Jahon | 14:27 / 01.08.2023
9046
8 daqiqa o‘qiladi

Sudandagi fuqarolik urushi: Darfur va boshqa hududlarda ayollar zo‘rlanishi avj oldi

Foto: Reuters

2023 yilning aprel oyida muntazam armiya va harbiylashgan «Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari» (RSF — Rapid Support Forces) o‘rtasida qurolli mojaro boshlanganidan beri Sudan bo‘ylab o‘nlab ayollar jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Mamlakat g‘arbidagi Darfur mintaqasida fuqarolar urushi fonida qora tanli mahalliy aholiga qarshi terror, jumladan, ayollarni zo‘rlash uning asosiy elementlaridan biri sifatida qayta tiklandi.

BBC Arab xizmati muxbiri ko‘plab sudanlik ayollar bilan suhbatlashdi. Ayollar jurnalistga RSF jangchilari tomonidan zo‘rlanganini aytgan.

Ogohlantirish: Ushbu maqolada ba’zi mushtariylarda kuchli psixologik reaksiya uyg‘otishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar mavjud.

Koltom nafaqat uni guruh bo‘lib zo‘rlashlariga chidaydi, balki RSF ning to‘rt nafar jangchisining irqiy haqoratlariga ham duchor bo‘ladi.

«Ular shunchaki varvarlar edi. Ular daraxt tagida meni navbatma-navbat zo‘rlashdi. Men shunchaki, olov yoqish va isinish uchun o‘tin terishga chiqqandim», deya telefon orqali titroq ovozda voqeani aytib bergan ayol.

BBC ushbu ayolning ismini, shuningdek, quyidagi maqolada tilga olingan, zo‘rlashga uchragan boshqa ayollarning ham ismlarini o‘zgartirgan.

40 yoshlardagi Koltom urushdan jiddiy zarar ko‘rgan G‘arbiy Darfurda yashovchi Afrikaning qora tanli masalitlar jamoasi a’zosi bo‘lgan va uni zo‘rlaganlar «Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari»ning arab jangchilari edi.

Ushbu harbiylashgan guruh tobora irqiy va etnik tus olib borayotgan Darfurdagi mojaro davomida ko‘plab jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda.

Koltom sobiq Masalit qirolligi poytaxti, Darfurdagi qora tanli afrikaliklarning tarixiy markazi bo‘lgan Al-Geneyneda yashagan. U kasal eri va bolalari bilan u yerdan qochishga majbur bo‘ladi.

Koltomning aytishicha, uni zo‘rlaganlar ayolga shaharni tark etishni buyurgan, chunki bu shahar «arablarga tegishli». Mintaqadagi ko‘plab qora tanlilar RSF «Janjavid» deb nomlanuvchi mahalliy qurolli tuzilma bilan birgalikda, etnik jihatdan xilma-xil bo‘lgan mahalliy aholi ustidan arab boshqaruvini o‘rnatishga intilmoqda, deya gumon qilyapti.

Sudandagi fuqarolar urushi 2023 yil aprel oyi o‘rtalarida, armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burhon va RSF qo‘mondoni, Hemeti nomi bilan tanilgan Muhammad Hamdon Dagalonin ziddiyatidan keyin boshlandi.

Ularning adovati Darfurda dastlab 2003 yilda boshlangan va 300 mingga yaqin odam o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroni qaytadan alangalatdi.

Darfurdagi zo‘ravonlikdan qochgan sudanlik ayollar Chaddagi qochqinlar uchun lagerlarda kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Foto: Reuters

Oxirgi mojaro natijasida 160 mingdan ortiq odam, asosan, masalitlar jamoasi Sudandan Chadga qochishga majbur bo‘lgandi. Qancha odam halok bo‘lgani noma’lum, birgina Al-Geneynedagi qurbonlar sonining eng konservativ hisob-kitobi 5 ming kishini tashkil qilgan.

RSF jangarilari, shuningdek, Sudanning xuddi shu nomdagi poytaxti joylashgan, eng ko‘p aholi yashaydigan shtati — Xartumdagi vahshiyliklarda ham ayblanmoqda.

RSF shtatning katta qismini nazorat qilmoqda, armiya esa ularni bu yerdan siqib chiqarishga harakat qilyapti, ammo hozircha muvaffaqiyatga erisha olgani yo‘q. Ikki tomon o‘rtasidagi janglar aprel oyi o‘rtalaridan beri 2 millionga yaqin odam qochqinga aylanishiga sabab bo‘ldi.

Xartumda zo‘ravonlik irqiy yoki etnik xususiyatga ega bo‘lmadi. Arablar ham, boshqa etnik guruhlar ham to‘xtovsiz davom etayotgan janglar qurboniga aylanmoqda.

24 yoshli Ibtissamning BBC nashriga aytishicha, u xolasini ko‘rgani ketayotganda RSF’ning uch jangchisi uni to‘xtatib qolgan.

«Ular menga qurol o‘qtalib, qayerga ketayotganimni so‘radi. Men xolamnikiga ketayotganimni aytganimda, ular meni armiya razvedkasiga ishlashda aybladi», degan u.

Askarlar Ibtissamni o‘z mashinasiga o‘tqazib, eng yaqin uyga olib borishadi.

«Uyda men ichki kiyimigacha yechingan yana bir erkakni ko‘rdim. Men qochishga harakat qildim. Lekin askarlardan biri meni shunchalik qattiq urdiki, men polga yiqildim», deydi va yig‘lay boshlaydi Ibtissam.

«Uchalasi navbatma-navbat meni bir necha bor zo‘rladi. Keyin ular meni yana mashinaga sudrab olib borib, quyosh botganda yo‘l chetiga tashlab ketdi», deydi ayol.

Ibtissam o‘zini «dahshatli darajada xo‘rlangan va g‘azablangan» his qilganini aytgan.

Sudanda harbiy harakatlar 2023 yil aprelida qaytadan boshlandi

BMTning Sudandagi inson huquqlari bo‘limi 2023 yil iyul oyi boshida kamida 57 nafar ayol va qizga nisbatan 21 ta jinsiy zo‘ravonlik holati haqida xabar olganini ma’lum qildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Tyurkning ta’kidlashicha, uning ofisiga xabar qilingan deyarli barcha holatlarda aynan RSF jangarilari zo‘rlovchilar sifatida qayd etilgan.

BMT ham, mahalliy inson huquqlari tashkilotlari ham jinoyatlarning haqiqiy ko‘lami ancha kattaroq deb hisoblaydi.

Sudanlik inson huquqlari faoli Ahlam Nosir, odamlarni qo‘rqitish uchun, urush olib borishning usuli sifatida zo‘rlashdan tizimli foydalanilayotganiga shubha qilmasligini aytgan.

«(Zo‘rlash) o‘tmishda Darfurda qo‘llangan va Xartumdagi hozirgi urushda RSF tomonidan qo‘llanmoqda», deydi u.

Ahlam Nosir ham mamlakatdan qochib ketgan. Huquq faolining aytishicha, u ham Xartumdagi ba’zi ayollardan dahshatli hikoyalarni eshitgan.

«Ba’zi holatlarda onalar farzandlari ko‘z o‘ngida zo‘rlangan», deydi Nosir.

RSF o‘z jangchilarining ushbu hujumlarga aloqadorligini rad etmoqda.

BBC muxbiriga yuborilgan ovozli xabarda RSF vakili Muhammad al-Muxtor jangchilar «urush olib borishning eng yuqori axloqiy me’yorlariga sodiq» ekanini aytgan.

«Biz qo‘lga kiritgan harbiy g‘alabalardan keyin jangchilarimizning obro‘siga putur yetkazish uchun maqsadli kampaniyalar olib borilmoqda», deya qo‘shimcha qilgan al-Muxtor.

BBC muxbiri unga zo‘rlovchilar deya RSF jangarilarini ko‘rsatgan ayollar bilan suhbatlashganini aytganda, al-Muxtor bu vahshiyliklar uchun javobgarlik RSF a’zolari sifatida niqoblangan odamlar zimmasida ekanini aytgan.

Davom etayotgan to‘qnashuvlar tufayli zo‘ravonlik qurbonlari Sudanning tibbiy va ijtimoiy xizmatlaridan deyarli yordam olmaydi. Aksariyat shifoxonalar ishlayotgani yo‘q va hali ham ishlayotgan oz sonli kasalxonalarga yetib borish esa juda qiyin bo‘lishi mumkin.

Koltom va Ibtissam ularga yetkazilgan azob umr bo‘yi ular bilan qolishini aytishgan.

«Men bilan bo‘lgan voqeani hech qachon unutmayman. Bu sharmandalik meni doim soyadek ta’qib qiladi», deydi Koltom.

Mavzuga oid