Jahon | 08:26 / 09.10.2023
5433
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya armiyasi Suriya shimolidagi KIP obektlariga hujum qildi

Turkiya Anqaradagi teraktga javoban Suriya shimoli va Iroqda Kurdiston ishchilar partiyasiga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. 

Foto: Baderkhan Ahmad/AP/picture alliance

Turkiya armiyasi Suriya shimolida Kurdiston ishchilar partiyasiga (KIP) qarshi havo operatsiyasini o‘tkazdi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi 8 oktyabr, yakshanba kuni xabar berdi.

Idora xabariga ko‘ra, harbiy amaliyot «KIP obektlari, jumladan, neft qazib olish bilan bog‘liq nishonlarga qarshi» qaratilgan. Reydda jami oltita obekt, jumladan, bunker va boshpana vayron qilingan. Mudofaa vazirligi aniq raqamlarni keltirmasdan, turk kuchlari «ko‘plab terrorchilarni» yo‘q qilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Shu bilan birga, Turkiya rasmiylari Anqaradagi Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida portlashdan so‘ng mamlakat ichida boshlangan aksilterror operatsiyasi doirasida 2554 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. «Biz qochoq jinoyatchilarning ko‘chalarimizni kezib yurishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz ularni qo‘lga olib, javobgarlikka tortishga qat’iy qaror qildik», - dedi Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Erlikaya. 

Turkiya Anqaradagi teraktga javoban KIP pozitsiyalariga zarba beryapti

Turkiya o‘tgan hafta davomida Suriya va Iroqdagi KIP obektlariga zarba berishda davom etdi. Harbiy harakatlar Anqaradagi portlashdan keyin boshlandi. Hujum uchun javobgarlikni KIP o‘z zimmasiga oldi. Turkiya hukumati Suriyaga quruqlikdagi qo‘shinlarni kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda, chunki hujum qilganlardan ikki nafari u yerdan kelgan. 

Oktyabr oyi boshida Anqara Iroq shimolida KIP tomonidan foydalanilgan g‘orlar, bunkerlar, boshpana va omborlardan iborat 20 ta obekt vayron qilingani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, mamlakat Mudofaa vazirligi aniq raqamlarni keltirmasdan, «ko‘p sonli terrorchilar» o‘ldirilgani haqida ma’lum qildi. 

Mavzuga oid