O‘zbekiston | 23:46 / 31.07.2023
24697
5 daqiqa o‘qiladi

Raqamlar va hodisalar qo‘rqinchli. Toshkent viloyatida jinoyatchilik jilovi qo‘yib yuborildimi?

Prezident Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘tgan 6 oyda o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar eng ko‘p sodir etilgan hududlarni sanab o‘tdi. Ular orasida Toshkent viloyati ham bor. Oyog‘i chopilgan ayol, axlatxonadan murdasi topilgan bola va 12 yoshida jinsiy ekspluatatsi qilingan qizaloq – bular so‘nggi vaqtlarda Toshkent viloyatida sodir qilingan mudhish jinoyatlarning ayrimlari.

Foto: Getty Images

Mas’ul organ hududdagi jinoyatlarning aksariyati ichki ishlar idoralari xodimlarining beparvoligi oqibatida sodir etilganini e’tirof etgan. Viloyat 2023 yilning dastlabki 4 oyida jinoyatchilik oshishi bo‘yicha foiz hisobida respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichni ortda qoldirgan.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan hujjatda 2023 yilning yanvar-aprel oylarida Toshkent viloyatida sodir etilgan jinoyatlar salmog‘i qariyb 5 foizga (respublikada 3,1 foiz) oshgani, viloyatda sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati ichki ishlar organlari xodimlarining beparvoligi sababli yuzaga kelayotgani aytiladi.

Masalan, Bekobod tumanida yashovchi ayol uzoq vaqtdan buyon qo‘shni ayol bilan o‘zaro kelishmay kelgan. Ayol qo‘shnisidan o‘ch olish maqsadida uning 10 yoshga ham to‘lmagan bolasini shafqatsizlarcha o‘ldirib, murdasini axlatxonaga tashlab ketgan.

Aslida, ular o‘rtasidagi ziddiyatdan butun mahalla xabardor bo‘lgan. Ammo bunga mas’ul profilaktika inspektori beparvo qaragan hamda ayollar o‘rtasidagi kelishmovchilikni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.

Shuningdek, viloyatda profilaktik hisobga olinganlar hamda muqaddam sudlangan o‘ta xavfli retsidivist nazoratga olinmagan. Buning oqibatida profilaktik hisobda turuvchi shaxslar tomonidan yanvar-aprel oylarida 9 ta jinoyat sodir etilgan.

Masalan, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi erkak ekstremizm bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlanib, afv etilgan va ma’muriy nazoratga olingan. U opasi bilan doimiy janjallashib kelgani uchun ma’muriy qamoqqa olib ketilayotganida ichki ishlar organlari xodimlarining beparvoligi sababli qochib ketgan. So‘ngra borib, xo‘jalik boltasi bilan opasining oyog‘ini chopib tashlagan.

Viloyatda tegishli mas’ullar va ichki ishlar organlari xodimlarining bee’tiborligi tufayli ayollar o‘rtasida ham jinoyatchilik keskin oshgan. Masalan, Piskent tumanida yashovchi ayol 2022 yilda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashib, ota uyida yashab kelgan. Biroq uning muammolari bilan hech kim qiziqmagan. Ayol 12 yoshli qizini maktabga yubormasdan qo‘shmachilik bilan shug‘ullanadigan opasi qaramog‘iga bergan. U esa voyaga yetmagan jiyanini 3 nafar tanishi bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

Bundan tashqari, joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida viloyatda spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan 2936 nafar shaxsdan 2840 nafari majburiy tartibda davolanish uchun shifoxonaga yotqizilmagan. Buning oqibatida 11 nafar shaxs spirtli ichimlik ta’sirida qotillik sodir etgan.

Misol uchun, Chirchiq shahrida yashovchi erkak mast holatda turmush o‘rtog‘ini yotoqxonada pichoqlab o‘ldirgan. Er-xotinning o‘zaro kelishmovchiligiga rashk sabab bo‘lgan.

Tergovga jalb etilgan fuqaroning ehtimoliy qiynoqqa solinishi ortidan vafot etishi voqeasi ham aynan Toshkent viloyatida, Bo‘ka tumanida ro‘y bergandi. Bu voqeadan keyin viloyat IIB va vazirlikning mas’ullariga nisbatan xizmat tekshiruvlari o‘tkazilayotgani aytilgandi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish, ularning oldini olish hamda profilaktikasi, shuningdek qonuniylikni ta’minlashga prokuratura hamda ichki ishlar organlari mas’ul.

Ma’lumot uchun, Toshkent viloyati IIB boshlig‘i lavozimida 2018 yilning oktyabr oyidan buyon Tohir Aripov, uning birinchi o‘rinbosari lavozimida 2019 yil fevral oyidan beri Ortiq Xudoyberganov ishlab kelmoqda.

Viloyat IIB boshlig‘i Tohir Aripov amaliy ishlardan ko‘ra yig‘ilishlar o‘tkazishni xush ko‘radi, deydi viloyat IIB tizimida ishlovchi manba. Uning aytishicha Aripov rahbar bo‘lgandan buyon xodimlar dam olish kuni nima ekanini unutishgan. Raqam ortidan quvish va tartibsiz ish rejimi xodimlarni holdan toydirgani aytiladi.

Toshkent viloyati prokurori lavozimini 2022 yilning sentabr oyidan buyon Shavkat Rahimov egallab kelayotgan edi. U ayni paytda lavozimdan olingani aytilmoqda. Uning birinchi o‘rinbosari Abduhamid Komilov esa bir hafta oldin lavozimidan bo‘shatilgan. Komilov viloyat ichki ishlar organlarida qonuniylikni ta’minlash ustidan nazoratga mas’ul edi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid