Jahon | 14:20 / 20.06.2023
28602
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyo okeanlari isiyapti. Keyingi taxminlar qanday?

Okeanlardagi harorat Yer yuzida iqlim holatiga ta’sir qiladi. Yaqinda o‘tkazilgan kuzatuvlarga ko‘ra, Atlantika va Tinch okeanlarida harorat kutilmagan tarzda ko‘tarilishni boshlagan. Va bu Yer yuzining ayrim hududlarida yomg‘irlarning keskin oshishiga yoki aksincha qurg‘oqchilik avj olishiga olib kelishi mumkin.

Atlantikada yuqori harorat

Atlantika okeanida rekord darajadagi suv harorati sabab qalqib chiqqan sargassum dengiz o‘tlari. Foto: Getty images

14 iyun kuni Atlantika okeanidagi o‘rtacha harorat 22,7 darajaga yetdi. Umuman olganda bu yuqori emas, lekin Atlantika okeanining shu davridagi odatiy haroratiga nisbatan baland. Chunki okeandagi o‘rtacha harorat odatda 20 darajani tashkil qilib kelgan. 2 daraja balandlik okeanda ortiqcha issiqlik to‘plangani va yoz davomida harorat yana isishini anglatadi. Prinston universiteti iqlimshunos olimi Gabriyel A.Vecchiga ko‘ra, bu yil yoz noodatiy issiq bo‘ladi va Atlantikaning issiq oqimlari dunyodagi haroratni ham o‘zgartirishi mumkin.

Atlantika okeani yuzasidagi harorat Braziliya, Hindiston, Afrikaning Sahel hududi va AQShning janubi-g‘arbiy hududlariga ta’sir o‘tkazadi. Harorat 26 darajaga chiqsa, halokatli bo‘ronlarni paydo qiladi va okean sathini oshiradi. Bu esa 3 milliard odamni boqadigan baliq zaxirasini qisqartirishi mumkin. Isish faqatgina Atlantikada emas, boshqa okeanlarda ham kuzatilyapti. Masalan, Tinch okeanida sodir bo‘layotgan El Nino hodisasi ham global harorat oshishiga sabab bo‘lyapti.

El Nino nima? 

Foto: NOAA

Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suv yuzasining issiq yoki o‘rtachadan baland haroratda bo‘lishi El Nino hodisasi deb nomlanadi. Bu hududda sovuq havo oqimlari to‘planishi esa La Nino deyiladi. Iqlimshunoslar bu ikki jarayonni dunyo iqlimining «motori» deyishadi. Ya’ni ularga qarab fasllardagi haroratni taxmin qilish mumkin. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov buni shunday tushuntiradi.

«Oxirgi 3 yillikdagi La Nino faolligi bizning mintaqada antitsiklonlar rivojlanishi fonida qish-bahor mavsumida to‘satdan kirib keluvchi anomal sovuq havo to‘lqinlarini oshirib yubordi. Bu yil mart oyidan esa La Nino o‘rnini El Nino egallagan. «El-Nino» fenemon hodisa iqlim kataklizmlari chastotasi ortishi materik markazida davomli qurg‘oqchilik va to‘satdan yuzaga keluvchi jadal yog‘inlar xavfini ko‘paytiradi», – deb yozadi u.

El Nino sabab Malayziyada yongan ekinlar. Foto: Getty images

Milliy ob-havo xizmat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023-2024 yil qishlari davomida El Nino hodisasi Shimoliy yarimsharda saqlanib turadi va asta-sekin kuchayib boradi. Prognozlarga ko‘ra, bu hodisa dunyoda issiqlik rekordini yangilashi, Janubiy Amerikada yog‘ingarchilikning ko‘payishi, Afrikada qurg‘oqchilikning kuchayishi va dunyo iqtisodiyotiga zarar yetishiga sabab bo‘ladi.

El Nino sabab dunyo iqtisodiyoti eng katta yo‘qotishlardan birini 1997-1998 yillarda boshidan kechirgan. Scinece jurnalining yaqinda e’lon qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘shanda dunyo davlatlari issiq sabab 5,7 trillion dollarlik yo‘qotishlarga duch kelgan. Bunga 23 ming o‘limga sabab bo‘lgan bo‘ron va suv toshqinlari ham kiradi.

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, agar davlatlar issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha bergan va’dasini bajargan taqdirda ham El Nino hodisalari asr oxirigacha 84 trillion dollarlik yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. El Ninoni kuzatishdan maqsad – issiq oqimlar qachon, qanday rivojlanishini prognoz qilish va shu orqali dunyoni bunga tayyorlash uchun vaqtdan yutish hisoblanadi.

Okeanlarda harorat oshishi yangilikmi?

Yo‘q, yangilik emas. Okean suv yuzasida issiq va sovuq oqimlar harakati doim bo‘lgan va davom etaveradi. Unda nega bu haqda ko‘p yozilyapti? Gap shundaki, okeanlar yuzasining isishi insoniyat uchun hozir ko‘proq falokatli. Chunki atmosferaga CO2 tashlamalari keskin ortgan va ular o‘ziga quyoshdan ko‘p issiqlik so‘rib, yana okeanlarga tushyapti. Okeanlarda harorat ko‘tarilib borsa, suv CO2ʼni yaxshi so‘rmaydi. Okeanlar suvi sovuqroq bo‘lsa, CO2ʼni yaxshi so‘rib tezroq sovitadi. Natijada okeanlarda ko‘proq issiq energiya to‘planib boraveradi. Bu – insoniyat shu paytgacha guvoh bo‘lmagan halokatlarga tayyor turish kerakligini anglatadi.

1950 yillardan beri okeanlar juda katta miqdorda issiqlik energiyasini so‘rib olgan Foto: NASA

NASA ma’lumotlariga ko‘ra, 1955 yildan beri okeanlar 345 zettajoul energiyani o‘zlashtirgan. Bir zettajoul bir yilda dunyodagi barcha atom elektr stansiyalari ishlab chiqargan energiya miqdoridan 87 baravar ko‘p.

Oqibatlar haqida

Okeanlarda harorat ko‘tarilishi oqibatlarini bashorat qilishga hali erta bo‘lishi mumkin, lekin olimlar issiq harorat ta’sirlari muqarrar ekanini aytmoqda. Masalan, suv yuzasining isishi ko‘proq bug‘lanishdan va bu ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishidan darak beradi. Yog‘ingarchilikning shamol yo‘nalishiga qarab o‘zgarishi ayrim joylarda ko‘p yog‘ingarchilikka sabab bo‘lsa, ayrim hududlarda qurg‘oqchilikka olib keladi.

Shu bilan birga issiqlik okean suvining kengayishiga ham olib keladi va natijada Yer yuzida suv sathi ko‘tariladi. Hozir aynan shu sabab dunyodagi dengizlarning 1/3 qismida suv sathi ko‘tarila boshlagan.

Bundan tashqari, harorat dengizdagi tiriklikka ham ta’sir qiladi. Ya’ni suv qizib turganda kamroq kislorod ushlab turadi va bu baliqlarning nafas olishini qiyinlashtirishi mumkin. Buni Texasda iyun boshida minglab baliqlarning o‘lganidan ham bilish mumkin.

Osiyo va O‘zbekistonga qanday ta’siri bor?

Ayni damda Osiyoning turli davlatlarida issiq harorat boshlangan. Iyunning boshida Xitoyda +45 darajali haroratlar kuzatilgan. Xitoy iqlimshunoslari prognoziga ko‘ra, mintaqada 2023 yil yozida +50 darajali issiqliklar kuzatilishi mumkin.

Bundan tashqari Qozog‘iston shimoli, Hindiston va Sibirda ham +40 darajali issiqlar qayd etilyapti.  O‘zbekistonning qator viloyatlarida ham +40, Surxondaryoda+45 daraja issiq kuzatildi. Va bu bevosita El Nino hodisasi bilan bog‘liq.

Erkin Abdulahatovning tushuntirishicha, O‘zbekistonda oxirgi 8 yillikda El Nino hodisasi ta’siri ustun yillarida yoz oylari issiq o‘tgan. “Joriy yil ham yoz oylari issiq bo‘lish kutilmalari maksimumga yaqin. Hozirgi paytda bizning mintaqada yoz oylari davomli jazirama va qurg‘oqchil bo‘lish ehtimoli yuqori. Agar, 2016-analog yilga ishonilsa, kelayotgan qishimiz ham iliq bo‘lishi mumkin. Albatta, bu uzoq muddatli prognozlar. Uning o‘zini oqlash darajasi juda past”, – deb yozadi iqlimshunos.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid