Jahon | 09:23 / 22.09.2023
7233
2 daqiqa o‘qiladi

Sergey Lavrov BMT bosh kotibi Guterrish bilan uchrashdi

Lavrov va Guterrish bir qator dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT shtab-kvartirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvda Ukrainadagi mojaro va AQSh majburiyatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Bu haqda bosh kotib matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Lavrov va Guterrish bir qator dolzarb masalalarni, jumladan, Ukrainadagi mojaro va AQShning jahon tashkiloti qarorgohidagi majburiyatlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi muzokaralar natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar an’anaviy ravishda eng dolzarb xalqaro muammolarga, shuningdek, Rossiya va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning turli jihatlariga e’tibor qaratgan.

«Guterrish BMT tuzilmalari vakillarini Ukraina inqirozi sharoitida siyosiylashgan tashabbuslarga jalb etilishining oldini olishga chaqirildi», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq, payshanba kuni Lavrov Yaman boshqaruv kengashi raisi, Misr, Tailand, Kuba, Braziliya, Saudiya Arabistoni, Mali, Burkina-Faso, Pokiston tashqi ishlar vazirlari va Sudan suveren kengashi rahbari bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid