O‘zbekiston | 15:12 / 14.07.2023
6926
3 daqiqa o‘qiladi

«Inson muhojirlikda hech qachon baxtli bo‘lmaydi» – ekspert hukumatni mamlakat ichkarisida ko‘proq ish o‘rinlari ochishga chaqirdi 

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botirjon Shermuhammad Kun.uz’ga bergan intervyusida hukumatni vatandoshlar uchun ichkarida ko‘proq ish o‘rinlari yaratishga chaqirdi. Unga ko‘ra, ishsizlikka yechim sifatida vatandoshlarning xorijga yuborilishi to‘g‘ri emas.

“Odamlar muhojirlikda hech qachon baxtli bo‘lmaydi. Bu narsani hukumat ham, o‘zimiz ham tushunishimiz kerak. Borib pul topish mumkin, lekin baxtli bo‘lib bo‘lmaydi.

Deylik, Rossiyada Rossiya fuqarosi 8 soatlik ishdan keyin uyiga boradi, oilasi bilan bo‘ladi, dam oladi. Biznikilar esa muhojirlikda kamida 12 soat ishlaydi. Yashash joyi ham qurilish yaqinidagi qandaydir vagonga o‘xshash narsa. U yerda oilasi yo‘q, dam olishga, boshqa bir shaklda hordiq chiqarishga imkoniyati ham yo‘q. Kamida 6 kun ishlaydi haftasiga shu tartibda. Bu narsa oylab, yillab davom etgach, odamning psixologiyasi o‘zgaradi, asablari charchaydi, bunday odamlarga esa ozgina gap ham ortiqchalik qilib qolishi mumkin.

O‘zbekistonda qolgan oilasida ham shunday baxtsizlik bo‘ladi. Psixologik holati buzilganidan, charchaganidan o‘z bolasini qiynab videoga olganlar chiqyapti. Biz hech qachon odamlarni chetga ishga yuborib, vatanni rivojlantirolmaymiz, odamlarni baxtli qilolmaymiz. Chet elda ishlash vaqtinchalik bo‘lishi kerak. Chiqqan inson faqat, 3-4 oyda qaytib kelishi lozim. Bo‘lmasa, bunday ijtimoiy muammolar kelib chiqaveradi.

Rossiyadagi bir uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi xodimiga siz ham oilasiz bir necha oy yashab ko‘ring-chi, deb aytdim. Yillab yuradi odamlar u yerda. Ishsizlik yechimi sifatida vatandoshlarni chet elga yuborish — noto‘g‘ri. Biz bunga emas, o‘zimizda ish o‘rni yaratishga harakat qilishimiz kerak — bundan boshqa yechim yo‘q”, – Botirjon Shermuhammad. 

Mavzuga oid