«Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo edi» - Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida so‘zlagan nutqida paxta siyosati Orol dengizini quritgani, iqtisodiyotni, ta’lim tizimini izdan chiqargani, oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetganini afsus bilan ta’kidladi.
«O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: «o‘zbek» deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi.
Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.
Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo bo‘ldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi.
Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz. Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi.
Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta «o‘lponi»dan ozod bo‘ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro «qora ro‘yxatlar»dan chiqarildi.
Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayrat-u shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda O‘zbekistonga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda.
Prezident sifatida dastlabki ishlarimdan biri qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish bo‘ldi. Yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etildi. Buning natijasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi», dedi prezident.
Mavzuga oid
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024