Jahon | 08:45 / 07.08.2023
5748
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis siyosatchilari Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berishga chaqirdi

SPDning bir qator nufuzli siyosatchilari Shvetsiya-Germaniya raketalarini Ukrainaga yetkazib berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Mudofaa vaziri shu paytgacha bu masalada vazminlik ko‘rsatgan. 

Foto: SeongJoon Cho / Bloomberg / Getty Images

Hukmron koalitsiyaga kiruvchi SPD partiyasining bir qator nufuzli siyosatchilari Germaniya hukumatini Ukrainaga zamonaviy nemis-shved Taurus raketalarini yetkazib berishga chaqirdi. «Qarshi hujum to‘xtab qolmoqda, Ukrainada uni qo‘llab-quvvatlovchi muhim havo kuchlari yo‘q. Shuning uchun faqat boshqariladigan qurollar qolmoqda - masalan, Taurus qanotli raketalari, ular yordamida Ukraina armiyasi ruslar minalab qo‘ygan maydonlarni o‘tib, hududini qaytarib olishi mumkin», deya ma’lum qildi 6 avgust, yakshanba kuni Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi a’zosi, Bundestag budjet qo‘mitasi a’zosi Andreas Shvars Der Spiegel nashriga bergan intervyusida. 

«Men amerikaliklar bilan ittifoqda boshqa qo‘shimcha tizimlarni yetkazib berishimiz mumkinligini istisno qilmayman - masalan, Taurus’ni. Biroq, bundan oldin ukrainaliklarning o‘zi ularni dasturlashtira olishini ta’minlash kerak», dedi SPD fraksiyasining Bundestagdagi tashqi siyosat spikeri Nils Shmid Tagesspiegel nashriga bergan intervyusida. 

O‘z navbatida, Andreas Shvars sodir bo‘layotgan voqealar unda dejavyu tuyg‘usini uyg‘otayotganini ta’kidladi: «Tanklar misolida bo‘lgani kabi, biz hozir muhim jihozlarni yetkazib berishdan bosh tortmoqdamiz, oxir-oqibat, ular baribir yetkazib berilishi mumkin». 

Tashqi ishlar vaziri Boris Pistorius so‘nggi bayonotlarida Taurus kelajakda yetkazib berilishini istisno qilmasligini aytdi, ammo bu qaror uchun vaqt hali kelmagan. «Yashillar» va Erkin demokratik partiyadan liberallar vakillari, hukmron koalitsiya a’zolari Taurus’ni yetkazib berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. 2005 yildan beri Germaniyada 500 kilometrgacha masofaga uchadigan Taurus raketalari ishlab chiqarilmoqda va Bundesverda ularning 600 tasi bor. 

Mavzuga oid