Jahon | 20:40 / 04.08.2023
20695
5 daqiqa o‘qiladi

Navalniy 19 yilga qamaldi

Rossiya muxolifati yetakchisi, ikki yildan buyon qamoqda bo‘lib turgan Aleksey Navalniyga qarshi navbatdagi sud majlisi yakunlandi. Siyosatchi go‘yoki ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangani uchun 19 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. U jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘taydi.

Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Bu ish doirasida Navalniy bilan birga uning sobiq xodimi Daniel Xolodniy ham sudlangan. Unga ham qamoq jazosi tayinlangan va jazo umumiy tartibdagi qamoqxonada o‘talishi e’lon qilingan. Ammo sud zaliga jurnalistlar kiritilmagani, onlayn uzatilgan videoda esa sifat juda yomon bo‘lgani sabab Xolodniyga qancha muddat jazo tayinlangani tushunarsiz bo‘lib qolgan. Prokuror unga 10 yillik qamoq jazosi so‘ragan edi.

19 yil – Navalniy unga qarshi e’lon qilingan barcha ayblovlar bo‘yicha o‘tashi kerak bo‘lgan umumiy muddat. Avvalroq siyosatchi firibgarlik va sudga hurmatsizlikda ayblanib 9 yil qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Navalniy ustidan bu galgi mahkama ham u jazoni o‘tayotgan Vladimir oblastidagi 6-raqamli koloniyada o‘tkazilgan va doimgidek sudda OAV vakillari ishtiroki ta’minlanmagan.

Navalniyning safdoshi Ivan Jdanovning aytishicha, unga qarshi Rossiya jinoyat kodeksining oltita moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan:

* «Ekstremistik jamiyat» tuzish. Jdanovning aytishicha, gap Korrupsiyaga qarshi kurash fondi haqida ketmoqda.

* Ommaviy tarzda ekstremizmga da’vat qilish. Bunga sabab sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish fondining sobiq tasvirchisi Pavel Zelenskiyning postlari va Ufadagi miting ishtirokchilardan birining chiqishi keltirilgan.

* Natsizm reabilitatsiyasi. Navalniy jamoasining ma’lum qilishicha, unga qarshi bunday modda bilan siyosatchiga 2017 yilda hujum amalga oshirilgan vaqtda ochilgan. O‘shanda unga zelenka sepishgandi. O‘sha voqeadan keyin Navalniyning Volgograddagi shtabi Rossiyadagi «Ona vatan» monumentining ko‘zi zelenka bilan bo‘yab qo‘yilgan kollaj e’lon qiladi. Katta ehtimol bilan, tergov bu ishda Navalniyning aloqasi bor deb hisoblagan.

* Voyaga yetmaganlarni hayoti uchun xavfli ishga jalb qilish. Bunga sabab sifatida Navalniy o‘tkazgan mitinglarda voyaga yetmagan fuqarolar qatnashgani keltirilgan.

* Inson huquqlariga daxl qiluvchi notijoriy tashkilot tuzish.

* Moliyaviy ekstremizm. Bunga sabab sifatida Navalniy tashkil etgan fondga qilingan xayriyalar keltirilgan.

Daniel Xolodniy esa ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanish va uni moliyalashtirishda ayblangan.

Himoya tomonidan Navalniyni qo‘llab qamoqda bo‘lib turgan boshqa muxolifatchilar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin va Liliya Chanisheva chiqish qilgan.

Navalniy ustidan sud jarayoni juda yomon sifatdagi videoda olib berilgan bo‘lsa-da, u ish bo‘yicha ba’zi narsalarni aytib berishga ulgurgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayblov materiallari orasida qo‘shiqchi Morgenshternning qo‘shig‘idan olingan «Navalniy Lyoxa» so‘zi, boshqa birida esa dunyoning eng boy odami Uorren Baffet ham bor. Tergov xulosasida aytilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi kriptohisobi orqali bir necha to‘lovlar amalga oshirilgan. To‘lovlarda biri «I Putin Huj» deb boshlanuvchi manzilga, boshqasi esa milliarder Uorren Baffet nomiga amalga oshirilgan.

Navalniy so‘ngso‘z o‘rniga Rossiyadagi sudda adolat izlayotgan odamdan himoyasiz hech kim yo‘qligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, «Rossiya atrofdagi hammani yiqitaman deb bir nechta katta sakrashni amalga oshirgan, ammo sirpanib ketib atrofdagi hamma narsani qulatgan, keyin yiqilgan». Navalniyga ko‘ra hozir Rossiya «qongami, kirgami belangan holda, suyaklari singan holatda turibdi». U Rossiya qachondir oyoqqa turishi va u kelajakda nimaga tayanishi bugungi rossiyaliklarga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

«Dunyoga yangi inson kelishi uchun ikki kishi qandaydir qurbonlar berilishi haqida kelishib olishi kerak. Yangi odamni qiynalib tug‘ish, keyin esa u bilan uyqusiz tunlarni o‘tkazish kerak. Keyin unga it olib berish, bu it bilan sayr qilish kerak. Xuddi shunday, yangi, erkin davlat tug‘ilishi uchun uning ota-onasi bo‘lishi kerak. Ya’ni uning tug‘ilishini xohlaydigan ota-onasi. Uning tug‘ilishi uchun qurbonliklarga tayyor insonlar. Bu nima ekanini tushunib yetishi kerak. Albatta qamalish shart emas, bu lotereyaga o‘xshagan narsa va men bu chiptani «yutib yubordim». Ammo har kim qandaydir harakat qilish, qandaydir qurbon berishi kerak», degan Navalniy.

Aleksey Navalniy 2021 yildan buyon qamoqxonada bo‘lib turibdi. 2022 yilda 9 firibgarlik va sudga hurmatsizlikda ayblanib 9 yilga qamoqqa hukm qilingan. Tergovga ko‘ra Navalniy va jamoasi Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga xayriya qilingan pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatgan. Vaholanki, fond doimiy tarzda o‘z moliyaviy hisobotlarini e’lon qilib borgan.

Mavzuga oid