O‘zbekiston | 10:34 / 30.08.2023
11860
4 daqiqa o‘qiladi

Yosh rahbarlarning yillik top-40 reytingi e’lon qilindi

Bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 foizi) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 foizi) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14 foizi) – 51 yoshdan 55 yoshgacha.

“Yuksalish” umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda 2019 yildan buyon O‘zbekistonning 40 yoshgacha bo‘lgan istiqbolli yosh rahbar kadrlari reytingini e’lon qilib kelmoqda.

O‘tgan vaqt mobaynida reytingga 100 nafarga yaqin davlat xizmatchisi kiritildi. Ularning 15 foizi vazir va vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi, kamida 10 foizi prezident administratsiyasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritmoqda, 50 foizga yaqini mansab pillapoyalarida sezilarli o‘sishga erishgan.

Xususan, Sherzod Asadov 2017 yilda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi maslahatchisi va muvaqqat ishlari vakili edi. 2018 yilda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi etib tasdiqlandi. 2020 yilda u tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. 2021 yildan buyon Sherzod Asadov prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi lavozimida ishlab kelmoqda. So‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, u prezident matbuot kotibi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Ruslan Davletov 2017 yildan buyon adliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. 2022 yil noyabr oyidan u prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi.

Hilola Umarova 2019—2020 yillarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori, 2020 yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari edi. 2022 yildan maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vaziri.

Durdona Rahimova 2020 yildan buyon Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. 2023 yil yanvar oyida u yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bu yilgi reytingga nafaqat davlat xizmatchilari, balki nodavlat sektor vakillari ham kiritildi. Jumladan, Xalqaro press-klub raisi Jaloliddin Usmonov, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi direktori Abduaziz Abutolipov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Nozima Davletova, “Zamin” xalqaro jamoat fondi direktori Tamila Aliyeva reytingdan joy oldi.

Shuningdek, reytingga birinchi marta quyidagilar kiritildi:

  • Adilbek Allanazarov (35 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri;
  • Bobur Bekmurodov (38 yosh) — “Yuksalish” umummilliy harakati raisi;
  • Murod Ismoilov (40 yosh) — yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari;
  • Oybek Hamroyev (40 yosh) — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari;
  • Rasul Zarikeyev (38 yosh) — Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm va madaniy meros vaziri;
  • Umid Mamadaminov (40 yosh) — energetika vaziri o‘rinbosari;
  • Shuhrat Xudoyqulov (39 yosh) — Uzbekistan Airways AJ boshqaruvi raisi;
  • Sherzod Rabiyev (40 yosh) — adliya vaziri o‘rinbosari.

Bugungi kunda 21 nafar vazirdan 8 nafari (38 foizi) – 35 yoshdan 45 yoshgacha, 5 nafari (24 foizi) – 46 yoshdan 50 yoshgacha, 3 nafari (14 foizi) – 51 yoshdan 55 yoshgachadir. Mahalliy hokimiyat organlarining tarkibi ham sezilarli darajada yangilandi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda hokimlarning o‘rtacha yoshi 46 yoshni tashkil etadi.

Mavzuga oid