Jahon | 22:17 / 13.10.2023
10780
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo aholisini 24 soat ichida mintaqa janubiga ko‘chib o‘tishga chaqirdi 

BMT ushbu chaqiruvni «gumanitar halokatga olib keladi» deb hisoblamoqda. 

Foto: TASS

Isroil Mudofaa kuchlari G‘azo sektori tinch aholisini o‘z xavfsizligi uchun mintaqa janubiga ko‘chib o‘tishga chaqirdi. TsAXAL shaharda «faol harakat qilishini» va tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun barcha choralarni ko‘rishga va’da berdi. 

«HAMAS terrorchilari G‘azo shahrida uylar ostidagi tunnellarda va begunoh aholi yashaydigan binolar ichida yashiringan. G‘azo shahri tinch aholisi, o‘z xavfsizligingiz va oilangiz xavfsizligi uchun janubga ko‘chib o‘ting va sizdan tirik qalqon sifatida foydalanayotgan HAMAS terrorchilaridan uzoqlashing», deyiladi murojaatda. 

BMT bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrik so‘zlariga ko‘ra, Isroil Mudofaa vazirligi va TsAXAL 1,1 million g‘azolikni 24 soat ichida janubga ko‘chib o‘tishi talabi haqida tashkilotni xabardor qilgan. Ushbu talab BMT xodimlari va tashkilot muassasalarida, jumladan, maktab va shifoxonalarda yashirinib yurgan odamlarga ham tegishli. 

Dyujarrikning ta’kidlashicha, BMT «bunday ko‘chishni halokatli gumanitar oqibatlarsiz imkonsiz deb biladi». «Biz bu bir necha kun davom etishini tushunamiz», dedi TsAXAL vakili Daniel Xagariy bu so‘zlarga javoban. Uning qayd qilishicha, harbiylar evakuatsiya haqidagi chaqiruvni aloqa kanallari orqali arab tilida ham uzatmoqda. 

Mavzuga oid