Prezident hokimlarga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirishni buyurdi
Bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini «yashil energiya»ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 oktyabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda qayd qilinishicha, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so‘m, Namanganda qariyb 3 ming so‘mni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 so‘mni tashkil qiladi. Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo‘yicha o‘rtacha 27 foiz. Lekin Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich yuqori.
O‘zbekistonda muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Lekin, yiliga 880 million kilovatt-soat elektr iste’mol qiladigan suv ta’minoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emas.
Davlat rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo‘yar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini «yashil energiya»ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi. Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.
Suv bo‘yicha loyihalar qiymatini qayta ko‘rib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilish belgilandi. Loyihaga qancha mablag‘ ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Yig‘ilishda bog‘ va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Viloyatlarda yil yakunigacha 92 ming gektarga to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekish, bunga urug‘lik va suv yetkazib berish chora-tadbirlari belgilandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari iqlimga mos ekin turlari, agrotexnikasi bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berib boradi.
Belgilangan chora-tadbirlar suv xo‘jaligi sohasining barqaror ishlashi va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga, pirovardida halqimiz farovonligini oshirishga qaratilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Mavzuga oid
11:31 / 18.11.2024
Xitoy O‘zbekistonda oziq-ovqat va asbob-uskunalar ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqyapti
13:41 / 02.11.2024
Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
10:59 / 20.10.2024