Jahon | 08:44 / 30.10.2023
8021
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda konda halok bo‘lganlar soni 46 kishiga yetdi

Kostenko konidagi avariya oqibatida halok bo‘lganlar soni 46 kishiga yetdi. 28 oktyabr kuni ertalab konda metan portlashi sodir bo‘lgandi.

Foto: Str/AFP/Getty Images

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko konida sodir bo‘lgan avariya natijasida halok bo‘lganlar soni 46 kishiga yetdi, deb xabar berdi 29 oktyabr, yakshanba kuni respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Avvalroq 35 qurbon haqida xabar berilgan edi. 29 kishining jasadi yer yuzasiga chiqarildi. Yana bir konchini qidirish davom etmoqda. Favqulodda qutqaruv ishlariga 10 ta kon-qutqaruv guruhi jalb etilgan.

28 oktyabrga o‘tar kechasi konda metan portlashi sodir bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan paytda konda 252 kishi bo‘lgan, 205 konchi mustaqil ravishda yer yuzasiga ko‘tarilgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Sirim Sharipxonovning aytishicha, qolgan odamlarni topish imkoniyati juda kichik, ammo qutqaruvchilar hamon bunga umid qilmoqda.

Konning davlat mulkiga o‘tkazilishi

Kon «ArselorMittal Temirtau» AJga tegishli. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatga ushbu kompaniya bilan sarmoyaviy hamkorlikni to‘xtatishni topshirdi. Vazirlar mahkamasi matbuot xizmati Qozog‘iston hukumati korxonaga egalik huquqini davlat foydasiga o‘tkazish bo‘yicha kompaniya bilan kelishuvni yakunlayotganini ma’lum qildi. «ArselorMittal Temirtau»ning barcha konlari ishi to‘xtatildi.

Bosh prokuratura tomonidan konlarni qazib olishda xavfsizlik qoidalarini buzish (Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi) moddasi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlandi. Voqea sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi tuzildi.

To‘qayev halok bo‘lgan konchilarning yaqinlari bilan uchrashib, ularga barcha zarur yordamni ko‘rsatishga va’da berdi. U 29 oktyabrni Qozog‘istonda motam kuni deb e’lon qildi. Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Fransiya va O‘zbekiston prezidentlari hamda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi konchilar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

«ArselorMittal» konlaridagi avariyalar

«ArselorMittal Temirtau» AJ ArcelorMittal xalqaro po‘lat konserni tarkibiga kiradi va Qozog‘istondagi 15 ta ko‘mir va temir ruda konlariga egalik qiladi. Kompaniya obektlarida favqulodda vaziyatlar, jumladan, odamlarning halok bo‘lishi bir necha marta sodir bo‘lgan.

Shu tariqa, 17 avgust kuni «Kazaxstanskaya» konida konveyer lentasi yonib ketdi. O‘sha paytda konda 227 kishi bo‘lgan, ulardan 222 nafari evakuatsiya qilingan, 13 kishi jarohatlangan va besh kishi halok bo‘lgan. «Kazaxstanskaya» konidagi yong‘in haligacha o‘chirilmagan. 27 avgust kuni «Saranskaya» konida yong‘in sodir bo‘ldi, qurbonlar yo‘q. 

Qozog‘iston prezidenti To‘qayev o‘sha vaqtda «xorijiy kompaniyaga tegishli korxonalarda baxtsiz hodisalarning davom etishi uning investitsiya va boshqa majburiyatlari jiddiy buzilganidan dalolat beradi, bu esa keyinchalik Qozog‘iston bozorida bo‘lishi uchun tegishli oqibatlarga olib keladi», degandi. 

Mavzuga oid