Ikki haram, «millioner» Ar-Riyod va Al-Ula vohasi – Saudiya Arabistonidan fotoreportaj
Saudiya Arabistonida musulmonlar uchun ikki muqaddas joy – Makka va Madina shaharlari joylashgan. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda turizm uchun ochilayotgan qirollikda sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab joylarni uchratish mumkin. Saudiya xizmat safarida bo‘lib qaytgan Kun.uz fotomuxbiri qirollikning diqqatga sazovor joylaridan fotojamlanma taqdim qiladi.
O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni deyilganda deyarli barchaning ko‘z oldiga muqaddas ziyoratgohlar keladi. Bularning eng kattasi Makka – rasmiy nomi Makkatul mukarramah (mukarram, aziz Makka). Shaharda butun dunyo musulmonlarining bosh ziyoratgohi va qiblasi – Ka’ba va Masjidul Harom joylashgan.
Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Makkada ko‘plab yangi bino va qulayliklar ko‘paytirilmoqda. 2010 yilda Makkada ilk metro ochildi, 2012 yilda dunyodagi eng katta osmono‘par binolardan biri – Abraj al-Bayt qurilishi yakunlandi. Uning eng baland binosi – Royal Clock Tower dunyodagi eng katta va eng baland soatga ega.
Makkada mahalliy aholi soni 2 milliondan oshadi, haj mavsumining o‘zida bir vaqtda shaharga yana 2 milliondan ortiq ziyoratchilar keladi.
Madina – rasmiy nomi Al Madinatul-munavvarah (Nurli Madina), musulmonlar uchun Makkadan keyingi ikkinchi muqaddas shahar. Aholisi 1,5 millionga yaqin.
Nabaviy masjididan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Qubo masjidi joylashgan. U Islom tarixidagi ilk masjid o‘laroq musulmonlar uchun qadrli hisoblanadi.
Har yili Haj va umraga kelgan millionlab musulmonlar Masjidun Nabaviy ziyorati uchun Madinaga ham tashrif buyuradi.
Ar-Riyod – Saudiya Arabistonining poytaxti va qirollikdagi eng katta shahar hisoblanadi. Shahar nomi “bog‘lar”, degan ma’noni bildiradi, aholisi 7 million kishidan oshadi.
Bu yerda Saudiya qiroli va shahzodalarining qarorgohlari, markaziy hukumat idoralari joylashgan. Poytaxtda sanoat binolari yo‘q, lekin maishiy va xizmat ko‘rsatish, oliygohlar, muzeylar va ilmiy markazlar juda ko‘p.
Ar-Riyoddagi zamonaviy hayot ramzi bo‘lgan Royal Center'da ko‘plab ofislar, qimmatbaho kvartira va restoranlar joylashgan. 99 qavatli bino "Burj al-mamlakah" shahardagi eng baland bino hisoblanib, uning balandligi 302 metrni tashkil qiladi.
Al-Ula – Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbiy qismida, Madina shahridan 350 km shimolda joylashgan voha.
Olimlar vohadan neolit davridagi hayot izlarini topishgan. Savdodagi ahamiyati tufayli vohada miloddan avvalgi I asr boshlarigacha ayrim arab qabilalari yashagan.
YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan bu hududda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon tabiiy, sayyohlik va madaniy bog‘lar tashkil etish orqali turizmni rivojlantirmoqda.
2018 yildan beri Al-Ulada “Tantorada qish” festivali o‘tkazib kelinadi. Bu yerda dunyodagi eng katta oyna binosi – Maraya konsert zali qurilgan.
U har tomondan aks ettiruvchi oynali panellar bilan qoplangan. Oyna fasadining maydoni 9740 kvadrat metr.
Vohada joylashgan qoyalar uzoq yillar davomida shamol ta’sirida noodatiy ko‘rinish olgan.
Shuningdek, qirollikda yirik xurmo bog‘larini uchratish mumkin.
Qirollikning asosiy qismi cho‘llardan iborat bo‘lsa, mamlakatning ikki tarafida yirik suv havzalari – Qizil dengiz va Fors ko‘rfazi mavjud.
Rasmlar muallifi: Muhammadjon G‘aniyev