Haydovchilar uchun saboq: katta yo‘llardagi katta halokatlar
Kuni kecha Tojikistonda yuk mashinasi katta tezlikda yengil mashinalar bilan to‘qnashib, keyin aholi uylariga borib urilishi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Kun.uz haydovchilarni ogohlikka chaqirish maqsadida yaqin o‘tmishda O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan eng ayanchli YTHlarni jamladi.
Dunyoda avtomobil sanoati rivojlanishi ortidan har yili Yer yuzi bo‘ylab ko‘chalarda bir necha o‘n millionlab yangi mashinalar paydo bo‘lmoqda. Bu esa kechagina mashinalar bemalol yurgan ko‘chalarda bugun uzundan uzun tiqilinchlarni yuzaga keltirmoqda.
Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalari ortib, oqibatda ko‘plab odamlar halok bo‘lmoqda. Boshqalari turli darajada tan jarohatlari olib, bir umrga nogiron bo‘lib qolyapti.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, YTH tufayli Yer yuzi bo‘ylab har 24 sekundda bir nafar, har kuni 3,5 ming odam YTH qurboni bo‘ladi. Bir yilda 1,3 mln nafar va undan ko‘proq odam halok bo‘ladi. YTHda halok bo‘lganlarning asosiy qismini 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.
Bundan bir necha kun avval, 2023 yil 6 avgust kuni Tojikistonning Xatlon viloyatida yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Oqibatda 10 kishi halok bo‘lgan, 13 kishi jarohatlangan.
Hodisaga yuk mashinasining tormoz qismida nosozlik yuz bergani sabab bo‘lgan: mashina qiyalikdan tushayotganda tormozi ishlamay qolgan. Natijada u katta tezlikda harakatlanib, avvaliga yo‘lida uchragan mashinalar bilan to‘qnashgan. Oxirida borib turar joy binosiga urilgan.
Quyida xorijda va O‘zbekistonda ko‘plab odamlarning halokatiga sabab bo‘lgan YTHlar va bunday fojialarning asosiy to‘rt sababiga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekistonda
2006 yil 30 iyun. Navoiy viloyati hududida yo‘lovchi avtobusi MAZ yuk mashinasi bilan to‘qnashadi. Oqibatda, 20 dan oshiq odam halok bo‘ladi. Yana ko‘plab odamlar jarohatlanadi.
2009 yil 2 may. Qashqadaryo viloyatida salonida 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan avtobus katta tezlikda harakatlanib ekskavatorga uriladi. Oqibatda 26 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi, boshqalari jarohatlanadi.
Yuqoridagi ikki yirik YTH mahalliy nashrlarda yoritilmagan, jamoatchilik faqat xorij OAV orqali xabar topgan edi.
2012 yil 21 noyabr. Sirdaryo viloyatida harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi avtobusi boshqaruvni yo‘qotib, ag‘darilib ketadi. Oqibatda o‘ndan oshiq odam halok bo‘ladi. Ko‘plab yo‘lovchilar turli darajada tan jarohatlar oladi.
2019 yil 11 oktyabr. M-39 Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Termizga ketayotgan Lacetti ro‘paradan kelayotgan Kamaz yuk mashinasi bilan to‘qnashadi. Oqibatda 4 kishi voqea joyida halok bo‘ladi, bir kishi shifoxonaga yotqiziladi.
2021 yil 24 may. A-373 Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining Angren shahriga yaqin qismida “MAN” yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan mashinalarga borib urilgan. Oqibatda 7 kishi halok bo‘lgan, 14 kishi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.
2022 yil 13 mart. Zomin tumanidan o‘tgan 4R-40 yo‘lida KIA rusumli mashina Nexia-2 mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda 2 kishi voqea joyida, 6 kishi shifoxonada vafot etgan.
O‘shanda KIA juda katta tezlikda harakatlangan va haydovchi boshqaruvni yo‘qotib ro‘paradan kelayotgan Nexia-2 mashinasiga urilgandi. 8 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan KIA haydovchisi faqat tan jarohati olgan xolos.
2022 yil 15 avgust. A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus Beynov xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidan o‘tgan qismida Spark va Gentra o‘zaro to‘qnashadi.
Oqibatda yong‘in kelib chiqadi va har ikki mashinada bo‘lgan 8 kishi tiriklayin yonib ketadi. Mazkur hodisada mashinalar to‘qnashgan paytda tashqariga otilib chiqib ketgan abituriyent qiz tirik qolgan.
2022 yil 26 noyabr. A-373 Toshkent-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining Andijon viloyatidan o‘tgan qismida Isuzu avtobusi Howo yuk mashinasi bilan to‘qnashadi.
Oqibatda avtobus yo‘lovchilaridan 4 nafari halok bo‘ladi. 40 nafari jarohatlanadi.
2023 yil 30 iyun. M-39 Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan o‘tgan qismida Chakman yuk mashinasi yengil mashinalardan birining orqasidan kelib urilgan.
Shu paytda ular bilan oldinma-keyin harakatlanib ketayotgan yana ikkita yuk mashinasi va bir qancha yengil mashinalar bir-biri bilan to‘qnashgan.
Oqibatda ikki kishi halok bo‘lgan va o‘nga yaqin mashina shikastlangan. Mazkur YTHga yuk mashinasining tormoz qismida nosozlik yuz bergani sabab bo‘lgan.
Xorijda ko‘plab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan yirik YTHlar
2015 yil 31 may. Nigeriya janubida joylashgan Onicha shahrida benzin tashuvchi maxsus mashina boshqaruvni yo‘qotib, bekatga borib urilgan va yonib ketgan. Oqibatda u yerda bo‘lgan 37 kishi halok bo‘lgan. Mamlakat ichki ishlar vazirligi voqeani baxtsiz hodisa deb tasniflagan.
2016 yil 10 mart. Zambiya markazidagi Kabve shahrida avtobus va mikroavtobus ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. Oqibatda, avtobusda bo‘lgan 25 kishi halok bo‘lgan.
Avtobus haydovchisi yo‘l chetida noto‘g‘ri to‘xtab turgan yuk mashinasini aylanib o‘tmoqchi bo‘lganida ro‘paradan kelayotgan mikroavtobusning yo‘liga chiqib ketgan va u bilan to‘qnashgan.
2017 yil 19 yanvar. Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida maktab avtobusi va yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda kamida 25 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 18 nafari maktab o‘quvchilari bo‘lishgan. Yana 50 ga yaqin inson jarohatlangan.
2017 yil 29 mart. AQShning Texas shtatida cherkovga tegishli maxsus yuk mashinasi va fuqarolardan biriga tegishli pikap o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda cherkov mashinasida bo‘lgan keksa yoshdagi 14 kishi halok bo‘lgan.
2018 yil 1 yanvar. Keniya markazidagi Nakaru shahri yaqinida yo‘lovchi avtobusi va yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda avtobus yonib ketgan va undagi yo‘lovchilardan 36 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi jarohatlangan.
2018 yil 14 fevral. Nigeriyaning Kanto shatida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda, 28 nafar o‘quvchi va avtobus haydovchisi halok bo‘lgan. Bir necha nafar o‘quvchi jarohatlangan.
Hodisaga yo‘ldagi nosozlik sabab bo‘lgan. Avtobus haydovchisi yo‘ldagi chuqurni aylanib o‘tayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va yuk mashinasining ro‘parasiga chiqib ketgan.
2018 yil 3 noyabr. Xitoyning Lanchjou provinsiyasida 26 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. Oqibatda 14 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi jarohatlangan. Hodisaga yuk mashinasi haydovchisining boshqaruvni yo‘qotishi sabab bo‘lgan.
2019 yil 20 oktyabr. Kongoda yo‘lovchi avtobusi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetiga ag‘darilgan. So‘ng avtobus yona boshlagan. Oqibatda 25 kishi halok bo‘ladi, 57 kishi jarohatlanadi. Mazkur YTHga avtobus haydovchisining tezlikni oshirishi sabab bo‘lgan.
2020 yil 20 sentabr. Nigeriyada yo‘lovchi avtobusi daryoga tushib ketadi. Oqibatda 15 kishi halok bo‘ladi, 13 kishi bedarak yo‘qoladi. O‘shanda Nigeriyada besh kun ichida uchta ayanchli YTH sodir bo‘lgandi.
Jumladan, 15 sentabrda avtobus va yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashgan va unda besh kishi, 17 sentabrda avtobus va yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan YTHda esa 12 kishi halok bo‘ladi.
2020 yil 25 noyabr. Braziliyaning San-Paulu shtatida joylashgan Taguai shahrida ichida odamlar bo‘lgan avtobus va yuk mashinasi o‘zaro to‘qnashadi.
Oqibatda avtobusda bo‘lganlardan 37 kishi halok bo‘ladi, yana 15 kishi jarohatlanadi. Hodisaga transport vositalaridan birining ikkinchisini quvib o‘tgani sabab bo‘lgan.
Dunyoda va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan og‘ir oqibatli YTHlarga bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda.
Jumladan:
1. Haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi tufayli
Yengil mashinalarda bo‘lgani kabi, yuk mashinalari bilan sodir bo‘layotgan YTHlarning bir qismi haydovchilar tomonidan yo‘l-harakati qoidalarining buzilishi tufayli yuz beradi.
Bundan asosan tezlikni oshirish, quvib o‘tish qoidalarini buzish, svetofor ishoralariga bo‘ysunmaslik kabilar ayanchli YTHlarni keltirib chiqaradi.
2. Sifatsiz yo‘llar tufayli
Dunyo bo‘ylab sodir bo‘layotgan turli YTHlarning ma’lum bir qismi sifatsiz yo‘llar sababli sodir bo‘lishi hech kimga sirmas. Bu haqda hatto BMT hisobotlarida ham ko‘rsatiladi.
Jumladan, 2022 yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasida yo‘l-harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda tashkilot bosh kotibi Antonio Guterrish rivojlanayotgan va kambag‘al davlatlarga murojaat qilib, yo‘l infrastrukturasini yaxshilash ishlariga e’tibor berishga chaqirgandi.
«Har yili YTHlar tufayli turmush darajasi past bo‘lgan davlatlarda ko‘plab odamlar halok bo‘lyapti. Oqibatda butun boshli oilalar boquvchisiz qolib, kambag‘allar soni battar oshyapti. Yoki kimdir tan jarohati olsa, oilalar so‘nggi pullarini ovqatlanish uchun emas, YTHda jarohat olgan insonlarni davolatish uchun sarflashga majbur bo‘lishyapti. Turmush darajasi past bo‘lgan davlatlarda YTHlarning asosiy qismi sifatsiz yo‘llar tufayli sodir bo‘lyapti. Shu sababli bunday davlatlarni yo‘llarni yaxshilashga chaqiraman», degan edi BMT bosh kotibi.
Shuningdek, YTHlarda halok bo‘layotganlarning o‘ntadan to‘qqiztasi turmush darajasi past bo‘lgan kambag‘al davlatlarda sodir bo‘lmoqda.
3. Nosoz transport vositalari bilan harakatlanish
Og‘ir oqibatlar keltirib chiqargan YTHlarning bir qismi nosoz transport vositalari bilan harakatlanish tufayli yuz beradi.
Bunda muddati o‘tgan shinalarda harakatlanish, yoritish va ogohlantiruvchi chiroqlarning ishlamasligi, tormoz qismidagi nosozlikliklar «avariya»larni keltirib chiqarishi mumkin.
Ayniqsa yuk mashinalarining tormoz qismida tez-tez nosozliklar kuzatiladi va bu ayanchli YTHlar sodir bo‘lishiga olib keladi. Tojikistonda yuz bergan ayanchli YTH ham yuk mashinasining tormoz qismidagi nosozlik tufayli kelib chiqqan.
Jumladan, Qamchiq dovonida yuk mashinalari ishtirokidagi YTHlarning aksariyati tormoz qismida yuz beradigan nosozlik tufayli sodir bo‘ladi.
4. Charchoq tufayli uxlab qolish
Haydovchilar ko‘pincha vaqtdan qizg‘anib, dam olmasdan mashina boshqarishadi. Bunday hollarda charchoq ustun kelib, ular mashina boshqarib ketayotganlarida uxlab qolishadi.
Oqibatda mashina boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lida nima uchrasa to‘qnashadi. Yoki yo‘l chetiga chiqib ketib ag‘dariladi. Turli transport vositalari bilan sodir bo‘layotgan YTHlarning ma’lum qismi shu tarzda sodir bo‘ladi. Bunday vaziyat ko‘proq yuk mashinalari haydovchisi va taksichilar bilan ko‘proq sodir bo‘ladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.