O‘zbekiston | 13:00 / 14.08.2023
8841
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” AJda raqamlashtirish jarayonlari – Modellashtirish markazi faoliyati haqida

11 avgust kuni “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan OAV xodimlari uchun Modellashtirish markazida press-tur tashkil qilindi. Unda O‘zbekiston neft va gaz sohasi tizimidagi raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Press-turda “O‘zbekneftgaz” AJda raqamlashtirish jarayonlari, Modellashtirish markazi faoliyati bilan tanishtirildi. Xususan, sohada risklarning oldini olish, yo‘qotishlarni kamaytirish, konlarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini loyihalash, rejalashtiriladigan geologik-texnik chora tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida amalga oshiriladigan “Raqamli kon” konsepsiyasi tahlil qilindi.

Mazkur konsepsiya asosida uglevodorod konlarini 3D usulida modellashtirish, mavjud geologik-texnik ma’lumotlarni raqamlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda doimiy yuritish uchun “Open-space” ko‘rinishda Modellashtirish markazi tashkil qilindi. Markaz tarkibida AQShning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston neft-gaz sanoatining yagona Milliy ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi gaz konlarini topish, konlarda quduqlarni burg‘ilash, tabiiy gazni qazib olish, tayyorlash va qayta ishlash orqali oltingugurt birikmalaridan tozalab, “O‘ztransgaz” va “Hududiy gaz ta’minoti” kompaniyalari gaz quvurlariga yetkazib berish vazifasini bajaradi. “O‘ztransgaz” va “Hududiy gaz ta’minoti” korxonalari gazni iste’molchilarga yetkazishni o‘z zimmasiga oladi.

Jamiyat vakillarining aytishicha, “O‘zbekneftgaz” tizimida 122 ta neft va gaz konlari ishlatilmoqda. Jamiyat tomonidan yangi konlarni topish va ularni ishga tushirish ustida katta ishlar olib bormoqda. Joriy yilning o‘zida mavjud 608 ta quduqlarni kapital ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari olib borish, yangi 123 ta quduqlarni burg‘ilashdan ishga tushirish hamda 25 ta texnologik obektlarni ishga tushirish jarayonlari jadal ketyapti.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Behzod Usmonov xorij kompaniyalari bilan hamkorlik haqida gapirdi:

“Dunyoning rivojlangan neft-gaz kompaniyalari raqamlashtirish asosida faoliyat yuritadi. Bu yo‘nalishdan foydalanish ishimiz samaradorligini oshirishda yordam beradi. Xorijdan kelgan hamkorlarimiz kompaniyamizda raqamlashtirish jarayoni ularnikidan kam emasligini ta’kidlashadi. O‘zbekistondagi nef-gaz konlarining asosiy qismi 1970-1980 yillarda topilgan bo‘lib, hozirga kelib ularda gaz miqdori kamaymoqda. Bu tabiiy hol.

Asosiy maqsadimiz – yangi gorizontlarni, yangi konlarni ochishdan iborat. Yangi konlarni burg‘ilab, ulardan gaz olish ishlari olib borilyapti. Mavjud konlarni esa quduqlarni kapital ta’mirlash hamda kichik kompressor stansiyalarini qurish orqali saqlab qolyapmiz. Potensiali kam konlar samaradorligini oshirishda xorijlik hamkorlar bilan ish olib borilyapti. Kanada, Tatariston kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatilgan” dedi birinchi o‘rinbosar.

Bugunga qadar E-kon bazaviy dasturiy-texnik kompleksi, konlarni raqamlashtirishning yer usti jihozlashni tezkor boshqarish tizimli dasturi ishlab chiqilgan. Raqamlashtirish bo‘yicha “O’ZLITINEFTGAZ” AJ tomonidan E-kon loyihasi joriy yil dekabr oyida yakunlanadi.

“O‘zbekneftgaz” mas’ullarining ma’lum qilishlaricha, respublika bo‘yicha eng ko‘p gaz Qashqadaryo viloyatida, eng kam miqdori esa Farg‘ona vodiysida qazib chiqariladi. Bugungi kunda eng katta resursga ega bo‘lgan konlarni topish bo‘yicha ishlar Ustyurt mintaqasida amalga oshirilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid