O‘zbekiston | 15:49 / 18.10.2023
9924
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun Samarqand shahri kuni nishonlanmoqda - fotolar

18 oktyabr – Samarqand shahri kuni munosabati bilan shu kunlarda jahon turizm poytaxti maqomida bo‘lib turgan ko‘hna shaharda turli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

An’anaviy tarzda shahar kuni jamoatchilik ishtirokida sohibqiron Amir Temur maqbarasida Qur’on tilovati bilan boshlandi va sarkardaga ehtirom ko‘rsatildi.

 

 Turizm sohasi tobora yuksalib borayotgan shaharda yangi qurilib ishga tushirilgan «Marjona» va «Sulton» mehmonxonalarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Kun davomida Samarqand shahri kuni munosabati bilan Alisher Navoiy ko‘chasida tashkilot va muassasalar o‘rtasida «Eng yaxshi ko‘rgazma tashkillashtirgan jamoa» tanlovi o‘tkazildi.

Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasida esa «Made in Uzbekistan» shiori ostida oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkillashtirildi.

 

Shahar markazidagi Marmar dehqon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Shuningdek, shaharliklar va mehmonlar uchun «Mo‘jiza» amfiteatrida hamda Kimyogarlar qo‘rg‘onida joylashgan «Nurafshon» madaniyat saroyida konsert dasturlari tashkillashtirildi.

 

Kechqurun soat 18:00 da Qorasuv maskanidagi «Yangi O‘zbekiston bog‘i»da shahar kuniga bag‘ishlangan katta konsert dasturi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qadimiy shaharning yuragi Registon maydonida esa soat 20:30 da samarqandliklar va shahar mehmonlari uchun bayram munosabati bilan 3D-mapping formatida lazer shousi to‘liq namoyish etiladi.

Samarqandda shahar kuni munosabati bilan soat 08:00 dan 16:00 gacha jamoat transporti bepul harakatlanadi. Shuningdek, tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylar va davlat muzeylariga kirish ham tashrifchilar uchun bepul qilingan.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Fotolar muallifi: Baxtiyor Mustanov

Mavzuga oid