‘ya olmaydi.

Axir xalqimiz o‘qituvchi, jurnalist, doktor va boshqa ishchilari dollarda oylik olmaydi-ku, nega dorixonaga kirganingizda bugun dollar kursi oshdi, shunga tsitramon yana oshdi deyish kerak? Dori narxi respublikaga kirishdagi kurs bilan xarajatlarni inobatga olgan holda Farmkomitet tomonidan ro‘yxatga olinadi. O‘sha kundagi kursda qancha chiqsa, dori narxi shunga qarab shakllanadi. Uni kursga bog‘lab qo‘yish insofsizlik bo‘ladi, dori har kuni olib kelinmaydi-ku axir”, – dedi qo‘mita mas’uli.

Tadbirkorning takliflari

“Grand Pharm Trade” korxonasi rahbari A.Rahimovning Kun.uz'ga aytishicha, u hukumatga bu borada bir qator takliflar bergan:

  • Ulgurji va chakana sotuvchilar tomonidan tekshirish va nazoratni avtomatlashtirish uchun elektron dasturiy mahsulotlarga chegaraviy ulgurji va chakana narxlarni integratsiyalash kerak.
  • Ulgurji sotuvchilarga yuqoridagi ichki nazorat narxlarini o‘zlarining ichki buxgalteriya dasturlariga integratsiya qilish imkoniyatini berish lozim.
  • Chet el valutalari kursidagi tebranishlarni hisobga olgan holda, marjinal ulgurji va chakana narxlarni hisoblashdagi xatoliklarni bartaraf etish kerak.
  • Bitta dori mahsuloti uchun marjinal ulgurji va chakana namunaviy narxlarni qo‘llashda nomuvofiqlikning oldini olish uchun faqat bitta marjinal narxni (maksimal) qo‘llash lozim.
  • Ulgurji va chakana farmatsevtika korxonalariga, agar haqiqiy ulgurji va chakana narxlar bazaviy narxdan 15% ustama va ulgurji narxdan 20% dan oshmagan holda hisoblangan bo‘lsa, ularga nisbatan ma’muriy jazo choralarini (jarimalarini) qo‘llamaslik kerak.
  • Mas’ul organlar jazo choralarini qo‘llamasdan ulgurji va chakana sotuvchilarga narxlarga tuzatish kiritish uchun yetarli vaqt berilishi kerak.

Madina Ochilova,
Kun.uz

Mavzuga oid