Jahon | 23:02 / 02.08.2023
18390
6 daqiqa o‘qiladi

G‘arb tomonidan tayyorlangan Ukraina qo‘shinlari jangovar muammolarga duch kelmoqda - OAV

Ukraina armiyasi hozircha Amerika urush usullaridan voz kechdi va o‘zi yaxshi biladigan taktikaga qaytdi. 

Foto: The New York Times

Ukraina qarshi hujumining uzoq kutilgan dastlabki bir necha haftasi AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan tayyorlangan va qurollantirilgan qo‘shinlarga foyda keltirmadi. Rossiyaning zich minalangan maydonlari, shuningdek artilleriya va vertolyotlardan doimiy o‘qqa tutishi muammoning asosi bo‘ldi, deb yozdi The New York Times. 

AQSh rasmiylari va mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, G‘arbda tayyorgarlikdan o‘tgan Ukraina brigadalari endi vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Ukraina harbiylari o‘q yomg‘iri ostida minalangan maydonlarga tashlanish o‘rniga Rossiya kuchlarini artilleriya va uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan yo‘q qilishga e’tibor qaratib, taktikani o‘zgartirmoqda. Mamlakat janubida qo‘shinlar tarkibi to‘ldirilmoqda, G‘arb tomonidan tayyorlangan kuchlarning ikkinchi to‘lqini Rossiya pozitsiyalarini yorib o‘tish uchun asosan kichik otryadlar bilan hujum qilmoqda. 

Ammo dastlabki natijalar kutilganidayek bo‘lmadi, deb ta’kidladi nashr. Ukraina kuchlari bir necha qishloqni qaytarib olgan bo‘lsa-da, o‘tgan yil kuzda Xerson va Xarkivdagi kabi katta yutuqlarga erisha olgani yo‘q. G‘arbda jangovar manyovrlarga murakkab tayyorgarlik ko‘rish ukrainaliklarga Rossiya artilleriyasi oldida katta ustunlik bermadi. 

Ukrainaning taktikani o‘zgartirish haqidagi qarori NATO uchun aniq signaldir. Bu G‘arb tomonidan ukrainalik harbiylarni tayyorlash sifati va Bayden ma’muriyati tomonidan taqdim etilgan o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘lar samarasi haqidagi savollarni keltirib chiqaradi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z strategiyasi Ukraina va uning ittifoqchilarini holdan toydirib, urushda g‘alaba qozonish ekanini aniq bildirmoqda. AQSh rasmiylari Ukrainaning eski taktikaga qaytishi bilan qimmatli qurollar yo‘qotilishi xavfidan xavotirda, bu esa Putinga qo‘l kelishi va tinka qurituvchi urushda Ukrainani noqulay ahvolga solib qo‘yishi mumkin. 

Bayden ma’muriyati G‘arbda tayyorlangan 36 ming kishidan iborat to‘qqizta brigada Amerika urush uslubi Rossiyanikidan ustun ekanini ko‘rsatishiga umid qilishgan edi. Mashqlarning katta qismi Ukraina qo‘shinlariga mudofaada qolishdan ko‘ra, hujumga o‘tishni o‘rgatishdan iborat edi. Ukraina kuchlari yillar davomida rossiyaparast ayirmachilarning hujumlariga qarshi himoyalanish taktikasini qo‘llagan. O‘tgan yili Moskva keng ko‘lamli bosqinni boshlaganida, Ukraina qo‘shinlari mudofaa operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va bu Rossiyani kutilgan tezkor g‘alabadan mahrum qildi. 

Qarshi hujumning dastlabki ikki haftasida Ukraina tomonidan jang maydoniga yuborilgan texnikaning 20 foizi shikastlandi yoki yo‘q qilindi. Ular orasida G‘arbning «dahshatli jangovar mashinalari» - tanklar va bronetransportyorlar ham bor edi. 

Ba’zi harbiy ekspertlarga ko‘ra, Ukraina Rossiyaning mustahkam mudofaasini yorib o‘tsagina Amerika urush usuliga qaytishi mumkin. Ammo hujum qilish himoyalanishdan ko‘ra qiyinroq, buni Rossiya o‘tgan yili Kiyevga hujum qilish bo‘yicha o‘zining dastlabki rejalaridan voz kechgani ham ko‘rsatib turibdi. 

O‘tgan haftada Ukraina janubga ikkita zarba berib, qarshi hujumni sezilarli darajada jonlantirdi, aftidan, Zaporijjya viloyatidagi shaharlarni: Azov dengizi yaqinidagi Melitopol va Azov sohilidagi Berdyanskni mo‘ljalladi. Ikkala holatda ham ukrainaliklar atigi bir necha kilometr yurish qilishdi xolos. Oldinda esa yana o‘nlab kilometrlar bor. Endi tahlilchilar kichikroq otryadlarning hujumlariga tayangan ikkinchi to‘lqin Ukraina kuchlariga Rossiya mudofaasini yorib o‘tishga imkon beradimi degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. 

Britaniya razvedka kompaniyasi tahlilchilari Jan Luka Kapovin va Aleksandr Stronel so‘zlariga ko‘ra, kichik otryadlar bilan hujum strategiyasi Ukraina uchun katta ehtimol bilan «ommaviy qurbonlar, texnikalarni yo‘qotish va minimal hududiy yutuqlarga» olib keladi. 

Biroq, AQSh rasmiylari o‘tgan haftada Ukraina yana kuch to‘plashni boshlaganini, Rossiya mudofaa qismlarini yorib o‘tayotgani va rus qo‘shinlari bilan artilleriyasini holdan toydirayotgani haqida bayonot berdi. G‘arblik amaldorlardan biri rossiyaliklar hamon logistika, ta’minot, shaxsiy tarkib va qurol-yarog‘ bilan bog‘liq muammolar ostida ekaniga e’tibor qaratdi. 

AQSh Harbiy havo kuchlari generali Filip Bridlav so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qanday taktika qo‘llashni yaxshi tushunadigan holatga yetgan. 

«Ukrainaliklar hozir o‘z kuchlaridan qanday foydalanish kerakligini tushunadigan holatda. Va biz ruslar orqaga chekinayotganini ko‘rmoqdamiz», dedi u. 

30 iyul kuni Ukraina Mudofaa vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Aleksandr Pavlyukning aytishicha, bir hafta ichida mamlakat qurolli kuchlari 3740 ga yaqin bosqinchi va 494 ta turli rus texnikasini yo‘q qildi. 

O‘z navbatida, mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar bir hafta ichida Baxmut yo‘nalishida 2 kvadrat kilometr, janubda esa 12 kvadrat kilometrdan ortiq maydon ozod qilinganini ta’kidladi. Umuman olganda, Ukraina armiyasi 204 kvadrat kilometrdan ko‘proq maydonni qaytarib oldi.

Mavzuga oid