Jahon | 14:25 / 19.07.2023
25870
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «qasos zarbasi» va Donbassdagi artilleriyachilar. Urush suratlari

Ukrainada urushning 510-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina janubiga raketalar va dronlar bilan hujum qildi. Odessada parchalar portga zarar yetkazgan.
  • RF mudofaa vazirligi va Kreml Odessa o‘qqa tutilishini Qrim ko‘prigidagi portlash uchun «qasos zarbalari» deb atadi.
  • «Kommersant» nashri yozishicha, tergov Qrim ko‘prigida «ikkitalik terakt» sodir etilgani versiyasini ko‘rib chiqmoqda. Tergovchilarning ma’lumotiga ko‘ra, obektga avvaliga portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan va masofadan boshqariladigan gidrosikllar hujum qilgan, ularning ko‘magida «yanada takomillashtirilgan jangovar apparatlar» bilan zarba berilgan.
  • RF vitse-premeri Marat Xusnullinning baholashicha, 17 iyul kuniga o‘tar kechasi portlash sodir etilgan Qrim ko‘prigini tiklash kamida milliard rublga tushadi.
  • Bosh razvedka boshqarmasining (GRU) iste’fodagi polkovnigi Vladimir Kvachkovga qarshi Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» bo‘yicha protokol tuzildi. Bu ishga aynan nima sabab bo‘lgani ma’lum qilinmagan.
  • 19 iyulga o‘tar kechasi ham Rossiya Ukrainaga raketa va dronlar bilan yoppasiga hujum uyushtirdi. Mamlakatda keng ko‘lamli havo trevogasi e’lon qilindi: Odessada portlashlar ro‘y berdi, Kiyevda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishladi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko‘ra, harbiylar barcha raketalarni, jumladan 35 drondan 31 tasini yo‘q qilgan.

Odessa bo‘ylab «qasos zarbasi» oqibatlari

18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Odessa bo‘ylab Shahed kamikadze dronlari va «Kalibr» qanotli raketalari bilan hujum qildi. RF mudofaa vazirligi va Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujumni «Qrim ko‘prigi uchun qasos zarbalari» deb atadi.

Ukraina QK «Janub» operativ qo‘mondonligi Odessa va Mikolayiv oblastlarida rossiyaliklarning oltita raketasi va 25 ta uchuvchisiz uchar qurilmasi urib tushirilganini ma’lum qildi. Odessa oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Kiper qurbonlar yo‘qligi, tinch aholi vakillaridan bir kishi yaralanganini xabar qildi.

Kreml va RF mudofaa vazirligi Rossiya harbiy dengiz kuchlari Ukrainaning Odessa shahridagi port infratuzilma obektlariga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba bergani, shuningdek, Odessa va Mikolayiv oblastlaridagi Ukraina qurolli kuchlari uchun yonilg‘i saqlash omborlari yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Rossiya mudofaa vazirligi «rejadagi barcha nishonlar yo‘q qilingani»ni ta’kidlagan. Odessa shahri rasmiylariga ko‘ra, shaharda raketa parchalari tushishi oqibatida g‘alla tashish uchun transport tugunlaridan birining infratuzilma obektlaridan tashqari, bir qancha turar joy binolari ham shikastlangan.

18 iyulga o‘tar kechasi rossiyaliklarning Odessaga hujumi vaqtida ukrain harbiylari tomonidan urib tushirilgan raketalardan biri xususiy uyga qulagan
Oleksandr Gimanov / AFP / Scanpix / LETA
Odessadagi uy tomidagi o‘yiq orqali rossiyaliklar raketasi parchasini olib chiqayotgan ishchi
Igor Tkachenko / EPA / Scanpix / LETA

Qrim ko‘prigidagi tirbandlik

Qrim ko‘prigida harakat portlashdan bir kun o‘tib qisman tiklandi. Qatnov Taman—Kerch yo‘nalishidagi o‘ng polosada reversiv rejimda yo‘lga qo‘yilgan. Rossiya hukumati ko‘prikning bir tomonida ikki tomonlama harakatni 15 sentabrgacha, ikkinchi tomonida noyabr oyida to‘liq tiklashni rejalashtirgan

Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblastidagi artilleriyasi

 

BM-21 «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimi front chizig‘i yaqinida. Yo‘l yoqasidagi dalada kombayn bug‘doy o‘rmoqda
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA

Yakov Gandzyuk nomidagi 59-alohida motopiyodalar brigadasi harbiysi front chizig‘i yaqinida BM-21 «Grad» uchun snaryad tashimoqda — Ukraina QK Donetsk oblastining Avdiyivka shahri hududida Rossiya hujumlarini qaytarmoqda.
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA
Ukrain harbiylari BM-21 «Grad» tizimidan rossiyaliklarning Avdiyivka atrofidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda
Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA

Jasadi birodarlik qabristonidan topilgan ukrain jangchisining dafn marosimi 

Buchada Ukraina qurolli kuchlari faxriysi, 2017–2019 yillarda Donbassda xizmat qilgan Roman Shadlovskiyning janoza marosimi. 2022 yilda rossiyalik harbiylar uni o‘g‘irlab ketgan, qiynoqqa solgan va keyin o‘ldirgan. Shadlovskiy dastlab birodarlik mozoriga ko‘milgandi. Keyinroq DNK testi orqali uning shaxsi tasdiqlandi, 18 iyul kuni jasad qoldiqlari qaytadan dafn etildi.
Jae C. Hong / AP / Scanpix / LETA

Mikolayivda yakson etilgan rus texnikalari ko‘rgazmasi

Ukraina shaharlarida vaqti-vaqti bilan rossiyaliklarning yakson etilgan va o‘lja qilib olingan harbiy texnikalari ko‘rgazmalari o‘tkazib turiladi. 7 iyuldan buyon bunday ko‘rgazma Mikolayiv shahridagi Sobor maydonida faoliyat ko‘rsatmoqda, bu yerda yettita eksponat tomosha uchun qo‘yilgan — razvedka uchun nazorat mashinalari, zirhlangan avtomobillar va zirhli transportyorlar.

Hector Adolfo Quintanar Perez / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Hector Adolfo Quintanar Perez / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Mavzuga oid