Jahon | 22:33 / 31.08.2023
17903
2 daqiqa o‘qiladi

«Men davlatni tashlab qo‘ymayman» - Zelenskiy urush payti saylov o‘tkazilsa, yana nomzodini qo‘ymoqchi 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Portugaliyaning RTP jamoat televideniyesiga bergan intervyusida mabodo 2024 yilda, urush davom etayotgan paytda ham saylov o‘tkazilsa, prezidentlikka nomzodini qo‘yishini aytdi. 

Foto: Reuters

«2024 yilda ham urush davom etsa, saylov o‘tkazilsa, hech qachon o‘z davlatimni tark etmayman. Chunki Konstitutsiyaning kafiliman, har qanday holatda ham uni himoya qilaman», deb uning so‘zlarini keltirdi BBC. 

2019 yilgi prezident saylovidan oldin Zelenskiy ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymaslikka va’da bergan edi. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, Ukrainada navbatdagi parlament saylovlari 2023 yil kuzida, prezidentlik saylovi esa 2024 yilning martida bo‘lib o‘tishi kerak. Biroq, Ukraina qonunchiligi va Konstitutsiyasi saylovlarni harbiy holat sharoitida o‘tkazishni taqiqlaydi. 

Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari urushga qaramay, saylovlar o‘tkazilishini xohlayotganini bir necha marta aytgan. 

23 avgust kuni AQSh respublikachi senatori Lindsi Grem Ukrainada saylovlar o‘tkazilishi kerakligini e’lon qildi. Uning fikricha, «erkin va adolatli saylovlar, hatto Ukrainaga hujum paytida ham» mamlakat korrupsiya nuqtai nazaridan o‘zgargan yoki o‘zgarmaganligini ko‘rsatishi mumkin. 

Zelenskiy yaqinda bergan intervyusida saylovlarni o‘tkazish uchun birinchi navbatda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish kerakligini va qo‘shimcha mablag‘ ham talab qilinishini aytgan edi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik muammosini hal qilish juda muhim, bundan tashqari, G‘arb davlatlari Yevropa va boshqa mamlakatlarda millionlab qochqinlar uchun saylovlar tashkil etishda yordam berishi kerak. 

Mavzuga oid