O‘zbekiston | 17:07 / 13.06.2023
10709
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi Senat a’zoligiga saylandi

Oliy Majlis Senatida Surxondaryo viloyatidan bo‘shab qolgan o‘rin uchun saylov bo‘lib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Yoshlar markazi binosida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ishtirok etdi.

Saylov yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Saylov natijalariga ko‘ra Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylandi.

Ulug‘bek Qosimov 1983 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 2005 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005 yilda Denov tuman prokuraturasida boshlab, Surxondaryo viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2011 yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, Qumqo‘rg‘on tuman prokurori, Surxondaryo viloyati Muzrabot va Denov tumanlarida hokim bo‘lib ishlagan.

U Surxondaryo viloyati prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2019 yil sentabrida Farg‘ona viloyatiga prokuror bo‘lgan, Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlagan. 

Ulug‘bek Qosimov 2023 yil mart oyi o‘rtalarida Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tayinlandi.

Mavzuga oid