O‘zbekiston | 20:06 / 11.10.2023
20529
7 daqiqa o‘qiladi

Barchaning bo‘ynidagi mas’uliyat – ekologiya 

Orol fojiasi, moratoriyga qaramasdan daraxtlarni ayovsiz kesib tashlash, “Yashil makon” harakati doirasidagi ko‘zbo‘yamachiliklar, yashilliklar o‘rniga qurilishlar, Toshkentning havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatiga qo‘shilishi, buyoqda ko‘tarilgan “Botanika bog‘i” mashmashalari – umumiy kartinada O‘zbekistondagi ekologik holatning yomonlashayotgani haqidagi tasavvurlarni haqiqatga aylantiradi. O‘zbekistondagi yashilliklar haqida “gapirayotgan” raqamlar va real vaziyat bir-biriga qanchalik mutanosib? Kun.uz’ning bu galgi tahlili mana shu tafovutlar mavzusiga bag‘ishlanadi.

O‘rmonlarning umumiy maydoni qancha?

Raqamlarga yuzlansak, XX asr boshlaridan oxirgi 100 yillik ichida O‘zbekiston o‘rmonlarining maydoni 4-5 baravar qisqargan. Asosan to‘qayzorlar o‘zlashtirilib, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun ajratilgan. 1991 yilda o‘rmon fondi 5 mln 467 ming gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilga kelib, 10 mln 566 ming 392 gektar, 2022 yilda esa qariyb 12 mln gektarga yetgan. Bu miqdor butun O‘zbekiston Respublikasi hududining 26,7 foizi yoki to‘rtdan bir qismidan biroz oshadi. Lekin bu mamlakatning shuncha qismi yashil hudud degani emas. Chunki respublika o‘rmon xo‘jaliklarining asosiy qismi cho‘l hududlarini o‘z ichiga olib, shulardan atigi 3,4 mln gektar, aniqrog‘i, O‘zbekiston jami maydonining bor-yo‘g‘i 7 foizdan biroz ko‘prog‘i o‘rmon bilan qoplangan yashil hududlarga to‘g‘ri kelishini hisobga olish kerak. Ularning ham 821 ming gektarigina madaniy o‘rmonzorlar. Demak, mamlakat hududining atigi 2 foizi o‘rmon bilan qoplangan xolos

2030 yilga borib, o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga yetkazish nazarda tutilgani kishini biroz umidvor qiladi.

Yashil hududlar kengayganmi kamayganmi?

2021 yil so‘ngida “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilib, prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilib, respublika bo‘ylab ilmiy yondashuv asosida hududlar iqlimiga mos ko‘chatlar ekish masalasi qat’iy belgilab qo‘yildi. Lekin mustaqil O‘zbekiston tarixidagi bunday zarur va foydali umummiliy loyihani amalga oshirishda ham ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Olaylik:

•             2022 yilgi bahor mavsumi hisobotlarida respublika bo‘yicha jami 129,6 mln dona ko‘chat ekilgani yozilgan. Amalda esa ekilmagan 6,2 mln tup ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan, 3,4 mln tup ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan, 2,4 mln tup ko‘chat suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmagani sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo‘lgan, yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming tup ko‘chat yaroqsiz yerlarga ekilgan, 65 ming tupida ko‘chatlar orasida belgilangan masofa saqlanmagan, daraxt ekish ishlari tizimli tashkil etilmagan, sug‘orish va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar biriktirilmagan.

 

•             2023 yilning bahor mavsumida esa 127,7 million tup ko‘chat va qalamchalar ekilgan bo‘lib, bu belgilangan rejaga asosan 102,2 foizni tashkil qilgani aytiladi. Biroq ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, 2 milliondan ortiq ko‘chatlar soni hisobotlarga qo‘shib yozilgan, 1,8 million tup ko‘chatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar belgilanmagan, 7,3 million tup ko‘chat sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilgan va hokazo.

 

Mazkur statistikalarga tayanadigan bo‘lsak, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi taxminan 90 foiz, ya’ni 100 mlndan ortiq ko‘chatlarning kelajagiga ishonish mumkin, degan xulosaga kelamiz.

Kulranglashayotgan yashil Toshkent

Statistik raqamlar o‘z yo‘liga. Unda, asosan, qilingan ishlar haqida qog‘ozdagi raqamlar “gapiradi”. Yuqoridagi hisobotlarga ishonilsa, yaqin kelajak “yashil O‘zbekiston”ga aylanishi tabiiy. Ammo shu paytga qadar qilinmagan ishlar va mavjud vaziyat haqidagi dalillarni hech narsa oqlay olmaydi. Quyida 1992, 2002 va 2022 yillardagi Toshkent shahrining kosmosdan ko‘rinishi aks etgan suratlarda yashil hududlarni yo‘q qilish evaziga shahar qurish ortidan yashilligi boy berilgan poytaxtni ko‘rish mumkin. 

Toshkentning so‘nggi yillarda eng iflos shaharlar ro‘yxatidan tushmay kelayotgani ham aynan uning qurbon qilin(ayot)gan ekologiyasi hisobiga ekanini unutmaslik lozim. Daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilindi – bu tartibni chetlab o‘tayotgan “daraxtkushlar” o‘z ishini qilaverishdi; 2023 yil Toshkent shahrida yangi qurilishlarga ham moratoriy joriy qilish masalasi haqida gapirildi. Bu orqali joriy yilda Toshkentdagi 26,8 foizli yashillik darajasini 28 foizga chiqarish maqsad qilingan. Lekin yashillanishning kamayib ketishi faqat poytaxt emas, butun respublika hududlarining asl muammosi ekani, biroq bu haqda mas’ullar-u fuqarolar deyarli qayg‘urmayotgani juda achinarli.

 Oshdan ko‘ra daraxt rekordi

Tonnalab osh damlab rekord o‘rnatishga uringandan ko‘ra, gektarlab yerlarni ko‘kalamzorlashtirish orqali rekord o‘rnatish maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, – deya og‘riqli masalaga shunday munosabat bildirgandi 2019 yilda o‘sha paytdagi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov. 

Fojiamiz faqat Orol emas. Undan xulosa olib, kech bo‘lmasidan uyg‘onishimiz kerak! Cho‘llashish, suv tanqisligi, global isish, buzuq ekologiya sabab paydo bo‘ladigan kasalliklar kabi dunyoviy muammolarning ichki masalalarida bizning loqaydligimiz ham katta sabab aslida. Mamlakatimiz ekologiyasini asrash faqat hukumat gardaniga tashlab qo‘yilmaydigan, barchamiz birdek ogoh, sergak va bahamjihat bo‘lishimiz shart bo‘lgan mas’uliyat ekanini unutib qo‘ymaylik.

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.

Mavzuga oid