O‘zbekiston | 09:26 / 02.08.2023
3450
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Misr Ishbilarmonlar kengashi tuzildi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) va Misr ishbilarmonlar uyushmasi (MIU) rahbariyati o‘rtasida videokonferensiya aloqasi vositasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya  hamkorligini kengaytirish, o‘zaro tovar aylanmasi va eksport hajmini oshirish, tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar, uchrashuvlar o‘tkazish, Port Said shahridagi erkin iqtisodiy zonalarda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish, omborxonalarni ijaraga olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

MIU joriy yil avgust oyida Qohirada O‘zbekiston - Misr tadbirkorlari biznes forumini o‘tkazishni rejalashtirgan. Sentabr oyida esa mamlakat SSP delegatsiyasining safari kutilyapti, uning doirasida Port Said EIZda O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tuzish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi.

Tadbir qatnashchilari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish, ikki davlat ishbilarmonlari safarlari uyushtirilishini jadallashtirish, biznes forumlari, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, V2V va V2G shakldagi uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Misr ishbilarmonlar uyushmasi o‘rtasida Ishbilarmonlik kengashini tuzish haqidagi hujjat onlayn tarzda imzolandi.

Mavzuga oid