Sport | 21:59 / 24.05.2023
22659
2 daqiqa o‘qiladi

Parij-2024 Olimpiya mash’ali Eyfel minorasida yoqilishi mumkin 

Parijdagi 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi tashkilotchilari asosiy stadion o‘rniga Eyfel minorasida mash’al yoqishni rejalashtirmoqda. 

Foto: Reuters

Yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 2024 yil 26 iyul kuni, Sena daryosida teatrlashtirilgan tomosha ko‘rinishida bo‘ladi.

Ishtirokchi mamlakatlar delegatsiyalari Austerlits viadukidan Iyena ko‘prigigacha bo‘lgan 6 kilometrlik masofani bosib o‘tadi va Eyfel minorasi qarshisidagi Trokadero saroyida to‘xtaydi. 

Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, marosimning yakuniy qismida shaharning eng mashhur binosi – Eyfel minorasida mash’al yoqish marosimi bo‘ladi. Biroq tashkiliy qo‘mita bu ma’lumotni tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortmoqda. 

«Olimpiada o‘yinlarining ochilish kunida mash’al yoqiladigan joy hali aniqlanmagan», dedi agentlikka tashkiliy qo‘mita rasmiysi. 

Qayd etilishicha, Olimpiya mash’alini Eyfel minorasi tepasiga texnik sabablarga ko‘ra o‘rnatib bo‘lmaydi, chunki u yerda uyali aloqa kompaniyalari antennalari va chaqmoqqa qarshi uskunalar bor. Ehtimol, u minora tepasiga yaqin joydagi maydonchaga joylashtirilishi mumkin. 

Olimpiya mash’ali Fransiyaga kelasi yilning 8 may kuni Gretsiyadagi Olimp tog‘idan yetkaziladi. 9 may kuni Marselda Olimpiya mash’ali estafetasi boshlanadi, u Parijdagi asosiy mash’alning yoqilishi bilan yakunlanadi. 

Parij shahri 1900 va 1924 yillarda yozgi Olimpiada o‘yinlarini qabul qilgan. Ammo Eyfelda hali Olimpiya mash’alini yoqish marosimi o‘tkazilmagan. 

Mavzuga oid