Jahon | 08:47 / 07.08.2023
5894
2 daqiqa o‘qiladi

Sobyanin Moskvaga dron hujum qilishga uringani haqida xabar berdi

Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, dron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yaqinlashib kelayotgan vaqtda yo‘q qilingan. Avvalroq Vnukovo aeroporti matbuot xizmati havo zonasi vaqtinchalik yopilganini ma’lum qilgandi.

Foto: AP

6 avgust kuni ertalab dron Moskvaga hujum qilishga urindi, deb ma’lum qildi Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin o‘zining Telegram-kanalida. «Bugun, soat 11 lar atrofida uchuvchisiz uchoq bilan Moskvaga yorib kirishga urinish bo‘ldi. U yaqinlashib kelayotgan paytda havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan yo‘q qilindi. Harbiylar yaxshi ishladi», deb yozadi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham UUAning yo‘q qilingani haqida xabar berdi. idora ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari uchuvchisiz uchoq yordamida Moskva viloyatidagi obektlarga hujum qilmoqchi bo‘lgan, biroq dron Podolsk tumani hududidagi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan. Qurbonlar va vayronalar yo‘q, deya qo‘shimcha qildi Mudofaa vazirligi. 

Avvalroq Moskvadagi Vnukovo aeroporti matbuot xizmati havo zonasi vaqtincha yopilgani va samolyotlarni qabul qilish va uchirishga cheklovlar qo‘yilgani haqida xabar bergan edi. Taqiq bir yarim soat davomida amalda bo‘ldi, shundan so‘ng u bekor qilindi. 

Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Moskva bir necha bor uchuvchisiz uchoqlar tomonidan hujumga uchragan. 3 mayga o‘tar kechasi Moskva Kremlidagi Senat saroyi gumbaziga ikkita dron hujum qildi. 30 may kuni ertalab uchta dron Yangi Moskva va poytaxt markazidagi turar joy binolariga zarba berdi. 

24 iyulga o‘tar kechasi ikkita dron 2 ta noturar joy binosiga urilgan. Bir dron Lixachev prospektida qurilayotgan biznes markaziga, ikkinchisi Komsomolskiy prospektidagi Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrasi binosiga qulagan. 30 iyuldan 1 avgustga o‘tar kechasi dronlar Moskva Siti minoralariga hujum qildi. 

Mavzuga oid