Jahon | 08:32 / 01.11.2023
3904
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: 18 million ukrainalik insonparvarlik yordamiga muhtoj

Ukraina aholisining 40 foizi hamon humanitar yordamga muhtoj va buni unutmaslik kerak, deya ma’lum qildi BMT.

Foto: Andriy Andriyenko/Zuma/picture alliance

Ukrainada 18 millionga yaqin odam humanitar yordamga muhtoj va qish yaqinlashgani sari vaziyat yanada yomonlashadi, dedi 31 oktyabr, seshanba kuni BMTning Humanitar masalalar bo‘yicha boshqarmasi muvofiqlashtirish bo‘yicha direktori Ramesh Rajasingxam.

Rajasingxamning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida «Ukrainaning yordamga bo‘lgan ulkan ehtiyojini unutmaslik» muhim. Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning muhim infratuzilmasiga yetkazgan keng ko‘lamli zarari fuqarolarning elektr, issiqlik, suv va aloqa xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklanganini anglatadi, dedi Rajasingxam. 

Ukraina yangi qishga hozirlik ko‘rmoqda 

Ukraina aholisining 40 foizi humanitar yordamga bog‘liq. Bu qishda kutilayotgan qattiq sovuq hisobga olinsa, vaziyat «o‘ta xavotirli», deya qo‘shimcha qildi BMT boshqarmasi direktori. Tashkilot, ayniqsa, Rossiya tomonidan egallab olingan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlaridagi qariyb to‘rt million aholining ahvoliga e’tibor qaratdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining idorasi ishg‘ol ostidagi «mahalliy xalq bilan to‘liq aloqa o‘rnata olmayapti», deya tushuntirdi Rajasingxam. 

Bir kun oldin haftalik Time jurnali Ukrainada prezident Volodimir Zelenskiy jamoasidagi vaziyatni baholashga bag‘ishlangan maqola chop etdi. Ukraina infratuzilmasini qishki sovuqqa tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan uch yuqori martabali amaldor Time nashriga kelgusi qishda elektr ta’minotidagi uzilishlar o‘tgan yilgidan ham yomonroq bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

Mavzuga oid