Jahon | 23:30 / 13.10.2023
13620
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS g‘azoliklarni hududni tark etmaslikka chaqirdi 

Avvalroq, Isroil armiyasi G‘azo aholisini «xavfsizlik maqsadida» hududni tark etib, janubga ko‘chib o‘tishga chaqirgan edi. HAMAS buni «psixologik urush»ning bir qismi deb atadi. 

Foto: AFP

HAMAS yetakchilari g‘azoliklar Isroil mudofaa kuchlarining shaharni evakuatsiya qilish chaqirig‘iga e’tibor bermasliklari kerakligini aytdi, deb yozdi The Times of Israel. 

«Okkupatsiya ma’muriyati fuqarolar o‘rtasida sarosima uyg‘otish va ichki frontimiz barqarorligiga putur yetkazish maqsadida turli yo‘llar bilan yolg‘on targ‘ibotni tarqatishga va ko‘paytirishga harakat qilmoqda», deyiladi HAMAS matbuot kotibi Salom Ma’ruf bayonotida. Shuningdek, u aholini tashviqotga ishonmaslikka chaqirib, xalqaro tashkilotlar o‘z xodimlarini evakuatsiya qilmaganini aytdi. 

O‘z navbatida, HAMAS tashkilotining qochqinlar agentligi aholiga «uyda qolishni va okkupatsiya hokimiyati tomonidan olib borilayotgan jirkanch psixologik urushga qarshi turishni» tavsiya qildi. 

Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagariy HAMAS bayonotini izohlar ekan, jangarilar tinch aholidan foydalanib, ularni xavf ostiga qo‘yayotganini aytdi. 

«Evakuatsiya qilinmaganlar bilan nima yuz berishi mumkinligi uchun javobgarlik HAMAS zimmasiga tushadi», dedi u. 

The Times of Israel ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan G‘azo fuqarosiga tayanib yozishicha, HAMAS tinch aholini evakuatsiya qilinishiga bevosita to‘sqinlik qilmoqda. 

«Ular mashinalari tomon yurgan odamlarni ko‘rganida, ularni orqaga qaytishga majbur qilishadi», dedi manba. Uning qo‘shimcha qilishicha, g‘azoliklarning ko‘pchiligi ketishga tayyor emas, chunki ular anklav janubida o‘zini nima kutayotganini bilishmaydi. 

Shu bilan birga, G‘azodagi Al-Jazeera muxbirining xabar berishicha, ayrim odamlar hali ham shaharni tark etish niyatida. Ular o‘z narsalarini yig‘ishtirib, har qanday transportda ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Avvalroq, Isroil Mudofaa kuchlari G‘azo sektori tinch aholisini o‘z xavfsizligi uchun mintaqa janubiga ko‘chib o‘tishga chaqirgan, TsAXAL shaharda «faol harakat qilishini» va tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha choralarni ko‘rishga va’da bergan edi. 

O‘z navbatida, BMT bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik Isroil Mudofaa vazirligi va TsAXAL 1,1 million g‘azolikni 24 soat ichida janubga ko‘chib o‘tishi talabi haqida tashkilotni xabardor qilganini aytdi. 

Dyujarrikning ta’kidlashicha, BMT «bunday ko‘chishni halokatli gumanitar oqibatlarsiz imkonsiz deb biladi». «Biz bu bir necha kun davom etishini tushunamiz», dedi TsAXAL vakili Daniel Xagariy bu so‘zlarga javoban.

Mavzuga oid