Ukraina razvedkasi Moskva viloyatida Rossiya armiyasi polkovnigi o‘ldirilganini ma’lum qildi
Polkovnik Aleksey Kolomeytsev dronlardan jangovar foydalanish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlagani ta’kidlanmoqda.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi 27 sentabr kuni Moskva yaqinidagi Kolomna shahrida Rossiya armiyasi polkovnigi Aleksey Kolomeytsev o‘ldirilganini ma’lum qildi.
Bosh razvedka boshqarmasi tarqatgan xabarda aytilishicha, Kolomeytsev «Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining uchuvchisiz aviatsiya 924-davlat markaziga rahbarlik qilgan, u dronlardan, xususan, «Shohid» dronlaridan jangovar foydalanish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlagan.
Bosh razvedka boshqarmasi Kolomeytsevni Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishda bevosita ishtirok etgan «harbiy jinoyatchi» deb atadi.
«Hromadske» xabariga ko‘ra, Kolomeytsevning o‘ldirilishi Ukraina razvedkasi va «mahalliy qarshilik harakati» vakillarining birgalikdagi operatsiyasi bo‘lgan. «Rossiya rejimi urushni to‘xtatib, barcha jinoyatlari uchun javob bermaguncha, qo‘lida ukrainaliklarning qoni bo‘lgan har bir kishini yo‘q qilamiz», dedi nashr suhbatdoshi.
Rossiya huquq-tartibot idoralari Kolomnadagi qotillik haqidagi xabarlarga izoh bermadi.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
20:16
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
20:13