O‘zbekiston velosipedchilar terma jamoasi erishgan natijalar xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi
Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi “UCI ASIA” reytingida “Under 23” toifasida 1-o‘rinni egallab turibdi. Bu haqida “Tashkent City Professional Cyling Team” treneri Luchiano Kapolikkio Italiyaning nufuzli “TUTTOBICIWEB.IT” sport nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Yaqinda Italiyaning nufuzli “TUTTOBICIWEB.IT” sport nashri “Tashkent City Professional Cyling Team” treneri Luchiano Kapolikkio bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni e’lon qildi.
Kapolikkio velosportchilar tomonidan erishilgan natijalar, g‘alabalar haqida gapirar ekan, “O‘zbekiston sportchilari bugun “UCI ASIA” Osiyo qit’asi reytingida “Under 23” toifasida 1-o‘rinni egallab turganiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“O‘zbek sportchilari, yigitlari chindan ham mehnat qilishni va natijalarga erishishni xohlashadi. Bu ruh va shijoatni men ilgari birga ishlagan yosh kolumbiyalik sportchilarda kuzatgandim. Afsuski, bu hozir Italiya yosh sportchilari orasida kam uchraydigan ruh va shijoat”,- dedi u.
O‘zbekiston velosport federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra:
- ayni damda erkaklar terma jamoasi UCI jahon reytingida 34- o‘rinni, ayollar esa 17-o‘rinni egallab turibdi. Osiyo UCI reytingida erkaklar jamoasi 3-o‘rinni, ayollar jamoasi 1-o‘rinni egallab turibdi. Bu esa O‘zbekiston terma jamoasining Parij-2024 uchun Kvotalar (litsenziyalar) olish bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari reyting tizimiga kirishiga asos bo‘lmoqda.
Italiyada O‘zbekiston velosportchilari terma jamoasining sport bazasi tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Jamoaning natijalari xalqaro ekspertlar va velosport mutaxassislari tomonidan juda ijobiy baholanyapti.
O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Otabek Akbarovga ko‘ra, terma jamoa 2022 yilning birinchi yarmida dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan 25 dan ortiq xalqaro musobaqalarda ishtirok etishgan:
“O‘zbekiston velosportchilarining Italiyada professional sport bazasini tashkil etilishi xamda milliy terma jamoa a’zolari bilan birgalikda “Tashkent City Professional Cyling Team” sportchilarining Yevropa poygalarida qatnashishi yuqori sport natijalariga erishishiga xizmat qilmoqda.
Bir vaqtning o‘zida, o‘zbek professional velosportning Yevropada mavjudligi, xususan, Italiyada borligi, davlat rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan oldimizga qo‘yilgan ko‘plab vazifalarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Bular “UZBEKISTAN” milliy brendini jahon “NATIONAL BRAND” reytingida ilgari surish, mamlakatimizning xorijda turizm jozibadorligini, O‘zbekistonning investitsion salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish kabi masalalardir.
Shu o‘rinda shuni ta’kidlashni istardimki, faqat 2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonlik velosportchilar Angliya, Fransiya, Ispaniya, Kipr, Polsha, Sloveniya, Estoniya, Gretsiyada tashkil etilgan 25 dan ortiq xalqaro UCI reyting poygalarida ishtirok etishdi va ularning aksariyati Italiya Respublikasida o‘tkazildi. Bu ishlar o‘z o‘zidan yuqorida ta’kidlangan masalalar yechilishining bir omili sifatida qaralishi lozim”, - deya ta’kidladi elchi.