Jahon | 10:03 / 14.10.2023
10546
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi: Isroil atrofidagi mojaro Livanga ham tarqalishi mumkin

Reuters operatorining Livanda o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lishi mintaqada Isroil va falastinliklar o‘rtasidagi mojaro chegaralarini kengaytirish xavfi yuqori ekanligini ko‘rsatadi, deydi Antoniu Guterrish.

Foto: Reuters

Reuters agentligining fotosuratchisi va videooperatori Issam Abdullohning Livan janubida ishlayotgan vaqtida o‘limi Isroil va Falastinning HAMAS guruhi o‘rtasidagi mojaro Livanga tarqalib ketishi xavfi katta ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu haqda 13 oktyabr, juma kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonot berdi.

Shu kuni AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili jurnalistlarning so‘roviga binoan Reuters xodimining o‘limi haqidagi xabarni izohlar ekan, Davlat departamenti «Livanda jurnalistlarning o‘limi haqidagi xabarlardan xabardor» ekani va hukumat rasmiylari ushbu mavzu bo‘yicha ma’lumot to‘plash ustida ish olib borayotganini bildirdi.

13 oktyabr kuni AFP agentligi Livandagi turli ommaviy axborot vositalari xodimlari guruhining o‘qqa tutilishi natijasida AFP, Al-Jazeera va Reuters agentliklarining ikki nafardan jurnalisti yaralangani haqida xabar bergan edi. Otishmani aynan kim amalga oshirgani aytilmagan.

G‘azoga insonparvarlik yordami uchun chaqiruv

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 13 oktyabr oqshomida Nyu-Yorkda jurnalistlar bilan suhbatda G‘azo sektori aholisiga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yetkazishga chaqirdi. Falastin-Isroil mojarosiga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashining yopiq yig‘ilishida ishtirok etishdan oldin u: «urushlarning ham qonun-qoidalari bor», deb ta’kidladi.

Shu bilan birga, Guterrish Isroilning G‘azo sektorining shimoliy qismlarini evakuatsiya qilish haqidagi chaqirig‘iga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining ta’kidlashicha, aholi zich joylashgan hududdagi 1,1 millionga yaqin odamga ta’sir qiladigan bunday harakat «o‘ta xavfli va ba’zi hollarda imkonsizdir».

Shu bilan birga, Guterrish HAMAS tomonidan garovga olingan barcha shaxslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi va antisemitizm, musulmonlarga qarshi mutaassiblik va falastinliklar hamda Isroil o‘rtasidagi mojaro tufayli yuzaga kelgan barcha ko‘rinishdagi nafratning og‘zaki ifodalarini qoraladi.

G‘azoda tinch aholi orasida qurbonlar

11 oktyabr kuni xalqaro siyosat bo‘yicha ekspert va Myunxendagi Bundesver universiteti professori Karlo Masala DW nashriga bergan intervyusida TsAXAL «yaqin soatlar yoki kunlar ichida» G‘azoga quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborishni boshlashiga ishonch bildirdi.

Shu bilan birga, u Isroil G‘azodagi «tinch aholini himoya qilish» uchun ishlarni amalga oshirganiga e’tibor qaratdi, biroq, operatsiya shartlaridan kelib chiqqan holda, aholi orasida talafotlardan qochishning imkoni bo‘lmasligi aytildi.

Mavzuga oid