Jahon | 18:51 / 06.10.2023
16228
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda uyushgan jinoiy guruhlarga nisbatan ommaviy reydlar o‘tkazildi 

72 kishi hibsga olindi, ular asosan chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida harakat qilgan. 

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi turli jinoiy guruhlarning 72 a’zosini qo‘lga oldi. 

«5 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasi politsiya bilan birgalikda va Bosh prokuratura hamkorligida Jyetisu, Jambil va Turkiston viloyatlarida maxsus operatsiya o‘tkazdi. Natijada 72 nafar jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Ular qurol-yarog‘ va giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash, tovlamachilik, noqonuniy migratsiya kanallarini tashkil etish va boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinmoqda», deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, guruhlar Xitoy chegarasidagi «Xorgos», O‘zbekiston chegarasidagi «Jibek jo‘li», Qirg‘iziston chegarasidagi «Korday Avto» nazorat-o‘tkazish punktlarida harakat qilgan.  

Tintuv chog‘ida qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, pul va giyohvand moddalar musodara qilingan. 

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qozog‘istonning uchta viloyatida yirik uyushgan jinoiy guruhlarni keng ko‘lamli qo‘lga olishni boshlagani avvalroq xabar qilingan edi. Tadbirlarga maxsus bo‘linmalar va texnika jalb qilingan.

Mavzuga oid