Jahon | 13:46 / 18.09.2023
51229
6 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirovning salomatligi keskin yomonlashgani xabar qilinmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

O‘tgan hafta oxirlaridan buyon internetda Ramzon Qodirovning salomatligi keskin yomonlashgani, u komaga tushib qolgani, hattoki o‘lgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Checheniston rahbarining «og‘ir ahvolda» ekani haqida Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andriy Yusov ham xabar berdi.

Foto: Ramzon Qodirovning telegram kanalidan

Ramzon Qodirovga tegishli biznes-jyet sentabr oyi boshidan buyon uch marta Moskva tomon parvoz qilgan. Bu mish-mishlar fonida 17 sentabr kuni Ramzon Qodirov yuritadigan Telegram-kanalda uning o‘zi chiqqan video e’lon qilindi. O‘z chiqishida u «haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmaydiganlar»ga toza havoda sayr qilishni tavsiya qilgan. Biroq Checheniston rahbari o‘z salomatligi haqida hech narsa demagan.

Xo‘sh, bu xabarlar qanday paydo bo‘ldi va ularda asos bormi?

Ramzon Qodirovning slomatligi keskin yomonlashgani haqidagi dastlabki xabar 15 sentabrga o‘tar kechasi paydo bo‘ldi. Chechenistonning muxolifatdagi NIYSO telegram kanali Qodirov go‘yoki komaga tushib qolganini yozib chiqdi. Shunda Ukrainaning «Obozrevatel» nashri chechen diasporasidagi manbalariga tayanib, Checheniston rahbari bir necha kundan beri komada ekanini yozdi. Nashrning ta’kidlashicha, Qodirovni samolyotda Moskvaga eltishgan, biroq poytaxtlik vrachlar unga yordam bera olishmagan, endi uni xorijda davolash uchun olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Keyinroq Ukraina bosh razvedka boshqarmasi vakili Andriy Yusov nashrga Checheniston rahbari «kritik ahvolda» ekanini tasdiqlagan. Yusovning so‘zlariga ko‘ra, bunday ma’lumotlar tibbiy va siyosiy doiralardagi turli manbalardan kelgan. Tez orada chechenistonlik huquqbon va muxolifatchi Abubakar Yangulbayev Ramzon Qodirov o‘lganini e’lon qildi. Biroq, hech qanday isbot keltirgani yo‘q.

Shundan so‘ng Qodirov va uning yordamchisi Umar Daudovning ijtimoiy tarmoqlarida qisqa video e’lon qilindi. Unda Checheniston rahbari o‘z yaqinlari davrasida orqa tomondan ko‘rsatilgan. Bu kadrlar qachon va qayerda olingani ochiqlanmagan, bu esa savollarni yanada ko‘paytirgan.

17 sentabr kuni Checheniston rahbarining telegram kanalida uning parkda sayr qilayotgani tasvirlangan yangi video e’lon qilindi. Qodirov asfaltlangan yo‘lak bo‘ylab, yaxshi kayfiyatda odimlab borayotgani ko‘ringan va u Qur’on tinglayotganini aytgan. OAVdagilar video Qodirovning Grozniy shahridagi qarorgohida olinganini taxmin qilishdi, lekin u qachon olingani noma’lum.

«Internetda o‘tirgan va haqiqat va yolg‘onni ajrata olmaydigan barchaga toza havoda sayyor qilib, xayollarini bir joyga keltirib olishni maslahat beraman. Yomg‘ir juda tetiklashtiradi», — deyiladi videoga sharhda.

Qodirov ishtirok etgan va sanasini aniqlash mumkin bo‘lgan so‘nggi video 1 sentabr kuni tasvirga olingan. O‘shanda Checheniston rahbari maktab lineykasida ishtirok etgan. Sentyabr oyida e’lon qilingan qolgan videolarda Qodirov biror so‘z aytmagan, ular tushirilgan sanani ham aniqlab bo‘lmaydi.

Qodirovning salomatligi to‘g‘risidagi mish-mishlarni unga tegishli beznes-jyet yakshanba kuni kechqurun Grozniydan Moskvaga kelgani to‘g‘risidagi ma’lumot yanada kuchaytirdi. Sentyabr oyi boshidan buyon bu samolyot uch marta — 6, 9, 15 sentabr kunlari Grozniydan Moskva tomon uchgan. O‘z navbatida, VChK-OGPU telegram kanali o‘z manbasiga tayanib, 17 sentabr kuni ertalabdan Moskvadagi prezident ishlari boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxonaga Checheniston avtoraqamiga ega mashinalar kirib-chiqayotganini xabar qildi. «Bir soat ichida MKShga quyidagi «chechen» mashinalari kirib ketdi: ikkita qo‘riqchilar mashinasi qurshovidagi Maybax, Porsh Kayyen, to‘rtta Gelendvagen, ikkita BMW va h.k.», — deb yozdi telegram-kanal.

Jurnalist Aleksey Venediktov dushanba kuni Ramzon Qodirovda «tipik buyrak yetishmovchiligi borligi, shu sababli tez-tez gemodializ olishi kerakligi, MKShda aynan shu narsa ro‘y berayotgani»ni yozdi.

2023 yil yozida ham internetda Ramzon Qodirov og‘ir betobligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi. Bu haqda jumladan, chechen muxolifatchisi Tumso Abdurahmonov yozgandi. U Qodirov dializ bilan tirikligini ta’kidlagandi. Buni Ramzon Qodirov tezda rad etib chiqqandi. Bungacha mart oyida Germaniyaning Bild nashri Qodirovning salomatlik bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lganini xabar qilgan edi. Nashr so‘nggi oylar ichida u keskin vazn to‘plagani, «semirib ketgandek» ko‘rinayotgani, o‘z videolarida hattoki ko‘zini ochishga ham qiynalayotganini ta’kidlagan. Gazetaning qayd etishicha, Qodirov davolanish uchun BAAdan vrach chaqirgan, chunki u Moskvadagi vrachlarga ishonmaydi. Bild nashri Qodirov vaqti-vaqti bilan «stimulyatorlar sabab» serg‘ayrat va harakatchan ko‘rinishga ega bo‘lishi va go‘yoki u «stimulyatorlar va boshqa tabletkalarga bog‘lanib qolgan»ini ham qo‘shimcha qilgan.

Mavzuga oid