Sport | 18:15 / 03.08.2023
21218
2 daqiqa o‘qiladi

TsSKA sanksiyalar tufayli Abbosbek Fayzullayev transferi uchun «Paxtakor»ga to‘lov qila olmayapti

O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Paxtakor» klubi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayevning TsSKA klubiga o‘tishi rasman amalga oshmayotgani sababi ma’lum bo‘ldi.

 «Paxtakor» klubi bosh direktori Dmitriy Adismanning ma’lum qilishicha, Rossiya klubi sanksiyalar tufayli Abbosbek Fayzullayevning transferi uchun Toshkent klubi hisob raqamiga to‘lovni amalga oshira olmayapti. «Paxtakor» rasmiysining qayd etishicha, transferni rasmiylashtirish ishlari cho‘zilayotgan bo‘lsa-da, bekor qilinmaydi.

«Abbosbek Fayzullayev bilan allaqachon xayrlashganmiz. Uning TsSKAda o‘zini ko‘rsata olishiga umid qilamiz, ammo hozirda hisob-kitob bo‘yicha qiyinchiliklar bor. Sanksiyalar tufayli TsSKA transfer uchun to‘lovni amalga oshira olmayapti, shu bois ishlar biroz kechikmoqda. O‘ylaymanki, hammasi yaxshi bo‘ladi, ammo ayni damda shunaqa muammo bor. Biz o‘z navbatida o‘zimizga bog‘liq ishlarni bajardik, tarbiyalanuvchimiz bilan xayrlashdik, qolgan ishlarni TsSKA hal qiladi», - deya Adismanning so‘zlarini keltirgan Rossiyaning Sport24 nashri.

Avvalroq, «Paxtakor» 19 yoshli yarimhimoyachi transferi uchun TsSKAdan 500 ming yevro olishi xabar qilingandi. Fayzullayevning amaldagi kelishuvi 2025 yilga qadar imzolangan bo‘lsa-da, futbolchi va uning agenti xohishiga ko‘ra, Moskva klubi shartnomadagi tovon puli sanalmish yarim million yevroni to‘lashga qaror qilgan va transferni amalga oshirishga yaqin turibdi. Abbosbek TsSKA bilan «3+1» ko‘rinishida shartnoma imzolaydi.

Mavzuga oid