Jamiyat | 13:00 / 09.08.2023
790
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro loyiha doirasida chorvachilik tarmog‘ida ikki ming ish o‘rni yaratildi

Bu haqda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov va Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi mintaqaviy rahbari Dina Saleh hamda tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Laura Matiolli bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qayd etildi.

Gap shundaki, qo‘mita raisi va tashkilot mutasaddilari o‘rtasida Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi ishtirokidagi “O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirishning birinchi bosqich loyihasi” yakunlari muhokama qilindi.

Ta’kidlash kerak, loyiha ikki yil mobaynida yurtimizda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirishda o‘ziga xos xorijiy drayver vazifasini o‘tadi. Xususan, loyiha doirasida 21 mln AQSh dollariga teng mablag‘ o‘zlashtirilib, 339 ta dehqon xo‘jaligi, 163 ta fermer xo‘jaligi, 22 ta sutni qayta ishlovchi va 24 ta xususiy veterinariya shoxobchalari va ozuqa ishlab chiqaruvchi korxonalarda jami 548 ta loyiha moliyalashtirildi.

Natijada chorvachilik va uning tarmoqlarida ikki mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Loyiha bo‘yicha tashkil etilgan seminar-treninglarda chorvachilik va uning tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan 10 mingga yaqin mutaxassisning malakasi oshirildi.

Darvoqe, uchrashuvda mazkur tashkilot ishtirokidagi qiymati 38 mln AQSh dollariga teng “O‘zbekistonning sutchilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirishning ikkinchi bosqich loyihasi” ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar loyihanining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini tezlashtirish, shuningdek yil yakunigacha jamg‘armaning Direktorlar kengashiga kiritishga kelishib olishdi.

Moliyalashtirish 2024 yilning boshida ochilishi ma’lum qilindi.

Mavzuga oid