Bolaga zo‘ravonlikning 6 turi, himoya orderi va boshqalar: yangi qonun loyihasida nimalar ko‘zda tutilgan?
Tarbiya va ta’lim berishda jismoniy jazo qo‘llash taqiqlanishi kutilmoqda. Zo‘ravonlikka uchragan bolalar 24 soat ichida himoya orderi olishi mumkin bo‘ladi. Zo‘ravonlar tuzatish dasturlariga jalb qilinadi. Bolalarga jinsiy tajovuz qilganlarning huquqlari cheklanadi.
12 oktyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyiha Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan.
Kun.uz loyihaning muhim jihatlariga e’tibor qaratdi.
Hujjatda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning turlari – jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilarga ta’rif berilgan. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini sodir etish taqiqlanadi hamda qonunga binoan ta’qib qilinadi.
Bulling deganda – bir guruh bolalar yoki bir bolaning boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan, xususan, zo‘ravonlik qurboniga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanish, u bilan har qanday muloqotni cheklab qo‘yish (boykot qilish), uning mol-mulkini qo‘lga kiritish va (yoki) zarar yetkazish, uning o‘ziga xos jismoniy, psixologik yoki intellektual xususiyatlarini ommaviy muhokama qilish, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish yoki sog‘lig‘i va hayotiga ziyon yetkazishda ifodalangan, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlari va internet orqali amalga oshiriladigan muttasil psixologik va (yoki) jismoniy tajovuzkor harakat tushuniladi.
Loyihada sohadagi vakolatli organ sifatida prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatilgan.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
- zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyaga ega bo‘lish;
- o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani, tahdid qilingani yuzasidan ariza berish yoki sudga murojaat etish;
- barcha turdagi bepul taqdim etiladigan maslahatlardan foydalanish;
- himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;
- sodir etilgan zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilishi mumkin.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi, ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslar, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatiga quyidagi davlat organlari va tashkilotlari bevosita mas’uldir: hukumat, Bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi; prokuratura organlari, ichki ishlar organlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi; mahalliy hokimiyat organlari va boshqalar.
Loyihada ko‘rsatilishicha, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtiriladi. Milliy komissiyaning sohaga doir o‘nlab vakolatlari bor. Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi hisoblanadi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda quyidagi chora-tadbirlar ko‘riladi:
- himoya orderini berish;
- zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va shunday xavf ostidagi bola uchun yordam;
- jabrlanuvchining oilalarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash;
- bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;
- zo‘ravonlik xulqini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;
- jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
- jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
- zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining bevosita aniqlanishi;
- OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlar xabarlari;
- davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan ma’lumotlar.
Ijtimoiy himoya agentligi zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish, maslahat berish maqsadlarida butun O‘zbekiston hududida tun-u kun ishlaydigan, bepul telefon liniyasi tarmog‘i (ishonch telefoni) ishlab turishini ta’minlaydi. Telefon liniyasi tarmog‘i maxfiylikka rioya etgan holda faoliyat ko‘rsatadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, quyidagilar zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar deb hisoblanadi:
- yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
- hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoxud ta’minlash, tarbiyalash talablariga javob bermaydigan sharoitdagilar;
- ota-onasi yashash joyi bo‘yicha vaqtincha bo‘lmaganda yoki ularning ota-onalik majburiyatini vaqtincha bajara olmasligi davrida vasiy yoki homiy tayinlanmaganlar;
- nazoratsiz yoki qarovsiz qolganlar, ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lganlar, nogironligi bo‘lganlar;
- otasi yoki onasi ruhiy kasalliklar dispanseri yoxud narkologiya muassasalarida hisobda turganlar;
- ota-onasiga yoki ulardan biriga qamoqqa olish, ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanganlar;
- otasi yoki onasi JK va MJtKning belgilangan ayrim moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar;
- g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar, fohishalik bilan shug‘ullanayotganlar va vakolatli organ tomonidan aniqlanadigan boshqa toifadagi bolalar.
Agar bu qonun qabul qilinib, kuchga kirsa, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi organlar, barcha davlat tashkilotlari, sudlar, jismoniy va yuridik shaxslar zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalar haqidagi faktlar aniqlangan taqdirda Ijtimoiy himoya agentligi va IIOga darhol xabar qilishi shart bo‘ladi. Ichki ishlar organlari esa zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘radi, bu haqda agentlikka xabar beradi.
Himoya orderi
Himoya orderi vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi. Zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga himoya orderining nusxasi beriladi.
Agentlik holat yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida vaziyatni baholab, natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki rad etadi. Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va bu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Agar xavf hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, uning amal qilish muddati JIB sud tomonidan ko‘pi bilan 1 yilgacha muddatga uzaytirilishi mumkin.
Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:
- tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;
- zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash;
- jabrlanuvchi hamda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini taqiqlash;
- zo‘ravonlik sodir etgan shaxsning qurolni saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi davrida cheklash yoki boshqalar.
Shuningdek, himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish masalasini hal qilishda, sud boshqa cheklovlarni ham qo‘llashga haqli.
Himoya orderiga zo‘ravonlik sodir etgan shaxs tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini davolash xarajatlari, yetkazilgan moddiy zarar va ma’naviy ziyon o‘rnini qoplash majburiyati ham kiritiladi.
Himoya orderini berish vaqtida jinoyat alomatlari aniqlansa, materiallar bir vaqtning o‘zida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
Jinsiy zo‘ravonliklar
Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda qo‘llangan jazosi yoki boshqa holatlardan (amnistiya, afv) qat’i nazar, jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Bunday shaxslarning reyestri yuritiladi, ular reyestrda bo‘lgan davrda ichki ishlar organlari tomonidan profilaktik hisobga olinadi. Reyestrga kiritilgan shaxslar yashash joyi va ish joyini o‘zgartirganda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga xabar berishlari shart.
Tarbiya berishda jismoniy jazo taqiqlanadi
Qonun loyihasining 42-moddasiga ko‘ra, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga ham bir qancha mas’uliyatlar yuklatilgan.
Xususan, ular bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, bolaga o‘z burchlari, huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini hurmat qilishni tushuntirishi kerak.
Bolalarni pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi axborotdan himoya qilish choralarini ko‘radi. Shuningdek, ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchilar bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolashi taqiqlanadi.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida ham intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikning har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vakolatli organ bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olishga haqli deb belgilanishi mumkin.
Zo‘ravonlik sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturiga jalb qilish taklif etilmoqda.
Fuqarolar qonun loyihasi bilan to‘liq tarzda normativ hujjatlar muhokamasi portalida tanishib chiqib, o‘z takliflarini berishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi 27 oktyabrga qadar davom etadi. Shundan keyin loyiha parlament tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Mavzuga oid
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
16:55 / 15.11.2024
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
22:39 / 13.11.2024